Sport | 15:03 / 24.11.2022
39961
25 daqiqa o‘qiladi

Nemislarning og‘zi yopilishi, turnirning eng yirik hisobi, eng zerikarli o‘yini va eng shubhali hakamlik qarori

Qatardagi jahon chempionatining to‘rtinchi kunidagi asosiy voqealar, gollar va guruhlarda yuzaga kelgan vaziyat.

Annegret Hilse / Reuters / Scanpix / LETA

JCh-2022 turnirida yana bir sensatsiya qayd etildi, bundesligadagi yaponlar Germaniyani nokautga uchratdi

JCh-2022. 1-tur. E guruhi
Germaniya – Yaponiya 1:2

Gollar: 1:0 – 33, penalti Gundo‘g‘an, 1:1 – 75 Doan, 1:2 – 83 Asano.
Germaniya – Noyyer, Zyule, Ryudiger, Shlotterbek, Raum, Gundo‘g‘an (Goretska, 67), Kimmih, Haverts (Fyullkrug, 79), Myuller (Hofmann, 67), Gnabri (Mukoko, 90), Musiala (Gyotse, 79).
Yaponiya – Gonda, Sakai (Minamino, 74), Yosida, Itakura, Nagatomo (Mitoma, 57), Endo, Kamada, Kubo (Tomiyasu, 46), Tanaka (Doan, 71), Ito, Maeda (Asano, 57).

Nemischa jumboq

Hozirgi Germaniya milliy jamoasi hamon jumboqligicha qolmoqda. Birinchisi — Hansi Flik saralash siklini g‘alaba marshi bilan boshladi. To‘g‘ri, u yerda raqiblar Armaniston, Lixtenshteyn, Islandiya, Ruminiya va Yoaxim Lyovning davri yakunlanishiga sabab bo‘lgan Makedoniya edi.

Ikkinchi variant esa «nemis mashinasi» ta’rifiga mutlaqo mos tushmaydi. Millatlar Ligasida bu rejim faqat Italiya tor-mor etilgan (5:2) kunda yoqildi. Qolgan besh o‘yinda — to‘rt durang va uyda Vengriyadan mag‘lubiyat. Bunday natijalardan keyin jamoaga optimizm susaydi, terma jamoada yaxshi o‘ynay boshlagan Verner jarohat olgach esa, pozitivlik yanada kamaydi.

Avvalgi zamonlarda esa Germaniya deganda xayolda dastlab yuqori saviyali markaziy hujumchilar gavdalanardi. Gerd Myuller, Rummenigge, Klinsman, Feller, Birhoff, Kloze... Hozir esa zayavkada birgina klassik markaziy forvard bor — shoshilinch ravishda tarkibga jalb qilingan Mukoko, u chempionat ochilish kuni 18 yoshga kirdi. Tabiiyki, guruhning birinchi o‘yinida dortmundlik vunderkind boshlang‘ich tarkibdan joy olmadi, strayker vazifasi «Chelsi»da Tomas Tuxel davrida bu ishni yaxshi uddalagan Haversga topshirildi.

Futbolchidagi universalizm va hujum chizig‘ida kuchli ijrochilar ko‘pligi inobatga olinganda, bu eng yomon variant emas. Sane jarohat olib safdan chiqqan bo‘lsa-da, bu hujum chizig‘ida tanlov katta, Flik esa Myuller, Musiala va Gnabrini tanladi. Zaxirada esa yana bir qancha hujumkor futbolchilar, jumladan JCh-2014 finalidagi oltin gol muallifi Gyotse qoldi.

Yarim bo‘lim davom etgan karaxtlik

Qog‘ozda nemislar raqibning boshini aylantirib tashlaydigandek ko‘ringan bo‘lsa-da, amalda ularning xayoli o‘yindan oldin FIFAning alohida sardorlik bog‘ichi taqishga qo‘ygan taqiqiga aksiya o‘tkazish bilan band edi. Nemis futbolchilari jamoaviy fotosuratga tushish vaqtida og‘izlarini yopib olishdi va birinchi bo‘lim o‘rtalariga qadar maydonda ham jim yurishdi.

O‘yinning bu qismida jahonning to‘rt karra chempioni bo‘lgan jamoa juda past sur’atda futbol namoyish etdi, hujumdagi keskinliklar juda kam edi va maydon markazi vakillari, xususan Gundo‘g‘an tushunarsiz paslar amalga oshirdi. Itoning o‘ng qanotdan uzatmasiga otilgan Maeda to‘pni darvozaga joylaganida Germaniyaning omadi keldi, hakam bu vaziyatda ofsayd qayd etdi.

Yaponlar esa jiddiy o‘yinga to‘liq tayyor ko‘rinishda edi. Ta’kidlash kerakki, ularda turnirdagi eng tajribali tarkiblardan biri jamlangan. Qolaversa, «ko‘k samuraylar»ning boshlang‘ich tarkibda tushgan futbolchilaridan olti nafari Germaniyada o‘ynaydi yoki Sakai kabi avval u yerda to‘p surgan. Ammo nemislar asta-sekin uyg‘ona boshladi va bosimni kuchaytirdi. Raqib esa o‘z hududida zich joylashib, barcha zonalarni yopishga ulgurmay qoldi.

