O‘zbekiston | 09:55 / 19.11.2022
9677
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yil rekordi yangilandi - UzAuto Motors'da 280 minginchi avtomobil

UzAuto Motors 2020 yildagi tarixiy yillik rekordini yangiladi. Bugun zavod konveyeridan joriy yil hisobidan 280 minginchi avtomobil chiqarildi.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors MDH davlatlari orasida eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, mintaqada o‘z liderlik statusini tasdiqladi. Bugun avtozavod konveyeridan 280 minginchi avtomobil chiqdi. Shunday qilib, zavodning 2020 yildagi tarixiy yillik rekordiga erishildi. Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning birinchi yarim yilligida UzAuto Motors liniyadan 160 ming dona avtomobil ishlab chiqarib, allaqachon ishlab chiqarish rekordini yangilagan edi.

Navbatdagi erishilgan rekord UzAuto Motors zavodining ishlab chiqarish maydonida tantanali ravishda nishonlandi. Unda kompaniyaning butun jamoasi ishtirok etdi.

“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov yig‘ilgan ishchi va xodimlar oldidagi chiqishida butun jamoa oldiga qo‘yilgan maqsadga erishishda har bir xodimning qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, joriy yilda kompaniya nafaqat avtomobilni rekord daraja ishlab chiqardi, balki General Motors bilan 2023 yilda avtomobil ishlab chiqarish quvvatini 500 ming donaga, uzoq muddatli istiqbolda 1 million donagacha oshirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ta’kidlab o‘tdi.

Shavkat Umurzakov, shuningdek, Chevrolet Tracker avtomobili ishlab chiqarilishini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishda barcha xodimlarning hissasi borligini, buning natijasida global inqiroz davrida rekord natijalarga erishilganini ham ta’kidladi. Kompaniya o‘z zavodlarida yangi GM GEM platformasida avtomobillar ishlab chiqarishga 620 million dollar sarmoya kiritdi, buning asosida 2023 yil boshida Chevrolet Onix ham ishlab chiqariladi.

Rekordlardan tashqari, joriy yilda UzAuto Motors ishlab chiqarilgan avtomobillar sonining yubiley natijasini qayd etdi – 5 noyabr kuni zavod konveyeridan to‘rt millioninchi avtomobil chiqdi.

Reklama

Mavzuga oid