«Ichkarida nima bo‘lgani aniqlanishi shart» - faollar farg‘onalik 15 yashar o‘smir o‘limi haqida
15 yoshli Ravshanbek Abdusattorov Farg‘ona viloyat IIBga qarashli Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida sirli tarzda o‘lim topgani jamoatchilikda e’tiroz va savollar uyg‘otmoqda. Faollar bu hodisa tizimning muammosini ko‘rsatgani, haligacha yuqoriroq lavozimli biror mulozim yuz bergan voqea bo‘yicha tushuntirish bermagani yoki uzr so‘ramaganiga urg‘u qaratmoqda.
Ravshanbek Abdusattorov 16 oktyabr kuni savdo majmuasidan jami 17 ming so‘mlik qurut va ichimlik olib, pulini to‘lamay chiqib ketayotganda sotuvchilar tomonidan ushlanib, hududdagi profilaktika inspektorlariga topshirilgan. Inspektorlar Ravshanbek Abdusattorovni dastlab Buvayda IIBga, so‘ngra Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borishgan. Oradan ikki kun o‘tgach shu muassasadan uning jasadi chiqadi.
Kun.uz surishtiruvi davomida uning o‘limi ancha vaqt uning yaqinlaridan sir tutilgani ma’lum bo‘ldi. Rasmiylar marhumning o‘limiga markazdagi sakkiz nafar bola bilan kelib chiqqan nizo sabab bo‘lganini aytishmoqda. Biroq bolaning yaqinlari bunga ishonmayapti. Holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki kishiga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Viloyat IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan, ikki nafar xodim IIO xizmatidan bo‘shatilgan. Ular navbatchilik qilgan kunda tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalning oldini olmagani uchun jazolangan. Holat Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani) nazoratiga olingan.
«Ochiq sud bo‘lishi shart!»
Jurnalist Aziza Qurbonova prokuratura tez orada «ichkarida» aslida nima bo‘lganini aniqlashi, sud ishi esa ochiq bo‘lishi shartligini ta’kidlagan.
– Uchko‘priklik 14 yoshli Ravshan 16 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi «Ansor» do‘konidan qurut va pepsi (17 ming so‘m) o‘g‘irlaydi, uni oldin tuman IIBga, so‘ng Qo‘qondagi voyaga yetmaganlar markaziga olib ketishadi. Uyidagilarga xabar ham berilmaydi.
2 kundan so‘ng, 18 oktyabrda bolaning o‘lgani ma’lum bo‘ladi… Bolaning o‘limi haqda birinchi bo‘lib tog‘asining «Morg»da ishlaydigan tanishi aytadi: «Tanidim, jiyaningning murdasini yormasimdan oldin kelib ko‘r…»
IIB xodimlari esa bu ikki kunda ona sho‘rlikka takror va takror «yaxshi joyda yuribdi, uxlayapti» degan gaplarni aytishadi…
Bola markazdagi o‘smir bolalar kaltaklagani tufayli jarohatlardan vafot etgan degan dastlabki versiyalar aytilyapti. Ikki kishi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan, xodimlarga xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda, deyilibdi.
Shunchaki, ona va tog‘aning hikoyasini eshitganingizdayoq tizimning chirib ketganini ko‘rasiz: so‘roq qilinuvchilarning elementar huquqlari buzilishi, yaqinlariga o‘z vaqtida xabar berilmasligi, xavfsizligi ta’minlanmasligi, qiynoqlar qo‘llash davom etayotgani — klassik holat.
Huquqni muhofaza qiluvchi, ayniqsa ichki ishlar organlari binosidan odamlarning o‘ligi chiqishi odatiy holga aylanib bormoqda. Misollar internetda tiqilib yotibdi.
Har kuni davlat telekanallarida efirga berilgan «urdi-qochdi-o‘ldi-ketdi», «ichki ishlarning malakasi oshirildi» kabi lavhalarni IIV rasmiy kanaliga joylashtirishadi. Bu voqeaning dastlabki tafsiloti haqida rasmiy kanalda birorta materialni topolmadim.
Dod desak ham 45 yoshli onaning yolg‘iz ko‘z bilan o‘stirgan bolasini hech kim endi qaytarolmaydi. Lekin yana boshqalar o‘lmasligi uchun ham bizni himoya qilishi kerak bo‘lgan tizim boshboshdoqchiligidan, tizimsizligidan bugun dod solishimiz shart.
