O‘zbekiston | 13:12 / 19.11.2022
10970
2 daqiqa o‘qiladi

Jazoni o‘tash davrida mehnatga jalb qilingan mahbuslarga ish staji hisoblanishi mumkin 

Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jazoni o‘tash joylarida mehnatga jalb qilingan mahbuslar uchun haq to‘lanadigan ishlash vaqti ularning umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi. Ularga surdotarjimon xizmatidan foydalanish hamda teleko‘rsatuv va filmlar ko‘rishga ham ruxsat berilmoqda.

Foto: Kun.uz

Senatning o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi

Qonunda jazoni o‘tash joylarida mehnatga jalb qilingan mahbuslar uchun haq to‘lanadigan ishlash vaqtini ularning umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash zarurligi ko‘rsatilgan.

“Mahkumlar ozodlikka chiqqandan keyin 5 yil o‘tiradimi, 10 yilmi mehnat staji bo‘lmasligining o‘zi uning hayotdan noroziligiga olib kelgan holatlarning guvohi bo‘lganmiz”, — dedi Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov. 

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni o‘tash davrida bajargan har qanday ishi agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda qo‘shib hisoblanishi mumkin.

Bundan tashqari, mahbuslarga nisbatan g‘ayriqonuniy yoki kamsituvchi jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek, mahkumlar tarjimon bilan bir qatorda surdotarjimon xizmatidan foydalanishiga ham ruxsat berilmoqda. 

Shu bilan birga, ozodlikdan mahrum etilgan 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerakligi nazarda tutilyapti.

Yana bir muhim jihat – mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganini belgilash mezonlari, mahkumlarni rag‘batlantirish masalalari, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo‘sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish huquqi aniq belgilanmoqda.

Mavzuga oid