Farg‘onalik o‘smir o‘limi bo‘yicha ikki nafar IIB xodimi qamoqqa olingan - Bosh prokuratura
Xodimlar zimmasidagi vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, majburiyatlariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgani tufayli 15 yashar o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘lishda gumonlanmoqda.
16 oktabr kuni o‘g‘rilik ustida ushlanib, Qo‘qon shahrida joylashgan, Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi tasarrufidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib kelingan 15 yashar o‘smir 17 oktabr kuni shu muassasada vafot etgan, ammo bundan jamoatchilik noyabr boshiga kelibgina xabar topgandi.
Avvalroq o‘lim yuz bergan kunda navbatchilik qilgan 2 nafar ichki ishlar organi xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalning oldini olmagani uchun vazifasidan chetlatilgani hamda ularga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga taqdim qilingandi.
O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bugungi kunda mazkur jinoyat ishi doirasida 4 kishi qamoqqa olingan. Shundan ikki nafari yaqinda ishdan bo‘shatilgan ichki ishlar xodimlaridir. Mazkur xodimlar zimmasidagi vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, majburiyatlariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgani tufayli 15 yashar o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘lishda gumonlanmoqda.
Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovga ko‘ra, bola vafot etgan tunda navbatchilik qilgan xodimlardan biri Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘ining qaynog‘asi, shu bois mas’ullar ishlarni “bosdi-bosdi” qilish payida bo‘lishgan.
Hayot Shamsuddinov Kun.uz muxbirining savoliga javoban IIB tizimida kim kimga qarindoshligi bo‘yicha ma’lumotga ega emasligi va bu narsaning ishga aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Mash’um hodisa shov-shuv bo‘lishi ortidan markaz xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga “hayfsan” berilgan. 4 nafar xodimning esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, savdo markazida 17 ming so‘mlik mahsulot olib pulini to‘lamay chiqib ketayotganda ushlanib, uchastkavoylarga topshirilgan 15 yashar o‘smir Buvayda tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining 16 oktyabrdagi qarori bilan Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, markazga joylashtirilgan kunning ertasiga, ya’ni 17 oktyabrda yigitning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgan. Shundan so‘ng tez yordam xodimlari unga tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida marhumning o‘limiga «bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi» sabab bo‘lgani aytiladi.
Rasmiylar marhum markazdagi sakkiz nafar bola bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv oqibatida o‘lganini aytishmoqda. Biroq bolaning yaqinlari bunga ishonishmayapti. Kun.uz surishtiruvi davomida yigitchaning o‘limi ancha vaqt uning yaqinlaridan sir tutilgani ma’lum bo‘lgandi.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
16:56 / 20.12.2024