O‘zbekiston | 18:05 / 18.11.2022
5889
3 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtda 56,7 mingta ish o‘rni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilgan

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar hisobi sohalarga mutanosib ravishda yuritilmaganligi natijasida ish o‘rinlari sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilmoqda.

Toshkent viloyatida 66,9 mingta va Toshkent shahrida 56,7 mingta ish o‘rni umumiy hisobotni shakllantirishda sun’iy ravishda oshirib berilgan. Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Erkin Gadoyevning aytishicha, bunda bir kishi xizmat ko‘rsatish sohasida ham, turizm yo‘nalishida ham ishlashi qayd etilib, xuddiki yangi ish o‘rni yaratilgandek, noto‘g‘ri bo‘lishiga qaramay hisobotlarga kiritilyapti. Natijada esa Toshkent viloyatida 3,6 mingta, Toshkent shahrida esa 4,6 mingta to‘ldirilgan ish o‘rni, yangi ish o‘rni sifatida taqdim etilgan.

Shuningdek, Gadoyevning ta’kidlashicha, yangidan tashkil etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari ichida o‘z faoliyatini to‘xtatganlarning salmog‘i yuqori.

Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida yangi tashkil etilgan YaTTlarning 52 foizi, Yangiyo‘l shahrida 39 foizi, Olmaliq shahrida 35 foizi va Yangiyo‘l tumanida 35 foizi, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 46 foizi, Bektemir tumanida 39 foizi, Yunusobod tumanida 38 foizi o‘z faoliyatini to‘xtatgan

Hunarmandchilik yo‘nalishida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan mavjud bo‘lmagan sub’yektlar ham ish o‘rni hisobida ko‘rsatilgan va ularga “shogirdlar” ham biriktirilgan.

Toshkent viloyatida davlat ro‘yxatida mavjud bo‘lmagan hunarmandchilik sub’yektlarida 227 ta ish o‘rni, Toshkent shahrida esa 69 ta ish o‘rni ma’lumotlarda qo‘shib ko‘rsatilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida 872 nafar, Toshkent shahrida 991 nafar shogird davlat ro‘yxatida mavjud bo‘lmagan va faoliyati to‘xtagan hunarmandlarga biriktirilgan.

Ma’lumot uchun, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston bo‘yicha 5,9 mln nafar odam doimiy, vaqtinchalik hamda mavsumiy ishlar bilan band qilingan. Toshkent shahar va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, viloyatda 318,7 ming nafar, poytaxtda 448,4 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida Toshkent viloyatida 23 ming nafar yangi ish o‘rnidan iborat 12 ming 300 ta, shaharda 203 ming kishilik ish o‘rni bilan 42 ming 300 ta xizmat ko‘rsatish obektlari tashkil etilgan.

Toshkent viloyatida 431 ta, shaharda 128 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, natijada 14,5 mingdan ziyod ishchilarning bandligi ta’minlangan.

Mavzuga oid