O‘zbekiston | 14:03 / 19.11.2022
22186
13 daqiqa o‘qiladi

“Kooperativ – kolxoz emas” - nemis mutaxassisi qishloq xo‘jaligi kooperativlari ahamiyati haqida

Dunyo bo‘ylab ko‘plab mamlakatlar hukumatlariga qishloq xo‘jaligi kooperativlarini rivojlantirish bo‘yicha yordam berib kelayotgan nemis mutaxassisi Karl Krug Kun.uz’ga bergan intervyusida dehqonlarning ko‘ngilli birlashishi ortidan kooperativlar tuzilishining mamlakat uchun ulkan ahamiyati haqida so‘z yuritadi, uning yordamida ishlab chiqilayotgan yangi qonun loyihasi mohiyati haqida gapirib, mazkur sohaning O‘zbekistondagi istiqboli yaxshi bo‘lishiga shubha qilmasligini aytadi.  

— Mening ismim Karl Krug, Germaniyadanman, iqtisodchiman. 35 yildan beri turli xil rivojlanish loyihalarida ekspert sifatida ishlab kelyapman – Osiyo, Afrika, Yevropa mamlakatlarida. Soham qishloq xo‘jaligini, kooperativlarni rivojlantirish.

Biz Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda kooperativlar yo‘nalishida faoliyat olib boryapmiz.

Rivojlanayotgan yoki o‘tish davridagi mamlakatlarda ham ishlaganman, asosan Rossiyada 2000-yillarda, Qirg‘iziston, Qozog‘istonda, Mongoliyada faoliyat yuritganman. Bundan tashqari, Ozarboyjon, Armanistonda. O‘zbekistonda esa bir yildan beri ishlab kelyapman. Qishloq xo‘jaligida kooperativlarni rivojlantirish va fermerlar uchun qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish loyihalarida faoliyat olib bormoqdaman.

Bizga Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining yangi tahririni ishlab chiqish uchun mutaxassislar guruhini jalb qilish taklifi bilan chiqdi.  

— Fikringizcha, biz bugun muhokama qilgan qonun loyihasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi bozor munosabatlariga o‘tishiga qay darajada ta’sir etadi?

— Avvalambor bu qonun loyihasining yangi tahririni ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qo‘yilgan talablar, izohlar, takliflarga asoslanildi. Qonun loyihasining oldingi parlamentdan o‘tgan tahririni qanday qilib yanada rivojlantirish kerak degan vazifa turgandi. Va bu qonunda kooperativlarning xalqaro prinsiplari, tajribalari, xalqaro tajribalarning eng yaxshi amaliyotlarini tatbiq etish, kiritish talablardan biri bo‘ldi.

Albatta, mazkur xalqaro tajribalar, amaliyotlar bozor iqtisodiyotiga, ya’ni bozor iqtisodiyotida kooperativlarning o‘rniga bog‘langan.

Biz oxirgi 25 yil davomida rejalashtirilgan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan, rivojlanayotgan davlatlarni ko‘rdik. Bu jarayon turlicha kechdi. Bunda kooperativlar fermerlarning bozor iqtisodiyotiga o‘tishida muhim rol o‘ynaydi, integratsiya jarayoniga katta yordam beradi. Fermerlar o‘z mahsulotlarini yetishtirgandan keyin bozorga sotish orqali ko‘proq foyda ko‘radi, yetkazib berish zanjiriga yanada yaqin, integratsiyada bo‘lishadi, xaridorga ham yaqin bo‘lishadi. O‘zi yetishtirgan mahsulotini bozorda sotishga, uni eksport qilishga, fermerlarning bozor iqtisodiyotiga yaqinlashishiga kooperativlar katta ko‘mak beradi.

Bunga sabab fermerlar yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ishtirokchilari kooperativlarga birlashadigan bo‘lsa, yetishtirayotgan mahsulotlarini ko‘p hajmda sota oladi. Bu yerda katta farq bor, misol uchun, bir fermerning mahsuloti 1 tonna bo‘lsa, uning imkoniyati mahalliy bozorda sotishga yetadi. Agar kooperativ bo‘lib, birlashib, masalan, 100 tonna mahsulot yetishtirsa, fermerlar kooperativ orqali mahsulotini sotish imkoniyati yanada kengayadi.

O‘z navbatida, xaridorlar ko‘payadi va ular nafaqat mahalliy hududda, balki viloyat yoki respublika darajasida yoki chet elga eksport qilish darajasiga chiqa oladi. Undan tashqari, yanada ko‘proq hajmda mahsulot yetishtiradigan bo‘lsa, fermerlar birlashib, mahsulotni qayta ishlashi mumkin. Qayta ishlangan holda mahsulotga qo‘shimcha qiymat qo‘shilib, yangi mahsulot yaratiladi.

— Sobiq sovet ittifoqi mamlakatlarining rejaviy iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tishida o‘zingiz bevosita ishtirok etganmisiz?

