Sport | 16:29 / 20.11.2022
19822
9 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022 oldidan: Messi uchun so‘nggi urinish – superkompyuter nega Argentina chempionligini taxmin qildi?

Bugun, 20 noyabrdan Qatarda har to‘rt yillikning eng yirik futbol festivali start oladi. Ilk marta mavsum yakuni emas, o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatida asosiy favoritlardan biri sifatida Argentina tilga olinmoqda. 35 yoshli Messi uchun so‘nggi urinish sanalmish mundialda bu jamoaga g‘oliblikka asosiy da’vogar sifatida qaralayotgani bejizga emas.

Foto: Getty Images

Argentina milliy jamoasi haqida nimalarni bilish kerak?

FIFA reytingidagi o‘rni — 3

JCh-2022 sari yo‘l — 17 o‘yin, 11 g‘alaba, 6 durang, to‘plar nisbati — 27:8.

Saralashdagi eng yaxshi to‘purar — Messi (7ta gol), Lautaro (7ta gol)

Mundiallardagi eng yaxshi natijasi — chempionlik (1978, 1986).

Guruh bosqichidagi o‘yinlari: S guruhi

1 tur, 22 noyabr. 15:00. Argentina — Saudiya Arabistoni

2 tur, 26 noyabr. 23:59. Argentina — Meksika

3 tur, 30 noyabr. 23:59. Polsha — Argentina

Foto: Getty Images

Tarkib qanday ko‘rinish olgan?

Bosh murabbiy Lionel Skaloni yakuniy ro‘yxatga quyidagi 26 nafar futbolchini kiritgan.

Darvozabonlar: Emiliano Martines («Aston Villa»), Xeronimo Ruli («Vilyarreal»), Franko Armani («River Pleyt»).

Himoyachilar: Nauel Molina («Atletiko»), Gonsalo Montel («Sevilya»), Kristian Romero («Tottenhem»), Xerman Pesselya («Betis»), Nikolas Otamendi («Benfika»), Lisandro Martines («Manchester Yunayted»), Markos Akunya («Sevilya»), Nikolas Talyafiko («Lion»), Xuan Foyt («Vilyarreal»).

Yarimhimoyachilar: Rodrigo De Paul («Atletiko»), Leandro Paredes («Yuventus»), Papu Gomes («Sevilya»), Aleksis Mak Allister («Brayton»), Gido Rodriges («Betis»), Enso Fernandes («Benfika»), Eksekiel Palasios («Bayyer»), Anxel Korrea («Atletiko»).

Hujumchilar: Lionel Messi («PSJ»), Lautaro Martines («Inter»), Anxel Di Mariya («Yuventus»), Xulian Alvares («Manchester Siti»), Tyago Almada («Atalanta Yunayted»), Paulo Dibala («Roma»).

Kimlar tarkibdan chetda qoldi?

Lionel Skaloni yakuniy tarkibni e’lon qilgach, «Inter» hujumchisi Xoakin Korrea va «Fiorentina» yarimhimoyachisi Nikolas Gonsales jarohat sababli Qatarga bora olmaydigan bo‘ldi. Argentina matbuotida bu o‘yinchilar o‘rniga mavsumni yaxshi o‘tkazayotgan Lukas Okampos (Ayaks), Alexandro Gomes (Sevilya) yoki Alexardro Garnacho (MYu) turnirga borishi lozimligi haqida turli xabarlar yozilgan bo‘lsa-da, bosh murabbiy La Ligadan Anxel Korrea («Atletiko») va MLSdan Tyago Almadani («Atalanta Yunayted») taklif etdi. «Vilyarreal» a’zosi Jovanni Lo Chelso esa jarohat sababli tarkibdan joy olmadi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: 4-3-3

E. Martines – Talyafiko, Otamendi, Martines, Molina – Enso Fernandes – Paredes – De Paul – Di Mariya – Lautaro – Messi.

Murabbiy va o‘yin uslubi

2018 yilda Xorxe Sampaoli Argentina milliy jamoasidan iste’foga chiqarilgach, o‘rtamiyona o‘tkazgan futbolchilik faoliyatini yakunlaganiga hali 3 yil to‘lmagan Lionel Skalonining bosh murabbiy etib tayinlangani argentinaliklarning o‘zida ham turli savollarni keltirib chiqardi. Federatsiyaning bu qarorini tanqid qilganlar ko‘p bo‘ldi, ammo u qisqa davr ichida nafaqat muxlislar, milliy jamoa futbolchilarining ham ishonchini ortig‘i bilan oqladi. 

Foto: Getty Images

44 yoshli mutaxassis qo‘l ostida Argentina 4-4-2 va 4-3-3 taktik uslubini mukammal o‘zlashtirdi. Shu bilan birga u tarkibda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urmay, faxriy o‘yinchilarni asosiy rollarda qoldirgani uning asosiy muvaffaqiyatlaridan bo‘ldi.

Yetakchilar

Jamoa darvozasini «Aston Villa» golkiperi Emiliano Martinessiz tasavvur qilish qiyin. U 18 o‘yinda o‘z darvozasidan bor yo‘g‘i 5 marta to‘p olib chiqdi.

Skaloni himoya markazida 34 yoshli Otamendiga ishonch bildirishda davom etmoqda, APLda yaxshi harakat qilayotgan Romero yoki Martines esa istalgan payt unga tandem sifatida tanlanadi. «Betis»dagi Xerman Pesselya ham saralash bosqichida himoya qo‘rg‘onida asosiy ustunlardan biri bo‘ldi. Talyafiko chap qanot himoyasidan faol hujumga kirisha oladi, o‘ngda bu vazifani Molina bajaradi.

