Sport | 13:31 / 22.11.2022
35240
21 daqiqa o‘qiladi

Mundial kundaligi: Turnirdagi ilk og‘ir jarohat, Baydenning qo‘ng‘irog‘i va Liberiya prezidenti o‘g‘li urgan gol

Qatardagi jahon chempionatining ikkinchi kunidagi asosiy voqealar, gollar va guruhlardagi vaziyat.

Garet Sautgeyt jamoasi turnirni ishonch bilan boshladi. Angliya chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri

Angliya – Eron 6:2
Gollar: 1:0 – 35 Bellingem, 2:0 – 43 Saka, 3:0 – 45 Sterling, 4:0 – 62 Saka, 4:1 – 65 Toremiy, 5:1 – 71 Reshford, 6:1 – Grilish 90, 6:2 – 90+12 Toremiy.
Angliya – Pikford, Tripper, Maguayr (Dayyer, 70), Stounz, Shou, Rays, Maunt (Foden, 71), Saka (Reshford, 71), Bellingem, Keyn (Uilson, 76), Sterling (Grilish, 71).
Eron – Beyranvand (Huseyni, 19), Muharramiy, Puraliganjiy, Chashmiy (Kananizodagon, 46), Husseyni, Muhammadiy (Turobiy, 63), Jahonbaxsh (Gulizoda, 46), Xojsafiy, Karimiy (Izzatullohiy, 46), Nurollohiy (Ozmun, 77), Toremiy.
Ogohlantirishlar: Jahonbaxsh (25), Puraliganjiy (48).

Futbol soyasida

Jahon chempionati odatda «futbol bayrami» bo‘lardi. Muxlislar bu turnir davomida faqat o‘yinlar haqida o‘ylab, gollardan, fintlardan va shunchaki tomoshadan rohatlanishardi. Ammo so‘nggi vaqtlarda «futbol siyosatdan xoli» iborasi amalda emasligi borasida shubhalar paydo bo‘ldi. Jahon chempionatida bu shubhalar faqat tasdiqlanmoqda.

Angliya va Eron turnirdagi ikkinchi o‘yinni o‘tkazishdi, ammo shu o‘yinning atrofida allaqachon ikki tomonda ham futboldan tashqaridagi voqealar bo‘lib o‘tdi. Forslar mamlakati so‘nggi ikki oyda dunyodagi eng jiddiy muhokamalar markazida bo‘lib turibdi — Eronda ayollarga munosabat masalasi keskinlashgan, shu tufayli mahalliy tashkilotlardan biri FIFAni Eron termasini jahon chempionatidan chetlatishga ham chaqirdi. Bu mavzuda «Bayyer» hujumchisi Sardor O‘zmun ham gapirdi, bosh murabbiy Karlush Keyrushga esa o‘yindan oldingi matbuot anjumanida noqulay savol berishdi. Jamoa baribir Qatarga yetib keldi, ammo futbolchilar mamlakat rahbariyatidan norozilik belgisi sifatida madhiyani kuylamaslikka qaror qilishdi.

Angliyaning ham o‘z tarixi bor. Ushbu mamlakat nashrlari Qatar atrofida salbiy fon yaratishda faol — VVS norozilik sifatida ochilish o‘yinini namoyish etmaslikka qaror qildi, buning o‘rniga Gari Lineker boshqa mehmonlar bilan birgalikda inson huquqlari, migrantlar va boshqalarni muhokama qilib o‘tirdi. So‘nggi lahzalargacha Harri Keyn qanday sardorlik bog‘ichida (LGBTni qo‘llab-quvvatlash masalasi) maydonga tushishi ma’lum emasdi. Hatto reglamentda ko‘zda tutilmagan ekipirovka uchun sariq kartochka berilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Yakunda barchasi o‘yinga bir soat vaqt qolganida hal bo‘ldi — FIFA Angliya va boshqa federatsiyalarga bosim o‘tkazdi, Keyn esa kamalakrang bog‘ichni VVS jurnalisti Aleks Skottga topshirdi. Lekin Angliya termasi boshqa ritualdan voz kechmadi — o‘yin boshlanishi arafasida futbolchilar maydonda tiz cho‘kib turishdi (qora tanlilarni qo‘llab-quvvatlash uchun). Ya’ni o‘yin boshlanishiga soniyalar qolganida ham futbolchilar faqat o‘yin haqida o‘ylashmayotgandi.

