Sport | 15:28 / 22.11.2022
21570
7 daqiqa o‘qiladi

Nega JCh-2022 o‘yinlarida 10+ daqiqa qo‘shilyapti? FIFA tajribasi tafsilotlari

JCh-2022 startining asosiy xususiyati - o‘yinlar davomiyligi. Har bir bo‘limga odatdagidan ko‘p daqiqa qo‘shilyapti. Angliya - Eron o‘yini umumiy rekordni yangiladi: birinchi bo‘limga 14 daqiqa, ikkinchi bo‘limga 10 daqiqa qo‘shildi. Oxirida VAR uchun yana 3 daqiqa. Nega o‘yinlarga bunchalik ko‘p vaqt qo‘shilmoqda?

Foto: Getty Images

JCh-2022 startida o‘tkazilgan o‘yinlarning umumiy vaqti tahlil qilinsa, quyidagi ko‘rsatkichlarni olish mumkin:

● Qatar – Ekvador – 100 daqiqa 18 soniya

● Angliya – Eron – 117 daqiqa 16 soniya

● Senegal – Niderlandiya – 102 daqiqa 49 soniya

● AQSh – Uels – 104 daqiqa 30 soniya.

Qoidalar o‘zgarmadi — FIFA o‘yin vaqtini cho‘zishga qarshi kurashmoqda

Jahon va Yevropa chempionatlari har doim tajriba natijalarini namoyish etish uchun maydondir. FIFA uzoq vaqtdan beri kichik turnirlarda katta amaldorlarning turli fantaziyalarini sinab ko‘ryapti, ularning eng yaxshilari hatto jahon chempionatiga ham yetib kelmoqda.

2018 yilgi jahon chempionatida dunyo VAR qanchalik tez ishlashini ko‘rdi. Ilgari futbol simulyatsiyalar, havodagi tirsaklar, hakamlarga qarshi bosim bilan kurashar edi. Odatda, bunday turnirlardan keyin innovatsiyalar barcha milliy chempionatlarga joriy etiladi.

Qatar – Ekvador o‘yinida ofsaydni aniqlashning yarim avtomatik tizimidan foydalanildi. Bundan tashqari, FIFA o‘yin vaqtini nazorat qiluvchi qo‘shimcha zaxira hakamini joriy qildi.

Turnir oldidan FIFA hakamlari boshlig‘i Perluidji Kollina shunday dedi: «Har bir bo‘limga 7 yoki 8 daqiqa qo‘shib berilganini ko‘rib, hayron bo‘lmaslik kerak. Bu behuda yo‘qotilgan vaqtni qoplash uchun joriy qilindi». Afsonaviy italiyalik gollar 1,5-2 daqiqa nishonlanishini misol qilib keltirdi. Agar gollar bir nechta bo‘lsa-chi?

FIFA bu yangilik bilan o‘yinning «sof» vaqtini oshirishga urinmoqda.

Ikkinchi zaxira hakami pauzalar miqdorini hisoblab boradi

JCh-2022 o‘yinlarida odatdagidek bir emas, ikki nafar zaxira hakami ishlaydi.

Asosiy zaxira hakamining vazifalari kengaytirildi, endi u hakamlar jamoasining to‘laqonli a’zosi: o‘yinni ko‘proq kuzatib boradi va maydonning o‘ziga yaqin qismlari uchun javobgardir (butun jamoa bir-biri bilan aloqada bo‘ladi, maslahatlashadi).

Ikkinchi zaxira hakamining asosiy vazifasi – o‘yin vaqtini nazorat qilish. Agar ilgari vaqt shartli ravishda qo‘shilgan bo‘lsa, endi haqiqiy hisob-kitobga o‘tilmoqda. Ilgari tavsiyalar quyidagicha edi: shartli ravishda – jarohat uchun bir daqiqa, almashtirish uchun 30 soniya qo‘shish, fakt bo‘yicha, VAR uchun sarflangan daqiqalarni qoplash.

