O‘zbekiston | 12:14 / 14.11.2022
26497
2 daqiqa o‘qiladi

Magistratura qishki qabulida xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar sertifikati borlar hujjat topshirishi mumkin

Magistraturaga kirolmaganlarga faqat shu yil uchun istisno tariqasida qo‘shimcha imkoniyat berildi.

2022/2023 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga dekabr-yanvar oylaridagi tanlovda istisno tariqasida xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar (S1 yoki B2 sertifikatidan tashqari boshqa darajadagi) sertifikatga ega talabgorlar ham ishtirok etishiga ruxsat etildi.

O‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishi davomida talab etilganidek milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritishi lozim. Aks holda yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat etilmaydi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlarga 2022 yil 20 dekabrdan 2023 yil 10 yanvarga qadar (shu kuni ham) magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi.

Tanlov natijalari bakalavriat diplomning o‘rtacha ballari asosida aniqlanadi.

Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra abituriyent filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida S1, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida, magistratura bosqichi uchun tanlov yilda bir marta amalga oshirilar edi. 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab til sertifikati talabi kiritilishi munosabati bilan istisno tariqasida qabul jarayoni ikki marta amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid