O‘zbekiston | 08:38 / 10.11.2022
55044
11 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda 15 yoshli o‘smir IIB muassasasida o‘ldi: Voqea tafsilotlari nega yashirilmoqda?

Savdo majmuasidan jami 17 ming so‘mlik qurut va ichimlik olib pulini to‘lamay chiqib ketgani uchun IIBning Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlar markaziga olib ketilgan 15 yoshli Ravshanbek Abdusattorov “hibs” etilgan muassasada sirli tarzda o‘lim topdi. Shubhali tomoni mash’um hodisa ancha vaqt marhumning yaqinlaridan sir tutilgan.

16 oktyabr kuni Ravshanbek Abdusattorov Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida joylashgan «Ansor» savdo majmuasidan 17 ming so‘mlik qurut va energetik ichimlikni olib, pulini to‘lamasdan chiqmoqchi bo‘lgan. Buni kuzatib turgan nazoratchilar IIBga xabar bergan. Shundan so‘ng o‘smirni savdo majmuasidan IIB xodimlari olib ketishgan. Ravshanbek Abdusattorov avvaliga Buvayda tuman IIBga, keyin esa Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borilgan.

18 oktyabr kuni bolaning murdasi yaqinlariga berilgan. Kun.uz muxbiri sirli o‘lim bilan bog‘liq holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib bordi.

Marhumning tog‘asi Po‘latjon Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, jiyani kaltak zarbidan momataloq bo‘lib ketgan.

Po‘latjon Qo‘chqorov

«Yakkayu yolg‘iz singlim bor. U Oltiariq tumaniga turmushga chiqib ajrab kelgan. Ravshanjon singlimning bittayu bitta o‘g‘li edi. Bu jiyanimni onam bilan opichlab katta qilgan edik.

«Uchastkavoy»lar jiyanimni Voyaga yetmaganlar markaziga olib borib, uni tuni bilan uxlatishmagan. Bolani urib o‘ldirib qo‘yishgan. Onasi markazga borganida bolangiz uxlab qoldi, ertasi kuni o‘zimiz olib borib beramiz, deyishgan.

Marhum suratda chapdan ikkinchisi

Asosiy gumonim ichki ishlar xodimlaridan. Ular Ravshanbekni urib o‘ldirib, markazda tarbiyalanayotgan bolalarni bo‘yniga ilib qo‘yishmoqda. Jiyanimni urib o‘ldirishda ayblanayotgan bolalarni ko‘rsatishlarini so‘raganimda negadir ular o‘zlarini olib qochishyapti. Ravshanbekni qiynab o‘ldirganlarga qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rayman.

Marhum yashagan xonadon

Jiyanimning o‘lik holatini ko‘rish g‘oyat qo‘rqinchli. Uni kaltaklayverib majaqlab tashlashgan. Orqa tomoni shilingan, yuz qismlari yorilib ketgan. Bitta tovug‘ingiz o‘lsa qanchalik qayg‘urasiz. Biz bu bolani otasiz 15 yil katta qilgan edik.

Onasi 45 yoshga kirdi. Endi buning onasini kim boqadi?» – deydi u.

«O‘g‘limni o‘ldirib qo‘yishib, buni mendan yashirishdi»

Zaynabxon Qo‘chqorova. Marhumning onasi

«2007 yilda oilam buzilib, o‘g‘lim Ravshanbek chaqaloqligida ota uyimga qaytib kelganman. Bolamni yolg‘iz boshim bilan otasiz katta qildim. Farzand katta qilish oson bo‘lmadi. Bolam o‘gay ota qo‘lida qolmasin deb boshqa ro‘zg‘or qilmadim. 9-sinfda o‘qiyotgan o‘g‘limni maktabdan keyin hunar o‘rgansin deb mebel ustasiga shogirdlikka berdim.

16 oktyabr yakshanba kuni paxta terimiga chiqib ketgandim. O‘g‘lim shu kuni mebel sexiga ishga kirib chiqqach velosipediga minib, «Ansor» do‘koniga borgan. Ravshanbek ishxonasida buyurtma ko‘payib ketganida ko‘pincha o‘sha yerda qolib ertasi kuni uyga kelardi. U 16 oktyabr kuni uyga kelmadi. Har doimgidek ishxonasida qolgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.

Ertasiga — 17 oktyabr kuni ustasiga qo‘ng‘iroq qilganimda o‘g‘lim ishxonada qolmaganini aytdi. Shundan keyin uni qidirishga tushdik. Kechki payt soat 21:30 larda uchastkavoy qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘lim voyaga yetmaganlarni nazorat qilish markazida ekani, ular telefon raqamimni so‘rashayotganini aytdi. Markazdan qo‘ng‘iroq bo‘lib o‘g‘limning sog‘ligida muammo bor-yo‘qligi haqida so‘rashdi. Bir ozdan keyin aynan o‘sha markazdan bir ayol va erkak uyga keldi. Ular bilan birga markazga bordim. Xodim meni tashqarida qoldirib, o‘zi ichkariga kirib ketdi va oradan 2 soat o‘tib qaytib chiqdi. O‘sha paytda o‘g‘lim omonatini topshirib bo‘lgan ekan. Buni mendan yashirishgan.

Iltimosimga qaramay bolamni ko‘rsatishmadi. Markaz boshlig‘i tunda 01:00 larda kirib keldi. Bolangiz uxlayapti, ertasi kuni ertalab soat 8:00 larda o‘zimiz uyingizga mashina jo‘natamiz, bolangizni o‘shanda kelib olib ketasiz, deb aldab jo‘natishdi.

