Iqtisodiyot | 13:20 / 15.11.2022
48423
9 daqiqa o‘qiladi

“Tekshiruvchilar 1,5 mlrd so‘m jarima “plani” borligini aytgan” - mutaxassis soliq tizimidagi og‘riqlar haqida

Ekspert Murod Muhammadjonov Kun.uz bilan suhbatda Soliq kodeksini noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida minglab tadbirkorlar jarimaga tortilayotgani, soliqchilarning jarima “plan”lari, jo‘mrakdagi suvga o‘xshab xohlagan payti o‘chirib-yoqiladigan QQS guvohnomasi Soliq kodeksiga zidligi va bu korrupsiyaga yo‘l ochayotgani kabi muammolarni sanab o‘tdi.

Kun.uz soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va tadbirkorlar bilan intervyuning 2-qismini taqdim etadi. Suhbat avvalida tadbirkor bozor narxlari bo‘yicha soliq solish mexanizmlaridan aziyat chekayotganini aytdi.

Tadbirkor: (Soliq kodeksidagi) 248-modda tadbirkorlarning eng og‘riqli nuqtasi. 489-sonli Vazirlar Mahkamasining qarorida bozor narxida soliq stavkasini belgilash nazarda tutilgan. Masalan, men chetdan telefon olib kelib, uni 1000 so‘mdan O‘zbekistonga tarqataman. Mendan sotib olganlar 1200 so‘mdan sotyapti. Soliq idorasi endi mendan 1000 so‘m uchun emas, 1200 so‘m uchun soliq to‘la deyapti. Bozor narxi 1200 so‘m deb, asos sifatida 489-sonli qarorni ko‘rsatyapti. Men mahsulotimni 1200 so‘mdan sotadigan bo‘lsam, narx sun’iy oshib ketmaydimi? Bozor narxini qayerdan olding desam, olx'dan deydi, lekin qonunchilikda bunday olx.uz, yoki olcha.uz'lar hech qanday qonuniy kuchga ega emas, menga ular bozor bahosini belgilab bermaydi.

“Bozor narxlariga oid band noto‘g‘ri talqin qilinyapti” — Murod Muhammadjonov

— Soliq kodeksining 248- va 176-moddalarida transfert narxlar va bozor narxlari bo‘yicha soliq solish mexanizmlari ko‘zda tutilgan. Bozor bahosi bo‘yicha soliqlar kimga qanday hisoblanadi deydigan bo‘lsak, Soliq kodeksining 248-moddasini maktabda 5-sinfgacha o‘qigan odam ham tushunadi. Kodeksda 3ta holat keltirilgan:

  • tekin bersa;
  • ayirboshlasa;
  • va o‘zining shaxsiy manfaatida ishlatsa.

Moddaning 4-bandida “bitim bozor narxidan past bo‘lgan taqdirda” degan qismini soliqchilar ushlab olib, to‘rtinchi holatni yaratib olishdi. Har qanday bitimni bozor narxida hisoblayveraman deb olishyapti.

Bitimning qiymati deb aniqlashtirilgan band tepadagi 3ta ko‘rsatilgan bitimlarning narxiga taalluqli. Deylik, 100 so‘mlik narsani 50 so‘mga yoki tekinga berdim deb o‘zingdan chiqarib yuborsang, bu holatda bitim bozor narxida hisoblanadi deb aniqlik kirityapti. Shu narsani ushlab olib bozor narxini hammaga, barcha bitimlarga taalluqli deyishyapti. Ishonasizmi, hatto olx.uz'dan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, falon narsa falon so‘m ekan, misol uchun bitta televizor 3 mln so‘m ekan, sen 2 mln so‘mga sotibsan, demak soliqni 248-moddaga asosan 3 mln so‘mdan kelib chiqib to‘laysan deyishyapti.

Ushbu moddaga asosan, o‘zaro hisob-kitob bilan sotuvni amalga oshirgan tadbirkorlarga bozor bahosi bo‘yicha hisoblash mantiqqa ham, moddaga ham to‘g‘ri kelmaydi. Lekin noto‘g‘ri talqin orqali amaliyotda shunday holatlar ham kuzatilmoqda.

Bozor bahosini aniqlay olmasa, bojxona qiymati degan narsa bor: bojxona qiymatidan ko‘ra arzonroq sotibsan, deb unga ham soliq hisoblashadi. Deylik, qo‘limizdagi telefon. Tadbirkor uni 7 mln so‘mga olib kelib 8 mln so‘mga sotgan bo‘lishi mumkin, bozorda yoki bojxona qiymati 1,5 mln so‘m ekan, 1,5 mln so‘mga sotmaganing uchun soliqni shundan kelib chiqib hisoblaysan degan talabni qo‘yishmoqda. Bundan ikkita xulosaga kelish mumkin: soliq hisoblayotganlar yo Soliq kodeksining 248-moddasini o‘qishni bilmayapti, yoki o‘qib turib tushunmayapti, yoki maqsadli ravishda jarima qilishni qasd qilgan. Ikkinchisi, soliqchilar aholiga mahsulotlarni qimmat sotishdan manfaatdor.

«Soliqchilar 1,5 mlrd so‘mlik jarima plan qo‘yilganini aytgan»

— Oxirgi bir yarim yil ichida amaliyotda QQS reket degan narsa chiqdi. Kodeksning 14- va 15-moddalari bo‘yicha konragent soliq to‘lamagan ekan deb, 10 mingdan ortiq tadbirkordan 1 trlndan ortiq pul tortib olindi, bu “obnal ishi” deb olindi. Ammo amaliyotda nechta tadbirkor sudga bergan bo‘lsa, 90 foizdan ortig‘i haq bo‘lib chiqdi. Shu davr ichida 2 ta katta zavodlar Qozog‘istonga biznesini olib chiqib ketdi, yana bittasi Turkiyaga chiqib ketmoqchi. 200 dan 500 tagacha ishchisi bo‘lgan bizneslar chiqib ketdi.

Qozog‘istonga chiqib ketgan tadbirkorlardan biri soliq organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilishidan oldin bizga murojaat qildi. Biz soliq maslahatchilari borib, jinoiy oqibatlarga olib borishi mumkin bo‘lgan holatlarni ham aniqladik va tadbirkor tekshiruv kelguncha kamchiliklarini tuzatib, hisobotlarini topshirdi. Tekshiruv keldi, 100 mln so‘mdan ko‘proq kamchilik aniqlandi, bu juda katta zavod uchun bir oylik bank aylanmasidan kamroq summa. Undan boshqa topilmayapti. Shunda (soliqchilar): “Tekshiruvda ‘plan’ qo‘yilgan, 1,5 mlrd so‘m jarima yozishimiz kerak”, deyapti. Tekshiruvga chiqqan odamga qo‘shimcha yozish uchun reja qo‘yilyapti. Sen o‘sha yerga borsang, shuncha xato topib kelishing kerak deb...

Xatosi bo‘lmasa-chi, xatolarini tuzatdi-ku u tadbirkor? Hech kim o‘z-o‘zidan 1,5 milliardga ko‘nmaydi, oxir-oqibat nima bo‘ldi, aktdagi gaplarni so‘zma-so‘z aytaman: agar mazkur korxona yuz foiz to‘liq quvvatda ishlasa, bir kunda 5 tonna falon mahsulotni ishlab chiqarishi mumkin edi. Bir kunda 5 tonna ishlab chiqarish imkoniyatini hisobga olib, bir yilda buncha ishlab chiqarishi kerak edi, ammo hisobotida mana buncha ko‘rsatib, soliqdan bo‘yin tovlagan ekan deb, bir necha o‘nlab milliard qo‘shimcha soliq hisoblashdi. Yaxshi hamki, sudlar shu yerda adolat qildi, tekshiruvda haqiqatan aniqlangan summa sud tomonidan tasdiqlandi. Tadbirkor o‘zining ishini qilish o‘rniga 6-7 oy sudlashdi. Bu endi investorga qanday ta’sir qiladi? Tadbirkor keyingi qurayotgan zavodini shundoq yig‘ishtirib, Qozog‘istonga olib chiqib ketdi.

“Kodeksga zid QQS guvohnomasi: Tadbirkorni QQS guvohnomangni bloklab qo‘yaman deb qo‘rqitadigan bo‘lishdi”

— Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori Soliq kodeksining juda ko‘p punktlariga zid keladi. Qonunchilik normalari bir-biriga zid kelsa, yuqori turuvchisi amal qiladi. Soliq kodeksida nima deyilgan: QQS to‘lovchilar reyestrini Soliq qo‘mitasi yuritadi. 595-sonli qaror bilan Soliq qo‘mitasi QQS to‘lovchilarga guvohnoma beradigan bo‘ldi. Soliq kodeksida QQS guvohnomasi haqida umuman gap yo‘q. Soliq kodeksida (aylanma) 1 mlrd so‘mdan oshadigan bo‘lsa, QQS to‘lovchisisan, QQSlik hisob-faktura olgan bo‘lsang, uni hisobga olasan, degan aniq kriteriylar belgilangan. 595-sonli qaror bilan guvohnoma olasan, keyin hisobga ola olasan, shundan so‘ng QQS to‘lovchisi hisoblanasan, guvohnomangni to‘xtatib qo‘ysam, nofaol holatga tushirib qo‘ysam, hisobga ola olmaysan deyapti – bu narsa kodeksda yo‘q. Qaror bilan qonunda yo‘q narsalar chiqarilyapti.

QQS guvohnomasi bilan endi Soliq qo‘mitasi ruxsat bersa tadbirkor ishlaydi, ruxsat bermasa ishlamaydi. Hattoki shunaqa holatlar borki, tadbirkor bilan soliqchi kelisha olmasa, guvohnomangni bloklab qo‘yaman deb qo‘rqitadigan bo‘lishgan. Yoki senga umuman guvohnoma bermayman, qayerga borsang bor, deydigan holatlar bor.

Soliq organining o‘zining faoliyatini tekshiradiganlar bor – 7 kunda guvohnoma berish holatlarini tekshirishsin, oylab guvohnoma berilmagan holatlarni ko‘rishadi. Bularning hammasi korrupsiyaga olib keladi.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid