O‘zbekiston | 17:01 / 21.11.2022
11628
7 daqiqa o‘qiladi

Javobsiz savollar uyulib ketdi. Bosh prokuraturaga ochiqlik talablari eslatilishi kerak

Kun.uz'ning prokuratura organlari, xususan bosh prokurorning matbuot kotibiga yo‘llagan o‘nlab so‘rovlari javobsiz qoldirilmoqda. Toshkent shahar prokuraturasining axborot xizmatiga mas’ul xodimi esa OAV bilan ishlash majburiyatini unutib qo‘ygandek.

Foto: Bosh prokuratura

Oxirgi yillarda davlat tashkilotlari axborot siyosatida ochiqlik sari qadam qo‘yib, jamoatchilik bilan muloqotga kirisha boshlagani – haqiqat. Shunga yarasha ulardagi axborot xizmatlariga ham ancha-muncha sharoitlar qilib berildi, maqomi rahbar o‘rinbosariga tenglashtirildi.

Hozirgi axborot asrida jamoatchilikda rasmiylarga nisbatan har kuni savollar paydo bo‘ladi. Kasb majburiyati OAV vakillari va jamoatchilik savollariga javob berish bo‘lgan axborot xizmatlari oldida odatda ikki xil tanlov bo‘ladi.

Birinchisi, muloqotga kirishib, ko‘tarilgan (so‘ralgan) masala yuzasidan asosli tushuntirish, yechim yoki izoh beriladi. Ikkinchisi esa shunchaki “ignor” qilish, o‘zini go‘yoki hech narsadan xabari yo‘qday tutish. Bunday holat bora-bora jamoatchilik bilan aloqalarda inqirozga olib keladi. Rasmiy va aniq ma’lumot yo‘q joyda turli shubha-gumonlar paydo bo‘ladi. Munosabat berilmasdan, sirligicha qoldirilmoqchi bo‘lgan voqea unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiraveradi.

Ana shunday davlat tashkiloti axborot xizmatlaridan biri Bosh prokuraturaga tegishlidir.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov so‘nggi vaqtlarda Kun.uz'ning turli jinoyatlarga doir so‘rovlariga tanlab-tanlab javob beryapti. Ayniqsa, hokimiyat vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sud xodimlari ustidan ochilgan ko‘plab jinoyat ishlarining taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda. Bu boradagi so‘rovlar esa javobsiz qoldirilyapti.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov

Oxirgi oylarda misollarga o‘tsak. Garchi Hayot Shamsuddinovdan so‘ralgan bo‘lsa-da:

  • 2022 yil oktyabrda oyida Toshkentda 3 nafar sobiq sudyalar jinoyat ishi doirasida qamoqqa olingani;
  • 2022 yil avgust oyida Toshkent shahar Chilonzor tumanida yo‘lni kengaytirish ishlari sabab ko‘p yillik daraxtlariga ziyon yetkazilgani yuzasidan ochilgan jinoyat ishi natijasi haqida (qonun talabi bo‘yicha dastlabki tergov muddati 3 oy va bu muddat amalda o‘tib bo‘lgan);
  • 2021 yil dekabr oyida sobiq Olmazor tumani prokurori, Bosh prokuraturaning sobiq boshqarma boshlig‘i, sobiq maxsus prokuror A.T. ko‘p miqdordagi pora olishda gumonlanib qo‘lga olinganiga doir xabarlarga;
  • 2022 yil avgust oyida Tashkent City obektlarining qurilishi uchun imtiyozli narxlarda ajratilgan metall prokatining bir qismi noqonuniy ravishda uchinchi shaxslarga naqd pulga sotilgani haqidagi xabarga;
  • Yunusobod tumani Amir Temur 1-uyning yonidagi 1,5 sotix yer maydonidagi daraxtlarning pastki qismlari noma’lum shaxslar tomonidan kesilib, jami 10 dona eldor qarag‘ayi daraxtlariga shikast yetkazilganiga oid jinoyat ishi yakuni bo‘yicha;
  • 2021 yil aprel oyida Toshkent shahrida yuzlab reklama bannerlari hech qanday huquqiy asos ko‘rsatilmasdan buzib yuborilgani bo‘yicha savollarimiz javobsiz qoldi.
  • 2021 yil oxirlarida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda jinoyatchilik holatlari oshgani, jinoyatchilar orasida “soliqchilar” paydo bo‘lgani haqida gapirib, poytaxt bosh prokurorini ham tanqid qilgan edi. Prezident tilga olgan jinoyatchilar kimligi va ularga qarshi olib borilgan choralar haqida esa ma’lumot berilmadi.

Bu kabi misollarni yana davom ettirish mumkin. Bosh prokuraturadan ma’lumot olish qiyinlashib ketgani haqidagi e’tirozimizga javoban, Hayot Shamsuddinov bu holatni “ishi ko‘payib ketgan”i bilan izohladi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerak, bu lavozimda 2019 yili ish boshlagan Shamsuddinov faoliyatining dastlabki davrida hozirgidan ko‘ra OAVga ancha ochiq edi. Ko‘plab holatlarda so‘rovlarimizga javoban tezkor ma’lumot taqdim etib borayotgandi. Bu – AOKAning o‘sha vaqtdagi rahbarlari davlat organlarining axborot xizmatlariga qat’iy talablar qo‘ya olgani bilan bog‘liqdir, ehtimol.

Prokuratura tizimida yopiqlik siyosatiga xayrixoh boshqa axborot xizmati vakillari ham borki, ularni alohida eslab o‘tmay bo‘lmaydi. Toshkent shahar prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Xurshida Rahmonova ham jurnalistning so‘rovlariga bepisand ekanini yashirib o‘tirmaydi. Unga yuborilgan so‘rovlarni odatda ko‘rmaganlikka oladi yoki keyinroq javob berishini aytib, shunchaki “unutib” yuboradi.

Prezidentning 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati haqida OAVga to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borishdavlat organlari axborot xizmatlari va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xizmatlarining asosiy vazifasi deb belgilangan.

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 35-1-moddasiga ko‘ra, OAV vakillari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rov bilan og‘zaki yoki yozma shaklda murojaat qilish huquqiga ega.

OAV vakillarining so‘rovi ko‘pi bilan 7 kun muddatda ko‘rib chiqilib, javob berilishi yoki rad qilinsa ham, bu haqda asoslantirilgan javob yuborilishi kerak.

Bosh prokuraturadan ma’lumot olish qiyinlashib ketganiga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi e’tibor qaratishi zarur.

Qolaversa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ham bu borada majburiyatlari borligini eslatib o‘tamiz. Prezident farmoniga ko‘ra, agentlik ochiqlikni ta’minlash sohasini doimiy monitoring qilishi kerak; davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan OAV orqali samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga ko‘maklashishi lozim.

Aksilkorrupsion organga bu majburiyatlar bekorga yuklatilmagan. Chunki odatda davlat organlari o‘z tuzilmalaridagi jinoyatlar haqida xalqni xabardor qilishdan manfaatdor emas. Bosh prokuratura ochiqlamayotgan ma’lumotlarning ko‘pi aynan huquq tizimidagi kamchiliklarga taalluqli.

Bu kabi vaziyatlarga AOKA va Aksilkorrupsiya agentligining birgalikdagi reaksiyasi talab etiladi. Reaksiyaning bo‘lmasligi esa o‘zi shundoq ham ko‘payib borayotgan bu kabi holatlar yana ham avj olishiga, OAV so‘rovlariga befarqlik kengroq tarqalishiga zamin yaratadi.

Mamlakat hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi bosh prokuror boshchiligidagi qonun himoyachilari jamoasi axborot siyosatida ham boshqalarga o‘rnak bo‘lishiga umid qilib qolamiz.

Mavzuga oid