Darvozabonning burni sinishi va birinchi bo‘limga qo‘shilgan 14 daqiqa

O‘yin vaqtida esa shiorlar va norozilik aksiyalari kuzatilmadi. Eron besh himoyachi bilan tig‘iz himoyalandi, Angliya ko‘p vaqt davomida to‘pga ustunlik qildi, ammo ancha ehtiyotkorlik bilan hujum qildi. Dastlabki sakkiz daqiqadagi yagona xavfli yurish Eron darvozaboni Beyranvandning og‘ir jarohat olishi bilan yakunlandi — u o‘z himoyachisi bilan to‘qnashib ketdi, burni sinib qonadi va juda uzoq davom etgan pauzadan keyin baribir uni almashtirishdi.

Shu tufayli bosh hakam birinchi bo‘limga bemisl darajadagi 14 daqiqani qo‘shib berdi.

O‘n daqiqa ichidagi natija

Pauza o‘yin sur’atini o‘ldirdi. Bunga qadar ham o‘yin tempi yuqori emasdi, ammo asta-sekinlik bilan ko‘tarilayotgandi. Angliya yana barchasini qaytadan boshlashiga to‘g‘ri keldi, tashabbusni qo‘lga olishda inglizlarga yana standart vaziyatlar yordam berdi. 2018 yilgi jahon chempionatida Garet Sautgeyt jamoasi 12 goldan 9 tasini burchak yoki jarima zarbalaridan keyin urgandi, Yevro-2020 turnirida esa standart vaziyatlardan yo‘llangan zarbalar soni bo‘yicha barcha jamoalar ortda qoldirildi. Shu tufayli Eronga qarshi birinchi bo‘limda burchak zarbasi ijro etilgach, gol urilgani mantiqiy bo‘ldi.

Ammo bundan oldinroq Bellingem pozitsion hujumdan so‘ng hisobni ochdi. Keyin Maguayrning zarbasi to‘singa tegdi, biroz o‘tib u boshqa burchak tomonda yaxshi o‘ynadi — himoyachi to‘pni zarba berishga chog‘lanib turgan Sakega qulay qilib tashlab berdi. 19 yoshli Bellingem va 21 yoshli Saka XXI asrning jahon chempionatida gol urgan ilk bolalari bo‘ldi.

Eron yaxshi qarshilik ko‘rsata olmadi, britanlar esa vaziyatlardan unumli foydalanishdi. Bo‘limga qo‘shib berilgan 14 daqiqalik boshlanganida Sterling Keynning uzatmasini golga aylantirdi. Jamoalar tanaffusga yirik hisobda yo‘l olishdi.

Mantiqiy mag‘lubiyat

Ikkinchi bo‘limga Keyrush birdaniga uch nafar yangi futbolchini tashladi, ammo o‘yin strukturasini o‘zgartirmadi. Eronliklar faollashdi va oldinroqda pressing qilishdi, ammo bu baribir natija keltirmadi. Angliya esa iyundan buyon qo‘llanmagan 4-2-3-1 sxemasiga yaxshi moslashdi va Eronni standart vaziyatlardagi uzatmalar bilan qiynashda davom etdi. Britanlarda jarima zarbasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri urilgan gol bo‘lishi ham mumkin edi, ammo Tripperning zarbasini «jonli devor» to‘sib qoldi.

Eron ko‘pchilikning ishonchini oqlamadi. Jamoa uchrashuv favoriti sanalishdan yiroq edi, ammo tajribali murabbiyga egga bo‘lgan va 2018 yilgi jahon chempionatida yaxshi ishtirok etgan bu jamoa yaxshiroq qarshilik ko‘rsatishini kutish mumkin edi. Holatni to‘rtinchi gol ham aniq ifodalaydi — Sakaga jarima maydonida istaganini qilishga yo‘l qo‘yib berildi, himoyachilar unga yaqinlashishmadi «Arsenal» vingeri dublni rasmiylashtirdi.

Forslar baribir javob golini urishdi — Angliya raqib hujumini o‘tkazib yubordi, Maguayr o‘tkazib yuborgan to‘pga ega chiqqan Torimiy Pikfordga imkon qoldirmadi. Ko‘p o‘tmay Maguayr jarohat olib o‘yindan olindi. 77-daqiqada O‘zmun maydonga tushdi, ammo bu mavsum jarohat tufayli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan futbolchi o‘yin oxirida yakkama-yakka vaziyatdan gol ura olmadi, uning zarbasi darvozabonning barmoqlariga tegib o‘tib, darvoza to‘sinidan maydondan tashqariga chiqib ketdi. Inglizlarda esa futbolchi almashtirishlar ish berdi — Reshford maydonga tushishi bilanoq Keynning uzatmasidan gol urdi, 90-daqiqada esa Grilish Uilsonning pasidan oltinchi golni urdi.

Qariyb yarim soat qo‘shimcha vaqt

Eron o‘yin oxirida baribir yana bir gol urdi — Torimiy ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 13-daqiqada penaltini aniq ijro etdi. Umuman olganda, jamoalar ikki bo‘limda jami yarim soat qo‘shimcha vaqt o‘tkazishdi, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda keskin noroziliklarga sabab bo‘lmoqda - bunday zo‘riqish ko‘plab jarohatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo, aftidan, jahon chempionatida endi doim shunday bo‘ladi — hakamlarga o‘yindagi to‘xtalishlar uchun ko‘proq vaqt qo‘shib berish tavsiya etilgan.

6:2 — bunday uchrashuv uchun juda beo‘xshov hisob, ammo shu bilan birga jamoalar bunga haqli edi. Angliya Sautgeyt davridagi eng oson g‘alabalaridan biriga erishdi va Millatlar ligasidagi yomon ishtirokdan keyin jamoa raqobatdarbosh emasligi haqidagi fikrlarni yo‘qqa chiqardi. Ammo bu haqiqiy sinov emasdi, AQShga qarshi kechadigan keyingi uchrashuv Angliya uchun ancha qiyinroq bo‘lishi tayin.

Niderlandlar oson bo‘lmagan g‘alaba bilan boshlashdi. Afrika chempionlari niderlandlardan yaxshiroq o‘ynashdi, ammo ularning harakatlarini «Chelsi» darvozaboni yo‘qqa chiqardi

Senegal – Niderlandiya 0:2
Gollar: 0:1 – 84 Gakpo, 0:2 – 90+9 Klassen.
Senegal – Mendi, Sabali, Kulibali, Sisse, Diallo (Yakobs, 62), Kuyate (Guyye, 73), Guyye, Mendi, Sarr, Diatta (Djyekson, 74), Dia (Deng, 69).
Niderlandiya – Noppert, Dumfris, van Deyk, Ake, de Ligt, Blind, de Yong, Bergeys (Kopmeyners, 79), Yanssen (Depay, 62), Bergveyn (Klassen, 79), Gakpo.
Ogohlantirishlar: de Ligt (56).

Xayrlashuv akkordi

Qatardagi turnir — Lui van Gaalning oqqush qo‘shig‘idir. Onkologiya bilan kurashayotgan 71 yoshli mutaxassis jahon chempionatidan keyin nafaqaga chiqadi, u bilan birga butun davr poyoniga yetadi. Ayniqsa niderlandlar terma jamoasi uchun, ular 2014 yil van Gaal bilan JCh-2014 bronza medallarini qo‘lga kiritganidan keyin turg‘unlik davrini boshdan kechirdi.

«Apelsinranglilar» Yevro-2016 va JCh-2018 turnirlarini o‘tkazib yuborishdi. Ronald Kumanning faoliyati ular uchun tunnel ortidagi yorug‘lik nuri bo‘lib ko‘ringandi, ammo uni «Barselona» chaqirgach, orzusidagi ishi uchun barchasini yarim yo‘lda qoldirdi va Yevropa chempionatini qurbon qildi. Niderlandlar turnirga Frank de Bur boshchiligida borishdi, guruh bosqichidagi yorqin ishtirokdan keyin, pley-offning ilk bosqichida Chexiyadan mag‘lubiyatga uchraldi.

Terma jamoa bilan Millatlar ligasida g‘olib chiqqan Kuman esa mundialdan keyin jamoaga qaytadi. Bu  ro‘y berganida — halqa aniq yopiladi, chunki Ronald sakkiz yil oldinroq van Gaalning o‘rniga kelishi kerak edi, ammo o‘shanda Niderlandiya Qirollik futbol ittifoqi amaldorlari birdaniga barcha kelishuvlarni unutib, Guus Hiddinkka ishonch bildirishgan va shu bilan milliy jamoaning to‘rt yili havoga sovrilgandi.

Darvozabonlik debyuti

So‘nggi titulini qo‘lga kiritish istagini yashirmayotgan van Gaal futbolchilariga ishonmoqda va o‘zini omadli deb atamoqda. Lekin ko‘rinib turibdiki, jamoaning hozirgi avlodiga 2014 yilgi tarkibdagi Robben, Kyuyt, van Persi, Snayder kabi mahoratli ijrochilar yetishmaydi. Van Deyk, Frenki de Yong yoki Gakpo kabi hozirgi yetakchilar yaqqol ajralib turgan bo‘lsa-da, ularning jamoadagi ahamiyati Senegaldagi Mane kabi emas.

Afrikaliklar uchun «Bavariya» forvardi — shunchaki futbolchi emas. U jamoa yetakchisi va uning qalbi. «Teranga sherlari»ni yetti yarim yildan buyon boshqarayotgan Aliu Sisse qishda jamoa bilan ilk bor Afrika Kubogida g‘olib chiqdi. U Manening safdan chiqishiga kutilganidek reaksiya qildi, chapda Mane o‘rniga Sarr, o‘ngda esa «Monako» a’zosi Diatta harakat qila boshladi.

Van Gaal esa tarkib tanlashda hayron qoldirishni biladi va bu o‘yinda ham bir qancha syurprizlarni ko‘rish mumkin edi. Birinchidan, endigina tiklangan Depay o‘rniga uch mavsum Meksikada o‘ynab, shu yil yozida Yevropaga qaytgan Yanssen tushirildi. Ikkinchidan, darvozaga tajribali Pasver o‘rniga 28 yoshiga kelib hali terma jamoaning birorta o‘yinida maydonga tushmagan, klub miqyosida esa atigi 51 o‘yin o‘tkazgan Noppert tanlandi. Buni sensatsiya deyish mumkin, chunki bu murabbiy penaltilar seriyasi uchun yangi darvozabon tushirardi.

Epizod qiymati

Birinchi bo‘limda afrikaliklar yomon ko‘rinishmadi va ma’lum vaqtlarda raqibdan yaxshiroq ham edi. Van Deyk Sarrning darvoza burchagiga yo‘l olgan kuchli zarbasini boshi bilan to‘sib qoldi. Niderlandlar to‘pga egalik qilish borasida ustundek ko‘rindi, ammo tanaffusga qadar kuzatilgan yagona yuz foizlik vaziyatda de Yong zarba berish uchun qulayroq vaziyat tanlashga kirishib, barchasini chippakka chiqardi. U to‘pni yonga olib o‘tish bilan ikki himoyachini yo‘ldan oldi, ammo Kuyate to‘pni uzoqqa tepib yubordi.

Bu epizodlarning bari noaniq taassurot hosil qiladi. Bir tomondan, bu saviya borasida nisbatan teng bo‘lgan jamoalarning ilk to‘qnashuvi edi. Boshqa tomondan — bu o‘yinda gollar yomg‘irini kutish kerak emasdi. «Teranga sherlari» juda kam gol o‘tkazishadi, Afrika Kubogida ham ular yetti uchrashuvda faqat ikki bor raqibni o‘tkazib yuborgan. Hatto Diallo va Kuyate majburan maydondan olinishi ham senegalliklar himoya qo‘rg‘oniga ta’sir o‘tkazmadi. Lekin maydondagi futbolchilarning barcha sa’y-harakatlarini yaqin vaqtlargacha mahoratli darvozabon sifatida ko‘rilgan Eduar Mendi yo‘qqa chiqardi, u to‘pga chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va amalda ichkaridan yugurib kelgan Gakpoga gol sovg‘a qildi.

Ko‘rinishidan, «Chelsi» darvozabonining muammosi oyoq bilan yaxshi o‘ynay oladigan birinchi raqamli posbon istayotgan Grem Potterning talablari bilan bog‘liq emas. Bu vaziyatda amalda Mendidan qutqarish ham talab etilmasdi — u shunchaki o‘z ishini qilishi kifoya edi. Bu vaqtda esa Noppert ketma-ket seyvlar amalga oshirayotgandi. Van Gaalning kutilmagan qarori yana o‘zini oqladi. Ehtimol, u o‘zi aytgani kabi omadli shaxsdir — va birgina bu o‘yin jamoaning imkoniyatlariga baho berish uchun yetarli emasdir. Qolaversa, keyingi o‘yinda Depay (u ikkinchi golda ishtirok etdi va yana Mendi xato qildi) asosiy tarkibda o‘ynaydi, u bilan esa jamoa butunlay boshqacha ko‘rinish oladi.

AQShning jahon chempionati o‘yinidagi asosiy qahramoni — Liberiya prezidentining o‘g‘li bo‘ldi. Timoti Vea otasi uddalay olmagan ishni qildi

Foto: Reuters

JCh-2022. 1-tur. V guruhi
AQSh — Uels 1:1
Gollar: Vea (36) — Beyl (82, penalti).
AQSh – Terner, Dest (Yyedlin, 74), Rim, Tsimmerman, Robinson, Adams, Makkenni (Aaronson, 66), Musa (Akosta, 75), Pulishich, Vea (Morris, 88), Sarjyent (Rayt, 74). 
Uels – Hennessi, Robers, Devis, Rodon, Mifem, Uilyams (Jonson, 79), Ampadu (Morrell, 90+5), Remzi, Uilson (Tomas, 90+3), Beyl, Jyeyms (Mur, 46).
Ogohlantirishlar: Dest (11), Makkenni (13), Beyl (40), Mifem (45), Rim (51), Akosta (90+10).

O‘yindan oldin AQSh prezidenti Jo Bayden jamoaga qo‘ng‘iroq qilib, omad qiladi. Prezident gapini «Murabbiy, meni ham tarkibga qo‘y. Maydonga tushishga tayyorman», deya hazil bilan boshladi. Futbolchilardan esa ko‘ngildan o‘ynashni, barchani hayratda qoldirishni so‘radi.

AQSh Qatardagi jahon chempionatiga juda qiziqarli tarkib bilan tashrif buyurgan. Muxlislar bu mamlakat termasi Yevropa chempionatlaridagi bir necha futbolchini olib, tarkibni asosan okeanortidagi kurashuvchan va nomdor bo‘lmagan futbolchilar bilan to‘ldirishiga odatlanib qolishgandi. Ammo bu safar boshqacha — MLS vakillari ham bor, ammo jamoa o‘zagi — Yevropaning kuchli klublari futbolchilaridan tarkib topgan.

Darvozabon Terner «Arsenal» vakili, himoyachi Dest — «Milan» a’zosi, havbeklar Makkenni va Reyna — mos ravishda «Yuventus» va Dortmundning «Borussiya» klublarida to‘p tepishadi. Jamoaning asosiy yulduzi esa — «Chelsi» vingeri Kristian Pulishich. Qolaversa, «Valensiya», «Lids», «Borussiya» M klublaridan olingan istiqbolli yosh futbolchilar bor. Albatta, AQShning yashirin favorit deyish mubolag‘a bo‘lib ketadi, ammo bu jamoa pley-offga chiqishga umid qilishi mumkin.

