O‘zbekiston | 19:24 / 19.11.2022
29565
8 daqiqa o‘qiladi

Qasd uchun qamoq. Qiziriqda ichki ishlar fermerni 15 sutkaga qamamoqchi bo‘ldi

Ayni shu fermer avvalroq tuman hokimning uch, viloyat hokimining bir qarorini sud orqali bekor qilishga erishgandi. 

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida ekin paytida ichki ishlar xodimlari fermerlarni ichki ishlar bo‘limlariga chaqirtirgan, bir fermerga 15 sutka qamoq rasmiylashtirishgan, holat bilan korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qiziqqandan so‘ng fermerni qo‘yib yuborishgan. 

Mazkur vaziyat yuzasidan Kun.uz O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirovga yuzlandi.

“Qiziriq tumanidagi murojaatda nomlari ko‘rsatilgan fermerlar va MChJlar Qiziriq tumani hokimining, prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining tazyiqi ostida nohaqlikka duchor bo‘lib turibdi. 

O‘z.R. VMning 2021 yil 20 avgustdagi “Surxondaryo viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 534-sonli qarori bilan Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida chet el investitsiyasi ishtirokida klasteri tashkil etilgan.

Hukumatning ushbu qarori 3-bandiga asosan Qiziriq tumanidagi tuman hokimligi zaxirasiga olingan 24,3 ming gektar “SCT CLUSTER” MChJ shaklidagi xorijiy korxonasiga ijaraga berish haqidagi qaror qabul qilingan vaqtda tumandagi “Mamatqul”, “Parda Turopov”,”Madina Ilhom qizi”,”Navbo‘r yog‘du”,”Gold Oklog GRUP”, “Karvon TST”, “Kunchiqish baraka”,”Gold asl chorva”, “Surxon lochini”, “Istara bobodehqoni” nomli fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari qonuniy tarzda zaxiraga olinmagan.

Shuning uchun ushbu fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarining poymol bo‘lgan qonuniy manfaatlari sud qarorlari bilan tiklangan bo‘lsa-da, biroq sud qarorlari bajarilmayapti. Oqibatda shu davrga qadar ularning yer uchastkalaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilinib, ekinlarni joylashtirish to‘g‘risidagi tuman hokimining qaroriga kiritilmagan, urug‘lik g‘alla berilishi kechiktirib yuborilgan.

“SCT CLUSTER” MChJga 22400 gektar ekin yerlarini 25 yil muddatga uzoq muddatli ijaraga berish haqida shartnoma 2021 yil 29 avgustda imzolanib, № R-QIZT00571278 sonli raqam bilan ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan barvaqt o‘tkazilgan.

Bugungi kunda esa tuman hokimligi “SCT CLUSTER” MChJ bilan ushbu fermerlar o‘rtasida nizolar keltirib chiqarib, o‘zlari esa, ya’ni 4 ta sektor birikib olib, fermerlarni siquvga olmoqda.

Qayd etilgan fermer xo‘jaliklariga Vazirlar Mahkamasining departament boshlig‘i Tohir Rafiqovning odilona amaliy yordami bilan Sho‘rchi don korxonasidan urug‘lik bug‘doy olib berilgan.

Fermerlar bug‘doy ekayotgan joyiga tuman hokimining topshirig‘i bilan militsiya xodimlari kelib, fermer Olim Turopov majburan ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan, unga nisbatan soxta hujjatlar bilan ma’muriy material qilib 15 sutka ma’muriy jazo olib berish uchun sudga soxta material tayyorlanmoqda. Suddan 15 sutkaga ma’muriy qamoq yozdirib olib, bug‘doy ekishini to‘xtattirishga erishmoqchi bo‘lmoqdalar.