Yangi tartib bo‘yicha zaxira hakami golni nishonlash, VAR, penalti belgilash, almashtirishlar, sariq yoki qizil karta ko‘rsatilishi, futbolchining chetlatilishi, jarohat olgan futbolchiga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq vaqtni hisoblab boradi.

Ikkinchi zaxira hakami esa o‘yin davomiyligini soniyalargacha hisoblaydi va qancha «sof» vaqt sarflanganini brigadaga yetkazadi. Shundan so‘ng, asosiy vaqtga qancha qo‘shish haqida qaror chiqariladi.

Hozircha, jarima va burchak zarbalari, to‘pni autdan tashlash uchun sarflangan vaqt hisobga olinmayapti, ammo kelajakda bu tanaffuslar ham inobatga olinishi mumkin.

Albatta, Angliya – Eron o‘yinida 1-bo‘limga qo‘shilgan 14 daqiqa ko‘p tuyulishi mumkin. Aslida eronlik darvozabonga taxminan 9 daqiqa davomida tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bunga bitta almashtirish, bitta sariq karta va inglizlarning uchta goli qo‘shilsa, vaqt juda aniq hisoblanganini anglash mumkin.

Endi futbol 90 daqiqa bo‘lmaydi – kim xursand-u, kim xafa

Futbol o‘yinlari vaqti uzayishi shubhasiz, muxlislarni xursand qilishi mumkin – ayniqsa, jahon chempionati kabi yuqori saviyadagi turnir tomoshabinlarini. FIFA tomonidan bunday tajriba sinovdan o‘tkazilishidan maqsad ham shu – futbol jozibasini oshirish.

Ammo, futbolning asosiy iste’molchilari – TV kanallarining munosabati qanday bo‘ladi?

Masalan, 90 daqiqa davom etadigan o‘yin uchun (15 daqiqalik tanaffus va bo‘limlarga qo‘shib beriladigan o‘rtacha 3-4 daqiqa bilan birga) TV kanallari shu paytgacha o‘z efiridan 2 soat vaqt (120 daqiqa) ajratib kelgan. Bu ko‘pchilik hollarda yetarli bo‘lgan.

JCh–2022 o‘yinlarini tahlil qilsak, Qatar – Ekvador o‘yini kamida 116 daqiqa (101 daqiqa o‘yin vaqti + 15 daqiqalik tanaffus), Senegal – Niderlandiya o‘yini 118 daqiqa, AQSh – Uels o‘yini 119 daqiqa davom etgani ma’lum bo‘ladi. Angliya – Eron o‘yini esa 132 daqiqa! (Albatta bunda og‘ir jarohat bilan bog‘liq vaziyat inobatga olinishi kerak, bunday holat kam uchraydi).

TV kanallari futboldan oldin va keyin namoyish etiladigan reklamalar hisobiga «tirikchilik qilishi» inobatga olinsa, endi futbol uchun 120 daqiqalik efir vaqti yetarli bo‘lmaydi. TV efirining har bir daqiqasi qimmat turadi, o‘yin vaqti cho‘zilib ketishi telekanallarda muammo keltirib chiqarishi mumkin. Kelajakda bu TV shartnomalariga ham ta’sir qilish ehtimoli bor.

AQSh 1994 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilganida, mahalliy yirik telekanallar futbol bo‘limini 15 daqiqadan iborat 3 qismga ajratishni taklif qilishgandi. 45 daqiqalik vaqt ular uchun juda uzoq va reklama berish uchun jozibasiz edi. Oradan qariyb 30 yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu taklif dolzarbligini yo‘qotmagan. Yaqinda ba’zi mutaxassislar futbolni 30 daqiqadan iborat 3 bo‘limga ajratish, yoki 30 daqiqalik 2 bo‘limni joriy qilish, ammo «sof» vaqt davomida o‘ynash haqidagi taklifni ham berishdi. FIFA bu haqda o‘ylab ko‘rmoqda.

Hozircha telekanallar FIFA tajribasiga munosabat bildirmadi. Jahon chempionati startidan beri juda oz vaqt o‘tdi, yangiliklarni hazm qilish jarayoni endi boshlandi.

Mavzuga oid