— Germaniya ham buni boshidan kechirgan. Bilasizlar, Germaniya Sharqiy va G‘arbiy Germaniyaga bo‘lingan edi. Sharqiy Germaniyada rejalashtirilgan iqtisodiyot edi, G‘arbiy Germaniyada – bozor iqtisodiyoti. 1990 yilda yagona Germaniyaga birlashdik. Va biz boshqa mamlakatlarga nisbatan bu transformatsiyani, o‘tish davrini darhol va ko‘proq his qilganmiz, boshimizdan o‘tkazganmiz. Biz rejalashtirilgan iqtisodiyot va bozor iqtisodiyotini to‘g‘ridan to‘g‘ri solishtira olganmiz.

Sharqiy Germaniyada kooperativlar biz bilgan kolxoz ko‘rinishida bo‘lib, ular bozor iqtisodiyoti tizimida ishlaydigan kooperativlarga tez fursatda o‘tkazilishi kerak edi. Bu jarayonga bir necha yil va investitsiya ketgan, lekin jarayon muvaffaqiyatli amalga oshgan.

Rossiya, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ishlashda ham tajribam bor. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida bu mamlakatlarda ishlaganman va kooperativlarga maslahatlar berganman. Mongoliya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston. Ularga qishloq xo‘jaligida kooperativlar uchun yangi qonunni ishlab chiqishda tavsiyalar berganman.

Transformatsiya jarayoni yangi huquqiy asossiz amalga oshmaydi. Shuning uchun yangi qonun ishlab chiqilishi lozim, chunki kooperativlar yuridik shaxs, va bu yangi qonun asosida, qishloq xo‘jaligi ishtirokchilariga, ayniqsa fermerlarga kooperativni yaratish, yuritish, qanday qilib foyda olish imkoniyatlari aniq tushuntirilishi kerak.

— Agar bu qonun kuchga kirsa, uni hayotga tatbiq qilish yo‘lida nimalar asosiy to‘siq bo‘lishi mumkin? O‘z tajribangizdan kelib aytib bersangiz.

— To‘siqlar haqida gapirishdan oldin, kooperativlarning afzalliklari, foydali tomonlarini aytib o‘tsak. Chunki fermerlar uchun qancha afzalliklar ko‘p bo‘lsa, davlat uchun ham, qishloq xo‘jaligi ishtirokchilari, qolgan hamma uchun to‘siqlar shuncha kam bo‘ladi. Kooperativning birinchi afzalligi, yangi qonun olib keladigan o‘zgarishlardan biri shundaki, fermerlardan tashkil topgan ko‘plab kooperativlar bo‘ladi, ular katta va a’zolari ko‘p bo‘ladi. Ular kuchga ega bo‘ladi va muvaffaqiyatli bo‘lishadi.

Kooperativlarning xususiyati bu qonun ishga tushgandan keyin o‘zgaradi. Fermerlar ishlayotgan kooperativda qo‘shma yoki birlashgan fermerlarning yerlari bo‘lmaydi, har bir fermer o‘zining yerida o‘zi ishlaydi, o‘zining yeriga o‘zi xo‘jayin bo‘ladi va ular kooperativdan faqat o‘zlariga kerak bo‘lgan xizmatlardangina foydalanishadi. Masalan, o‘g‘itlar, texnikadan foydalanish yoki kooperativning sotish-marketing xizmatlaridan foydalanish kerak bo‘lishi mumkin. Asosiy farq shundaki, fermerlar o‘z yerlarida o‘zlari mas’uliyat bilan yondashib, ishlab, kooperativdan faqat xizmatlar olish uchun foydalanadilar.

Bundan tashqari, yangi qonunda fermerlar uchun shunday imkoniyatlar yaratiladiki, fermerlardan tashkil topgan kooperativlar ikkinchi darajali kooperativlar yaratishi mumkin bo‘ladi. Bu kooperativning a’zolari fermerlar emas, balki kooperativlar bo‘ladi. Boz ustiga ular milliy – respublika darajasidagi kooperativni tashkil qilishlari mumkin. Fermerlarda vertikal piramida ko‘rinishidagi tizimni yaratish imkoni bo‘ladi. Bu tizim orqali qishloq darajasida mahsulotlar yetishtirib, to‘g‘ridan to‘g‘ri tuman, viloyat, respublika yoki eksport darajasigacha mahsulot yetkazib berish imkoni tug‘iladi. Fermerlar uchun umuman yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi va O‘zbekiston qishloq xo‘jalik sektorini to‘liq transformatsiya qilishga, yangi bosqichga o‘tishiga turtki bo‘ladi.  

Savolga qaytadigan bo‘lsak, aslini olganda, men uncha to‘siqlarni ko‘rmayapman, kutmayapman. Chunki davlat, fermerlar, barcha ishtirokchilar ko‘radiki, yangi qonun, yangi tizim juda ko‘p afzalliklarga ega, barcha uchun afzal. Klaster kompaniyalari uchun ham afzalliklar bor, ular fermerlar bilan ishlashda yangi tizimga o‘tadi. Misol uchun, fermerlar kooperativ tuzadilar va klaster kompaniya bitta kooperativ bilan shartnoma tuzadi. Hozirda ular yuzlab fermerlarning har biri bilan shartnoma tuzishi kerak bo‘lyapti. Hamma uchun afzalliklar bo‘lsa, u yerda hech qanday to‘siq bo‘lmaydi.