Ertasi kuni va’da qilingan mashina kelmadi. Sabrim chidamay markaz tomon yo‘lga chiqdim. Shaharga yetgan paytimda akamlarga qo‘ng‘iroq bo‘lib bola morgda ekani murdani yorishdan avval kelib ko‘rishlari aytishibdi.

Tunlari uyqum yo‘q. O‘g‘lim qanday qilib o‘zgalar qo‘lida jon berganini o‘ylasam, o‘zimni qo‘yarga joy topa olmayapman. Puli yo‘q, yolg‘iz onalar farzandi o‘ldiriladigan davlatda yashayotganimdan afsusdaman. Yolg‘iz o‘g‘lim o‘limida aybdorlar topilib, jazolanishini talab qilaman», – deydi marhumning onasi.

Marhumning bobosi Tursunali Qo‘chqorov izsiz g‘oyib bo‘lgan nabirasini qidirib bormagan joyi qolmagan

Tursunali Qo‘chqorov

«Nabiram yo‘qolib qolgach IIBga bordim. U yerda yo‘qligini aytishdi. Ertasi kuni yana IIBga bordim. Ravshanbek nom-nishonsiz ketgan edi. Oradan bir kun o‘tib morgdan uning o‘ligini olib chiqishdi. Yuvoshga kun yo‘q, deb bekorga aytishmagan ekan. Nabiram otasiz ulg‘aygani uchunmi odamovi, juda yuvosh va sodda bola edi», — deydi u.

Anvarjon Muxtorov

Mebel sexi rahbari Anvarjon Muxtorov marhum Ravshanbek 2 yildan beri qo‘l ostida ishlayotgani, mebel yasash qo‘lidan kelib qolgani, shogirdi yuvosh, kamsuqum bola ekanini ta’kidladi.

Marhum ishlagan mebel sexi
Marhum ishlagan mebel sexi

Uning qo‘shimcha qilishicha, bola otasiz o‘sayotgani uchun onasiga yordam berish maqsadida hunar o‘rganayotgan bo‘lgan. 17 oktyabr kuni shogirdi soat 10:00 larda ustaxonani tozalab qo‘yib, uyiga ketgan.

Qo‘qon shahar Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga mudhish hodisa tafsilotlarini so‘roqlab borganimizda Kun.uzdan kelganimizni bilgan xodim ichkaridan turib eshikni ochmay markaz rahbariga bu haqda xabar berishini aytdi.

Oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, eshik ochilmadi. Eshik qo‘ng‘irog‘i takror va takror bosilganida eshik tuynugidan xodimlardan biri chiqib, markaz rahbari ish joyida emasligini aytdi. Ichkaridan eshikni ochishga harakat bo‘lmadi.

Farzand dog‘ida ado-yu tamom bo‘lgan marhumning onasi va tog‘asi ichkariga kirish uchun markaz darvozasini tashqari tomondan itara boshladi. Darvoza qulfi ichkaridan sinib darvoza ochildi va ichkariga kirdik. Xodimlardan biri Kun.uz muxbirini darvozani buzib kirishda bosh aybdor sanadi.

Eng qizig‘i, ichkaridan bizni kameradan kuzatib turgan xodimlar markazda hech kim yo‘qligi, rahbar bilan bir qatorda barcha xodimlar almashganligiga ishontirmoqchi bo‘lishdi. Holat bo‘yicha izoh olish har doimgidek besamar ketdi.

Shundan so‘ng marhum mahsulot olib pulini to‘lamay chiqib ketgan «Ansor» savdo markaziga bordik. O‘zini markaz ish boshqaruvchisi yordamchisi deb tanishtirgan Husanjon G‘ofurov o‘g‘irlik bilan bog‘liq voqeani quyidagicha izohladi:

Husanjon G‘ofurov

«16 oktyabr kuni savdo markazimizga mijoz bo‘lib kirgan o‘smir bir dona energetika ichimligi va bir dona qurut olib pulini to‘lamay tashqariga chiqib ketayotgan paytda nazoratchilar tomonidan to‘xtatilib, holat bo‘yicha tuman IIB ga xabar berdik.

Puli to‘lanmay olib chiqib ketilgan 5 000 so‘mlik qurut
Puli to‘lanmay olib chiqib ketilgan 12 000 so‘mlik energetik ichimlik

Kameradan holatga oydinlik kiritganimizdan keyin markazga tegishli IIB inspektorlarini chaqirdik. Bolani olib ketishdi», – deydi u.

Marhum qanday holatda IIBga olib ketildi? U Qo‘qon shahar Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borilganida bolaning holati qanday bo‘lgani haqida ma’lumot olish uchun Buvayda tuman IIBga bordik.

O‘zini IIB boshlig‘i o‘rinbosari deb tanishtirgan xodim kutilganidek holat bo‘yicha izoh bera olmasligi, barcha ma’lumotlar faqatgina viloyat IIB axborot xizmati orqali olinishi haqida aytdi. Hattoki ichki ishlar binosini suratga olish mumkin emasligini alohida ta’kidladi.

Farg‘ona viloyati ichki ishlar idoralari binosida fuqarolarning o‘lik holatda chiqishi keyingi paytlarda jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Avvaliga Quvasoy shahrida 60 yoshli fuqaro shubhali tarzda IIB xodimlarining qo‘lida jon berdi. 8 noyabr kuni esa Qo‘qon shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan mahkum yurak kasalligi oqibatida vafot etdi.

Ravshanbek Abdusattorovning sirli o‘limi yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki nafar shaxsga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Viloyat IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Holat Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani) nazoratiga olinib, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilingan. Muassasadagi mavjud holat o‘rganilayotgani va bu haqda jamoatchilik xabardor qilinishi ma’lum qilindi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid