Sport | 12:33 / 21.11.2022
23291
6 daqiqa o‘qiladi

JCh-22. Turnirning ilk golini VAR bekor qildi, keyingi gol penaltidan urildi

Turnir start oldi. Mundiallarning 92 yillik tarixida ilk bor mezbon jamoa ochilish o‘yinida yutqazdi.

JCh-2022. 1-tur. A guruhi
Qatar — Ekvador 0:2

Gollar: Valensiya (16 penalti, 31). 
Qatar – Ash Shib, Pedro, Huhi, Hasan, Ar Ravi, Ahmad, Xotam, Budiaf, Al Haydos (Vaad, 72), Almoaz (Muntari, 72), Afif. 
Ekvador – Galindes, Presiado, Torres, Inkapie, Estupinyan, Plata, Ibarra (Sarmiyento, 68), Mendes, Kaysedo (Franko, 90), Valensiya (Sifuyentes, 77), Estrada (Rodriges, 90).
Ogohlantirishlar: Ash Shib (15), Almoaz (22), Kaysedo (29), Mendes (25), Afif (78).

Ko‘pchilik allaqachon Qatardagi jahon chempionatini tarixdagi eng mojarolisi deb atamoqda — turnir starti arafasida chindan ham qator tashvish uyg‘otuvchi holatlar bo‘lib o‘tdi. Turli shov-shuvli voqealar fonida (o‘yinlar boshlanishiga ikki kun qolganida stadion hududida alkogolli ichimliklar sotilishi taqiqlanishi kabi) butkul yomon xabar tarqaldi — unga ko‘ra qatarliklar Ekvador jamoasining sakkiz futbolchisini ochilish o‘yinini 0:1 hisobida boy berishlari uchun sotib olishgani aytildi. Hatto aniq raqamlar keltirildi — 7,4 million dollar.

Lekin bu mish-mishlar quruq safsata bo‘lib chiqdi: manbalar juda shubhali edi, bu ma’lumotni birorta yirik nashr tasdiqlamadi. Qolaversa, bunday darajadagi va keng yoritiladigan turnirda kelishilgan o‘yinlar bo‘lishi imkonsiz ish edi.

O‘yinning ilk daqiqalaridanoq Ekvador tarqalgan mish-mishlar haqiqatga butkul zid ekanini isbotlashga kirishdi: janubiy amerikaliklar ilk daqiqalardanoq o‘yin nazoratini qo‘lga olishdi va raqibga o‘z hududiga o‘tishga deyarli imkon bermadi. Ekvadorliklar hujumchisi Enner Valensiya o‘yinning uchinchi daqiqasidayoq darvozani ishg‘ol etdi, ammo bu gol Valensiyaning hujumdagi sherigi Maykl Estrada ofsaydda qolib ketgani tufayli bekor qilindi. Ofsaydni aniqlashda yangi texnologiya katta sahnaga chiqdi.

Ammo ekvadorliklar to‘xtash haqida o‘ylashmadi. O‘n daqiqa o‘tib yana Valensiya diqqat markazida bo‘ldi — jarima maydoniga kirib borib, darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqqan hujumchi yiqitildi. Bu vaziyatda hakamda 11 metrli nuqtani ko‘rsatishdan boshqa variant yo‘q edi. Tajribali Enner esa maksimal darajadagi xotirjamlik bilan darvozabon va to‘pni boshqa boshqa burchaklarga yo‘naltirdi. Turnirning hisoblangan goli penaltidan urildi. Bu jahon chempionatlari tarixida ilk bor turnirning 1-goli penaltidan urilishi bo‘ldi.

O‘yinning barcha jabhalarida qatarliklardan ustun bo‘lgan Ekvador bosim qilishda davom etdi — lotinamerikaliklar saralash bosqichida ham ajoyib natijalar qayd etgan va yuqori saviyadagi jamoa ekanini namoyish qilishgandi, bu yerda esa «qotil» rejimi yoqildi, har bir to‘qnashuvda maksimal qat’iyat ko‘rsatildi va raqibga to‘pga egalik qilish imkonini berishmadi. Natijada ko‘p o‘tmay, Al-Sheyeba darvozasiga ikkinchi gol ham yo‘llandi va yana Valensiya o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Enner ikki golini taniqli ekvadorlik forvard Kristian Benitesga bag‘ishladi, u 2013 yili, 27 yoshida Qatar poytaxti Dohada yuragi to‘xtab vafot etgandi — shu tufayli jamoaning barcha futbolchilari gollarni birgalikda, maydonga tiz cho‘kkan holda nishonlashdi.

Enner birinchi bo‘limning asosiy yulduzi bo‘ldi — penalti ishladi, ikki gol urdi va ikki marta to‘qnashuvlarda jarohat oldi, bu to‘qnashuvlardan birida uni maydondan olib chiqish uchun zambil ham chaqirishdi. Ammo 2014 yilgi jahon chempionatida ham Ekvadorning uch goliga mualliflik qilgan ushbu faxriy futbolchi nafaqat mahoratini, balki xarakterini ham namoyish etdi va ikki safar ham maydonga qaytdi.

Qatarliklar esa o‘yin davomida o‘ta qo‘pol harakat qilishdan boshqa narsa ko‘rsata olishmadi — raqib darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar deyarli yuzaga keltirilmadi, mudofaada bo‘sh nuqtalar ko‘p edi, pressing kuchsiz bo‘ldi, hatto kombinatsiyalar amalga oshirilmadi — ko‘p hollarda uchinchi yoki to‘rtinchi uzatmadan keyin to‘p yo‘qotildi. JCh mezboni ochilish o‘yinida bu qadar yomon o‘ynab, imkonsiz ko‘ringani oxirgi bor qachon ro‘y berganini eslash qiyin. Bo‘lim davomida faqat bir bor — 25 metr masofadan tribuna tomon zarba yo‘llandi.

Adolat uchun aytish kerak, ikkinchi bo‘limda qatarliklar nisbatan yaxshiroq ko‘rindi — hatto darvoza sari uch bor zarba yo‘llandi, lekin ularning birortasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Aftidan, mezbonlarning faollashuvi tanaffusdan keyin raqib ancha sovuqqonlik bilan harakatlana boshlagani tufayli ro‘y berdi — Ekvador endi oldinga tashlanishga shoshilmadi va qoniqarli hisobga erishilganida kuch tejab o‘ynay boshladi.

O‘yinda shu hisob saqlanib qoldi — Ekvador ishonchli g‘alabaga erishib, guruhdan chiqish uchun katta qadam tashladi, yarim yil davomida turnirga qattiq tayyorlangan Qatar esa hech narsa ko‘rsata olmadi. Shu tariqa, mundiallarning 92 yillik tarixida ilk bor mezbon jamoa ochilish o‘yinida yutqazdi.

Guruhning ikkinchi o‘yinida bugun Niderlandiya Senegal bilan bahs yuritadi.

Mavzuga oid