Jamoaning motori – Rodrigo De Paul. U maydonda katta hajmdagi qora ishni bajaradi. Leandro Paredes va Aleksis Mak Allister ham universalligi evaziga maydon markazida kreativlikni ta’minlay olishadi.

Lionel Messi, Lautaro Martines va Anxel Di Mariya triosi esa so‘nggi 2-3 yilda yanada sayqallashdi. Ularning o‘rnini esa Xulian Alvares, Paulo Dibala va Korrea o‘rniga chaqirilgan Almada bilintirmaslikka intiladi.

Foto: Getty Images

Sampaoli davridagi Argentina-2018 va hozirgi Argentina-2022 o‘rtasidagi eng katta farq – jamoa bir oilaga aylana olgani, hech qanday mojarolar yo‘qligi va barqarorlikdir.

Kuchli va kuchsiz tomonlari

Kuchli tomonlari: Messi, qarshi hujumlar va o‘zaro tushunish

Messi – Argentinadan boshqa hech bir jamoada yo‘q «ko‘zir». Leo singari o‘yinchining borligi jamoalar o‘rtasida katta farq yaratadi. U o‘yinni boshqaradi, hujumlarni boshlaydi, yaratadi, yakunlaydi, yaqqol yetakchi va o‘rnak. Skaloni undan qanday foydalanish kerakligini JCh-2022 saralash bosqichida ko‘rsata oldi.

Argentina qarshi hujumda aqlbovar qilmas darajada kuchli. Tarkibda yuqori saviyali o‘yinchilar ko‘pligi – bu uslubda muhim bo‘lgan har qanday to‘p uzatish imkoniyatini yaratadi. Pressingdan so‘ng butun jamoa qarshi hujumda ishtirok etishi ham Skalonining yutuqlaridan biri. Aynan shunday uslub bilan Manchini murabbiyligidagi Italiya Yevro-2020da zafar quchdi.

Kuchsiz jihatlari: Bosim va himoya qo‘rg‘oni

Argentinani har bir jahon chempionatida oyog‘idan chalishi mumkin bo‘lgan jihat – bosimning kattaligidir. «Albiseleste» 36 yildan buyon mundialda g‘oliblikni qo‘lga kirita olmayapti va ko‘pchilikning fikricha Qatar-2022 bu noxush an’anaga chek qo‘yishning ayni vaqti. Messi ham faoliyatidagi so‘nggi JChda qatnashayotgani, unga haligacha Maradonaning JCh-1986dagi qahramonligi eslatilishi ham bosimni oshiradi. Argentina qog‘ozda har qancha favorit deyilmasin, bu jamoaning tarkibini qolgan raqobatchi yetakchilar bilan taqqoslasak, Skalonida Messidan boshqa ustunlik yo‘qdek ko‘rinadi.

Yana bir kuchsiz nuqta sifatida himoya qo‘rg‘oni ko‘rsatiladi. Ha, Argentinada top-darajadagi yetakchi himoyachini ko‘rsatish qiyin. Ammo – Molina, Romero, Peccelya, Otamendi, Talyafiko, Lisandro Martines singari jangovar himoyachilar bilan himoya qo‘rg‘onini tartibga keltirsa bo‘ladi. Unutmaslik lozimki, himoyasi kuchsiz bo‘lgan jamoa ketma-ket 35 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya qayd eta olmaydi.

Prognoz

BCA Research analitik kompaniyasi hisobotlariga ko‘ra, superkompyuter JCh-2022 finalida Argentina Portugaliyani mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lishini taxmin qilgan. Bu bejizga emas.

«Oq-ko‘klar» JCh-2022 guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlay olishadi – Saudiya sensatsiya qayd eta olishiga ishonish qiyin, Meksikadan ko‘pi bilan durang kutish mumkin, Polshadan o‘tsa bo‘ladi. Qizig‘i, pley-offlarda boshlanadi: 1/8 finalda Argentina katta ehtimol Fransiya yoki Daniya, chorakfinalda Niderlandiya, yarimfinalda esa Ispaniya yoki Braziliyaga qarshi saf tortishi mumkin.

Foto: Getty Images

Ha, kutilayotgan raqiblar setkasi juda qiyin, ammo Skaloni shogirdlari 35 o‘yindan buyon yutqazmayapti (24 g‘alaba, 11 durang), mag‘lubiyatsiz seriya davomida Kopa Amerika finalida Braziliya mag‘lub etildi, Finallisimada Yevro-2020 g‘olibi Italiya ayab o‘tirilmadi, jahon chempionati saralash bosqichidagi 17 o‘yinda 27ta gol kiritib, bor yo‘g‘i 8ta gol o‘tkazildi. Messi yetakchiligidagi jamoa Kopa Amerika-2021 bosh sovrinini 23 yillik tanaffusdan keyin Buenos-Ayresga olib ketdi. Shu bilan birga Argentinada Messi borligi va u joriy mavsum allaqachon 17 o‘yinda 11ta gol va 14ta assist amalga oshirishga ulgurganini inobatga olsak, Leo faoliyatidagi 5-jahon chempionatida yelkasidagi eng katta yukdan xalos bo‘lishi mumkinligiga umid qilish mumkin.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid