O‘zbekiston | 10:51 / 21.11.2022
29827
5 daqiqa o‘qiladi

15 yashar o‘smirning o‘limida ayblanayotganlar Ombudsman bilan uchrashuvda ayblariga iqror bo‘lishgan

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Farg‘onada vafot etgan 15 yoshli bola o‘limida ayblanayotgan bolalar bilan uchrashgan. Qotillikda gumonlanib qamoqqa olingan ikki nafar voyaga yetmagan shaxs aybiga iqror bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) axborot xizmatiga ko‘ra, 18 noyabr kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova Farg‘ona viloyat prokuraturasida 15 yoshli o‘smirning o‘limida ayblanayotgan va ayni paytda qamoqqa olingan ikki bola bilan uchrashgan. Suhbat davomida ular ayblarini tan olishgan. Shuningdek, o‘zlariga nisbatan qiynoq, ruhiy va jismoniy bosim qo‘llanmaganini bildirishgan.

Rasmiy xabarda Bolalar Ombudsmani huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan muloqotda bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergani aytiladi. Biroq Aliya Yunusova aynan qanday tavsiyalar berganiga aniqlik kiritilmagan.

“10 noyabr kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova Farg‘ona viloyati Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati hamkorligida Qo‘qon shahridagi IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazining faoliyatini o‘rgangan edi. Markazda monitoring davomida aniqlangan xato va kamchiliklar bartaraf etilishi yuzasidan tegishli vazirlik hamda idoralarga Bola huquqlari bo‘yicha vakilning taklif va tavsiyalari yuborilgan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, savdo markazidan 17 ming so‘mlik mahsulot olib pulini to‘lamay chiqib ketayotganda ushlanib, uchastkavoylarga topshirilgan 15 yashar o‘smir Buvayda tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining 16 oktyabrdagi qarori bilan Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, markazga joylashtirilgan kunning ertasiga, ya’ni 17 oktyabrda yigitning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgan. Shundan so‘ng tez yordam xodimlari unga tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida, marhumning o‘limiga «bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasi lat yeyishi» sabab bo‘lgani aytiladi.

Rasmiylar marhum markazdagi sakkiz nafar bola bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv oqibatida o‘lganini aytishmoqda. Biroq bolaning yaqinlari bunga ishonishmayapti. Kun.uz surishtiruvi davomida yigitchaning o‘limi ancha vaqt uning yaqinlaridan sir tutilgani ma’lum bo‘lgandi.

Mash’um hodisa shov-shuv bo‘lishi ortidan markaz xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga “hayfsan” berilgan. 4 nafar xodimning esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.

O‘lim yuz bergan kunda navbatchilik qilgan 2 nafar ichki ishlar organi xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalning oldini olmagani uchun vazifasidan chetlatilgani hamda ularga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga taqdim qilingandi.

O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bugungi kunda mazkur jinoyat ishi doirasida 4 kishi qamoqqa olingan. Shundan ikki nafari yaqinda ishdan bo‘shatilgan ichki ishlar xodimlaridir. Mazkur xodimlar zimmasidagi vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, majburiyatlariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgani tufayli 15 yashar o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘lishda gumonlanmoqda.

Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovga ko‘ra, bola vafot etgan tunda navbatchilik qilgan xodimlardan biri Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘ining qaynog‘asi, shu bois mas’ullar ishlarni “bosdi-bosdi” qilish payida bo‘lishgan.

Hayot Shamsuddinov Kun.uz muxbirining savoliga javoban IIB tizimida kim kimga qarindoshligi bo‘yicha ma’lumotga ega emasligi va bu narsaning ishga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Mavzuga oid