Shunday bo‘ldi ham, V guruhidagi birinchi turda ko‘p narsa oydinlashardi. Angliya Eron ustidan 6:2 hisobida g‘alaba qozonish orqali kvartetning yaqqol favoriti va autsayderini ko‘rsatib berdi. AQSh esa Uels bilan guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqish uchun kim da’vogar ekanini hal qilishi kerak edi.

Uelsliklar jahon chempionatiga 1958 yildan buyon ilk bor tashrif buyurishdi. Beyl va Remzi endi 30 yoshdan oshgan, ikkisi ham anchadan buyon Yevropada yetakchi futbolchilar sanalmay qolgan, ammo Uels Yevro-2016 turniridagi tayanch nuqtalarini saqlab qolgan — pressing, kuchli himoyachilar, to‘psiz o‘ynash mahorati va qarshi hujumlar.

Bu ikki jamoa o‘yini hisobini bilgan holda bu o‘yindan nima kutilganini aytish oson. AQSh to‘pga egalik qildi va himoyachilar orasidan to‘pni o‘tkazgan holda raqib mudofaasini sinovdan o‘tkazib, hujumlarni rivojlantirishga urindi. To‘pga egalik qilish bo‘yicha 67 foiz ustunlikka erishilgani holda amerikaliklar darvoza tomon atigi uch bor zarba berishdi va shundan faqat bittasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi. Lekin shuning o‘zi muvaffaqiyat uchun yetarli bo‘ldi.

AQSh termasiga keskinlik va begona darvoza atrofida bo‘shliqlar yetishmadi, to‘pga egalik qilish esa deyarli samarasiz edi. Ammo o‘yinning 35-daqiqasida uelsliklar maydon markazida xatoga yo‘l qo‘yishdi — hujum boshlagan Pulishich hujumchi Timoti Veani darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqardi. U esa uyaltirmadi.

Timoti — Afrikadan «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan ilk futbolchi, 2017 yilda Liberiyaning 25-prezidentiga aylangan afsonaviy Jorj Veaning o‘g‘li hisoblanadi. Futboldagi yuqori natijalariga qaramay, katta Vea hech qachon jahon chempionatlarida o‘ynamagan — uning o‘g‘li esa ham o‘ynadi, ham gol urdi. Liberiya prezidentining o‘g‘li jahon chempionatida AQSh uchun gol urishi — doim ham bo‘lavermaydigan voqea.

Tanaffusdan keyin o‘yin kartinasi biroz o‘zgardi — amerikaliklar himoya haqida ko‘proq o‘ylay boshladi, Uels esa o‘ziga xos uzatmalar bilan jarima maydonidagi vaziyatni keskinlashtirib turdi va raqib maydonida to‘p uchun kurashib, uni olib qo‘ya boshladi. 65-daqiqada Terner uelslik Devisning bosh bilan bergan zarbasidan keyin jamoasini muqarrar goldan qutqardi.

AQShda ham raqibni bo‘sh qoldirilgan hududlardan foydalanib, jazolash uchun vaziyatlar bo‘ldi, faqat amerikaliklar bundan foydalana olishmadi. Va yakunda buning to‘lovini qilishdi — 80-daqiqada himoyachi Tsimmerman jarima maydoni ichida shu vaqtgacha uncha ko‘zga tashlanmay turgan Garet Beylni yiqitdi. Tajribali futbolchi penaltini aniq ijro etdi.

Bu hozircha jahon chempionatining eng yakkakurashlarga boy bo‘lgan o‘yini bo‘ldi. Vaziyatlar ham kam bo‘lmadi — muxlislar turli uslublar va turli syujyetlar hamda o‘yin borishining turli ssenariylariga guvoh bo‘lishdi. 1:1 — nisbatan teng kuchli jamoalar o‘yini uchun adolatli natija. Sifatli futbol borasida savollar bo‘lsa ham, bunaqa o‘yinlar hatto yirik turnirlarda ham tez-tez uchrab turadi. Shu bilan birga, o‘yinda boshqa narsa ko‘proq edi — asabiylik va qizg‘inlik. Bu esa ancha jozibali ingrediyentdir.

Mavzuga oid