Tarmoqlarda odamlar izoh so‘rab yonib yotibdi. Prokuratura tez orada «ichkarida» aslida nima bo‘lganini aniqlashi, sud ishi esa ochiq bo‘lishi shart.
«Qachon aniq hisobot beriladi?»
BBC O‘zbek xizmati muxbiri Ibrat Safo holat yuzasidan shu paytgacha tayinli axborot berilmaganidan yozg‘irgan.
– Vodiylik 15 yashar bola borasida na bir tayinli ma’lumot berildi, na vazir «o‘zim nazoratga olaman, kimning qo‘li ostida bu sodir bo‘lgan bo‘lsa jazolayman» dedi. Hech narsa bo‘lmagandek, forumlar-u karnay-surnaylar.
Ming azob bilan uni katta qilgan yolg‘iz onaning o‘zi yetim qoldi. Ikki kun unga o‘g‘lining o‘lganini aytmagan va turli bahonalar bergan IIB xodimlari ayb o‘zlarida ekanini bilishgandirki, o‘lim holatini yashirganlar. Hatto onasiga telefon qilib, «o‘g‘lingizning biror kasali bormidi» deb so‘raganlar.
Qachon aniq hisobot beriladi, qachon biror yuqori darajali amaldor buni vahshiylik deya tasvirlaydi?
Melisa ushlagan 15 yashar bola ichkarida o‘ldi
Jurnalist Abror Zohidov farg‘onalik voyaga yetmagan bolaning o‘limi yuzasidan berilgan izohlardan qoniqmaganini bildirgan.
– Farg‘onada melisa ushlagan 15 yashar bola ichkarida o‘ldi. Izohni qarang: Bola o‘zidan o‘zi hushidan ketdi, hodisaga aloqador ikki nafar kishi ushlandi, xodimlarga xizmat tekshiruvi tayinlandi...
Tagiga qo‘shimcha qilishmabdi – «urganlar obeddan, ichki ishlar xodimi yarim oylik premiyadan mahrum qilindi. Bolani nazoratsiz qoldirgan qarindoshlari esa javobgarlikka tortilib, ishi sudga oshirildi», deb.
E, «jamiyatining ko‘zgudagi aksi» bo‘lgan tizimingga o‘ynab qo‘yay!
«Uni hibsga olganlar kimligi aniq»
Bloger Bahodir Boboyev marhum darsdan bo‘sh vaqtlarida bekor yurmay hunarmandchilik bilan shug‘ullangani, adashib qilgan o‘g‘riligi uchun unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish o‘rniga xulqi og‘ir bolalar o‘rtasiga tashlashganini qoralagan.
– Qo‘qon shahrida o‘smir yigit 17 ming so‘mlik mahsulotni pulini to‘lamay chiqqani uchun voqea joyida hibsga olingan va voqea o‘smir yigitning o‘limi bilan yakun topgan.
9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan o‘smir o‘qishdan bo‘sh vaqtida hunarmandlik bilan shug‘ullangan. Umuman olganda, bezori sifatlari bo‘lmagan. Bolaning onasiga achindim judayam. Orzularini bolasiga bog‘lagan qancha yolg‘iz onalar bor. 45 yoshli yolg‘iz ona uchun hayotiga mazmun beradigan hech kimi qolmadi.
To‘g‘ri, bola biroz ayb qilgan, ammo bu o‘smirning o‘limi uchun sabab bo‘la olmaydi. O‘smirlar o‘tish yoshida ko‘p adashadi. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish har birimiz uchun mas’ul vazifadir.
Farzandlaringizni ehtiyot qilinglar. Kambag‘al bo‘lsangiz ham bolani yaxshi kunlar kelishiga ishontirib yashang. Bunday o‘lim topish barcha onalar uchun juda qayg‘uli.
Bolaning o‘lim topishi o‘ta sirli, ammo uni hibsga olganlar kimligi aniq...
Mavzuga oid
17:54 / 17.12.2024
Farg‘ona viloyatida Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
11:00 / 10.12.2024
“Jarrohning o‘z qabristoni bor” - kardiojarroh hikoyasi
23:01 / 27.11.2024
Farg‘onada 750 mln so‘mlik iPhone telefonlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi
17:45 / 23.11.2024