“SCT CLUSTER” MChJga berilgan ijara shartnomasi ishonchga sazovor emas. “SCT CLUSTER” MChJga 22400 gektar yer uchastkasining xaritasi mavjud emas. Ikkinchidan unga chegaradosh yer egalari va yerdan foydalanuvchilar kimlar ekani, chegaradosh yer egalari va yerdan foydanuvchilar vakillarining imzosi bilan tasdiqlanmagan. Shartli belgilari ham ko‘rsatilmasdan kadastr xodimi J.Ashurov va klaster xodimining imzosi bilan 2021 yil 29 avgustdagi konturlari ko‘rsatilmasdan dalolatnoma bilan noto‘g‘ri rasmiylashtirib berilgan.

Hukumatning mazkur qarori amaliyotga noto‘g‘ri tatbiq etilib, uzoq vaqtlardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan fermer xo‘jaliklariga yerga egalik huquqini beruvchi guvohnoma bermasdan, sun’iy to‘siq qo‘yib, tuman hokimi barcha sektor rahbarlarini jalb qilgan holda ularning qonuniy manfaatlariga zid ish yuritilmoqda.

Fermer xo‘jaliklariga yer ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarorlarini xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining qarori bilan tasdiqlatish O‘z.R. VMning 2003 yil 30 oktyabrdagi 476-sonli qarori talabi bo‘yicha Qiziriq tumani hokimining xatosi hisoblanadi. Ijara to‘g‘risidagi qonunning 7-moddasi talabi bo‘yicha esa bu nuqsonlar uchun fermer emas ijaraga beruvchi javobgarligi ushbu qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Bu holatda ham fermer xo‘jaligining xatosi mavjud emas, fermerlar yerdan o‘zboshimchalik bilan foydalanayotgan emas. Qo‘lida yer ijara shartnomasi va sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari mavjud.

Qayd etilgan fermer xo‘jaliklarining shu yerlarga bo‘lgan huquqini O‘z.R. Yer kodeksining 31, 33-moddasi, FKning 185-188-moddasi talablarini fermerlar emas, balki hokimlik va kadastr palatasi tizimlari qasddan buzmoqda. Maqsadi “SCT CLUSTER” MChJga zo‘ravonlik bilan ularning yer maydonlarini olib berish bo‘lmoqda.

O‘z.R. VMning 2018 yil 29 dekabrdagi “Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1060-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berilishiga to‘sqinlik qilinmoqda va fermer xo‘jaliklarining qonuniy manfaatlarini poymol qiluvchi xatti-harakatlar sodir etilmoqda.

Qiziriqdagi sud qarori bilan tiklangan 12 ta fermer va MChJlarning hech qanday xatosi mavjud emas. Ularning yerga nisbatan egalik huquqini tasdiqlovchi qonuniy yer ijara shartnomasi mavjud. Yerning chegaralari joyning o‘zida ko‘rsatib berilgan. Yer kodeksining 31-moddasi talabi bo‘yicha Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq vujudga kelib bo‘lgan. Buni yer ajratish to‘g‘risidagi qarordan tashqari qonuniy davlat ro‘yxatidan o‘tib kontraktatsiya shartnomasi asosida uzoq vaqtlardan buyon ishlab faoliyat yuritib kelganligi va bank aylanmalarining o‘zi ham qo‘shimcha dalil sifatida isbotlab turibdi.

Yer kodeksining 33-moddasiga ko‘ra Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi guvohnoma Qiziriq tumani hokimligi va kadastr palatasi tomonidan ochiqchasiga buzilmoqda.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunning 11-moddasi tartibi bo‘yicha budjet mablag‘lari hisobidan kadastr tizimiga yuklatilgan bo‘lsa-da, bu qonun talablarini hokimlik va kadastr tizimi qo‘pol tarzda buzmoqda. Qiziriq tumani hokimi R.Pardayev, tuman prokurori, IIB boshlig‘i va soliq idorasi boshliqlarining qonuniy sud qarorlari ijrosi ta’minlanishiga to‘sqinlik qilayotganliklari, mansabini suiiste’mol qilayotganliklari uchun vakolatlaringiz doirasida amaliy yordam berishlaringizni so‘raymiz”.

Mavzuga oid