Birgina qiyinchilik bo‘lishi mumkin – yangi chiqayotgan qonunni, yangi imkoniyatlarni, tizimni millionlab fermerlar, klaster kompaniyalar va qishloq xo‘jaligi ishtirokchilariga yetkazish, tushuntirish kerak. Umid qilamizki, ommaviy axborot vositalari, davlat va tegishli tashkilotlar bu ma’lumotlarni to‘g‘ri tarqatishda, yoyishda katta yordam beradi.

— Biz hali sobiq sovet mafkurasidan unchalik uzoqlashganimiz yo‘q. Shuning uchun bizda “fermerlar birlasha olmaydi, ular klasterga bo‘ysunib ishlasagina yaxshi ishlaydi” degan fikrdagilar bor. Ularning gapida qay darajada asos bor?

— Yangi kooperativ tizimida kooperativ a’zolari – fermerlar yerda birgalikda ishlamaydi. Har biri o‘z yerida ishlaydi. Bu aslo kolxoz emas. Kolxoz – o‘tmish, tarix. Yangi kooperativ tizimida fermerlar faqat bir holatda birlashishadi –  yakka fermer holatida biror narsaga kuchi yetmasa.

Deylik, fermer bir o‘zi traktor sotib ololmayapti va unga aslida har kuni traktor kerak ham emas, masalan, 1 oyda 2 marta kerak bo‘lishi mumkin. Shunday muammolarini hal qilishga istaklari bo‘lgan fermerlar birlashadi va traktor sotib olishadi va ular traktordan barcha a’zolar foydalanishini ta’minlashadi. Manfaatlar birlashadi va kooperativ paydo bo‘ladi. Faqat shuning uchun ular birlashishadi, har kuni birgalikda ishlash uchun emas.

Fermer kooperativga birlashganda darhol foydasini ko‘radi, traktorni ishlata oladi, bir o‘zi bo‘lganda bunday imkoniyat bo‘lmasdi.

Fermerlar yig‘ilishi bir yilda bir marta bo‘ladi, yig‘ilish o‘tkazib, yagona strategiya qabul qilishadi. Kooperativ a’zolar nazoratida bo‘ladi, uning boshqaruv, kuzatuv kengashlari bo‘ladi. Men bu fikrga, ya’ni fermerlar birlashib ishlolmaydi degan fikrga qo‘shilmayman.

Yangi kooperativ tizimining klaster kompaniyalari uchun yaxshi tomoni – fermerlar bilan katta miqdorda mahsulot yetkazishga shartnoma qiladi. Masalan, meva-sabzavotni qayta ishlovchi korxona, katta investitsiya – mablag‘lar kiritib, qayta ishlash yoki saqlash uskunalarini o‘rnatgan, lekin ular to‘liq salohiyatida ishlatilmayapti, ya’ni yana mahsulot kerak. Masalan, 2000 tonna qaysidir meva yoki sabzavot mahsulotlari kerak bo‘ladi. Klaster kompaniya kooperativ bilan endi fermerlardan mahsulotlarni klaster kompaniyaga yetkazib berishga, o‘z vaqtida, kerakli sifatda yetkazib berishga shartnoma tuzadi. Bunga kooperativ mas’ul bo‘ladi, bu endi klasterning muammosi emas. Endi klaster o‘zining ishiga konsentratsiya qiladi, ya’ni mahsulotni qayta ishlash, saqlash va sotish bilan ko‘proq shug‘ullanadi. Ular har bir fermer bilan ishlab, ularning murojaatlari, muammolarini ko‘rib chiqishi kerak emas, chunki har bir individual fermerning o‘z muammolari bo‘ladi, bu endi kooperativ zimmasida bo‘ladi. Va bu yangi tizim klaster kompaniyalar uchun ham ko‘p afzalliklarga ega, shuning uchun ham bu tizim ularga yoqadi va ishonamanki, klaster kompaniyalar ham bu tizimni qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi qonun loyihasi umuman kooperativlar tizimidagi xalqaro prinsiplar, tajribalar va ularning eng yaxshi amaliyotlarini o‘rgangan holda, ularga asoslanib yaratildi. Ishchi guruh bilan birgalikda bir nechta davlatning kooperativlar bo‘yicha qonunchilik tizimi o‘rganildi (Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Turkiya, Mongoliya, Rossiya, qo‘shni mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston). Bu qonunchilik tizimi amalda qanday ishlashi, qanday muammolarga duch kelingani va ular qanday yechim topgani, umuman kooperativlar o‘zi qanday faoliyat yuritishi, rivojlanish tarixi, tajribasi shunday amaliy tajribalar o‘quv safarlarida o‘rganildi. Yuqoridagilarni tatbiq etgan holda, mukammal qonun loyihasi yaratilishiga harakat qilindi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Mavzuga oid