O‘zbekiston | 12:36 / 18.11.2022
4420
2 daqiqa o‘qiladi

80 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan

2022 yilning so‘nggi 9 oyida davlat dasturi ijrosi uchun jami budjetdan 162,4 trln so‘m sarflangan. Bu haqda Senatning 35-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ma’lumot berdi.

Foto: AP

Uning qayd etishicha, davlat budjetining 83,3 trln so‘mi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,7 foizga oshgan.

Hisobot davrida 1,9 mln nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlangan.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 69 ming 300 dan ziyod yangi savdo va servis obektlari ishga tushirilgan, ularda ming nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlangan.

“Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini joriy etish maqsadida 700 mln dollardan ortiq bo‘lgan xorijiy investitsiyalar jalb qilingan va shuning hisobiga Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida quvvati 1 ming 154 MVtga teng 5 ta elektr stansiyalari ishga tushirilgan.

Yo‘l-transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish maqsadida 5,8 trln mablag‘lar hisobiga jami 15 ming 95 km avtomobil yo‘llari hamda 104 ta ko‘prik ta’mirlangan.

Shuningdek, Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, dastur doirasida 2 ming 762 ta obekt uchun 23,8 trln so‘m mablag‘ ajratilgan, hisobot davrida 466 ta maktab, 163 ta maktabgacha ta’lim, 63 ta tibbiyot, 11 ta sport majmualari foydalanishga topshirilgan.

Birlamchi tibbiy sanitariya yordami tizimida 19,5 ming kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil qilinishi va ularning ish faoliyati 20:00 gacha uzaytirilishi natijasida poliklinikalarga murojaatlar soni 191 mln tani tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlnga ortganini ko‘rsatmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 182 ming 600 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 135 ming 400 nafari ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlangan.

 

Mavzuga oid