O‘zbekiston | 14:42 / 20.11.2022
9844
4 daqiqa o‘qiladi

Abu Dabida «O‘zbekiston» paviloni ochildi

Abu Dabi amirligining Al Vatba hududida 18 noyabr kuni boshlangan «Shayx Zoid» festivali doirasida «O‘zbekiston» pavilonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur pavilon O‘zbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, unda davlat ramzi hisoblangan O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Turizm va madaniy meros vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirda Qatardagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun Samarqanddan yo‘lga chiqqan va ayni damda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turgan delegatsiya ham ishtirok etdi. 

«Ta’kidlash joizki, «Shayx Zoid» madaniy meros an’anaviy festivali to‘rtinchi marta tashkil etilmoqda, 2022 yil 18 noyabrdan 2023 yil 18 martga qadar davom etadi. Tadbir doirasida «Xush kelibsiz!» nomi ostida dronlar va lazer chiroqlari hamda Amirlik favvoralari shoulari, mushakbozlik, harbiy meros musiqasi, meros musobaqalari va qiziqarli sport tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilonlari, yangi qo‘shilgan San’at shaharchasi, Selfie street maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilyonlari tashkil etildi», deyiladi vazirlik xabarida.

«O‘zbekiston» paviloni O‘zbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, Amirliklar tomoni bilan hamkorlikda hamda Turizm va madaniy meros vazirligi ko‘magida musiqiy jamoalar, hunarmandlar hamda oshpazlar ishtiroki ta’minlangan holda mamlakatimizning turizm salohiyati keng targ‘ib qilinadi.

Festival davomida O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatning BAAdagi diplomatik vakolatxonalarining vatandoshlarga yo‘llangan tabriklari, o‘zbek milliy kuylari, san’atkorlar chiqishlari, hunarmandlarning mahorat darslari tashkil etildi va davlat bayrog‘i hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videorolik shaharchaning markaziy maydonidagi ekranlarda namoyish etildi. O‘zbekiston paviloni tomonidan davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.

Qatardagi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun avtotransportda yo‘lga chiqqan taniqli blogerlar jamoasi (A.Saparbayeva – 3,3 mln. kuzatuvchi, I.Ikromov – 1,3 mln. kuzatuvchi, O.Jo‘rayev – 530 ming kuzatuvchi) davlat bayrog‘ini nishonlash tadbiriga taklif etilib, tadbir jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi, markaziy telekanallarda yoritish uchun materiallar jamlandi. 

Tadbir so‘ngida BAAdagi vatandoshlar, san’atkorlar guruhi va blogerlar jamoasi bilan birgalikda festival asosiy maydoni bo‘ylab O‘zbekiston bayrog‘i ostida parad uyushtirilgan. 

Mavzuga oid