Flikning «Bavariya»dagi oltin mavsumiga xos tarzda uyushtirilgan hujum muvaffaqiyat keltirdi - bu o‘z jarima maydonida qamalib olgan raqib biroz bo‘shashganda mudofaa chizig‘ini yorib o‘tuvchi tezkor hujum. Chorshanba kuni jamoaning eng zukko futbolchisi Kimmih bunday hujum yo‘nalishini diagonal pas bilan belgilab berdi, chap qanot vakili Raum esa yaponlar posboni Gondani ahmoqona fol ishlatishga majbur qildi va hakam penalti belgiladi. Gundo‘g‘an terma jamoada hech qachon «nuqta»dan xato qilmagan — u barcha yetti urinishdan gol urgan.

Yaponlar o‘yinining qayta qurilishi

Yaponlarning murabbiylar shtabi bo‘limlar orasidagi tanaffusda jamoa o‘yinini qaytadan qurishga harakat qildi, yengil vaznli texnar Kubo o‘rniga «Arsenal» himoyachisi Tomiyasu tushirildi. Natijada startdagi 4-2-3-1 sxemasi 3-4-3 ga transformatsiya bo‘ldi, ammo uzoq vaqtgacha o‘yinda burilish yasalmadi. Aksincha, nemislar o‘z o‘yinini topib olgandek ko‘rindi — faqat qotillik instinktiga ega bo‘lgan yuqori saviyali finisher yetishmadi.

Gnabri qulay vaziyatda yuqoriroqqa tepdi. Shunga o‘xshash vaziyat Musiala zarba berganida kuzatildi. Shu kuni jahon chempionatlari tarixida 1958 yildan buyon maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo‘lgan ushbu yarimhimoyachi bu vaziyatda juda chiroyli reyd amalga oshirgandi. U bu maqomni o‘yin oxirida Mukoko maydonga tushgunicha o‘zida saqlab turdi.

Gundo‘g‘anning zarbasi ustunga tekkanida, yaponlar darvozasiga ikkinchi gol urilishi — vaqt masalasi bo‘lib ko‘rinayotgandi. Ammo Gonda birinchi bo‘limdagi xatosini to‘la tuzatdi, Hofmann va Gnabri bilan yakkama-yakka vaziyatlarda ustun keldi.

Yaponlar bosh murabbiyi zaxira bilan o‘yinni kuchaytirgach, 70 daqiqa davomida zerikib qolgan Noyyer bir necha metr masofadan yo‘llangan xavfli zarbani to‘sishiga to‘g‘ri keldi, keyingi hujumda esa u «Frayburg» vingeri Doenning oyog‘iga tashlanib, xavfni bartaraf etdi. Aytish kerakki, Xadzime Moriyasu ikkinchi bo‘lim davomidagi o‘yinchi almashtirishlari bilan Flikni mag‘lub etdi, birinchi golli hujum zaxiradan tushgan juftlik — Mitoma va Minamino ijrosida amalga oshirildi.

Nemislar himoyasida parokandalik yuzaga keldi va birinchisi ortidan ikkinchi gol ham o‘tkazildi. Mudofaadagi bunday xatoni shunchaki tushunib bo‘lmaydi. Bu vaziyatda Itakura o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida turib jarima zarbasini ijro etgan va nemis himoyachilari bu to‘pni qabul qilishga tayyor turishi kerak edi. Ammo Raum qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va «Borussiya» M himoyachisining yuqorilatib uzatgan to‘piga ega chiqqan «Bohum» forvardi Asano yaqin burchakka kuchli zarba yo‘lladi.

Germaniyani bundesligada o‘ynovchi yaponlar nokautga uchratdi. Bu jahon chempionati tarixga kirishi aniq.

7:0 — Ispaniya Kosta-Rikani tor-mor etdi. «Qizil furiya» afsonaviy darvozabon Keylor Navasni ayamadi.

JCh-2022. E guruhi. 1-tur
Ispaniya – Kosta-Rika 7:0 (3:0, 4:0)
Gollar:
1:0 – 11 Olmo, 2:0 – 21 Asensio, 3:0 – 31, penalti Ferran Torres, 4:0 – 54 Ferran Torres, 5:0 – 74 Gavi, 6:0 – 89 Soler, 7:0 – 90+2 Morata.
Ispaniya – Unai Simon, Aspilikueta, Laport, Rodri, Alba (Balde, 64), Buskets (Koke, 64), Pedri (Soler, 57), Gavi, Olmo, Asensio (Uilyams, 69), Ferran Torres (Morata, 57).
Kosta-Rika – Navas, Fuller, Martines (Uoston, 46), Duarte, Kalvo, Ovedo (Matarrita, 82), Borxes (Agilera, 72), Texeda, Kempbell, Kontreras (Samora, 61), Bennette (Ruis, 61).
Ogohlantirishlar: Kalvo (68), Kempbell (90).

Kosta-Rika sakkiz yil muqaddam Braziliyada muxlislar qalbini zabt etgandi. O‘shanda Lotin Amerikasi vakillari avvaliga Italiya, Angliya va Urugvay bilan bir guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqishgan, keyin 1/8 finalda penaltilar seriyasida Gretsiyani mag‘lub etishgan, chorakfinalda esa 11 metrdan zarbalar seriyasida Niderlandiyaga yutqazishgan, o‘shanda Lui van Gaal darvozabon almashtirish tryuki bilan mashhur bo‘lgandi.

O‘sha mundialdagi harakatlaridan keyin Keylor Navas «Real»ga o‘tdi, jamoa u bilan uch bor Chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi (2016, 2017, 2018), bu turnirlarning har birida g‘alaba ijodkorlari qatorida pley-off o‘yinlarida aql bovar qilmas harakatlar amalga oshirgan darvozabon ham bor edi. Shu tufayli Madrid va ispan futboliga befarq bo‘lmaganlar ushbu darvozabon avvaliga zaxira o‘rindig‘iga o‘tirishi, keyin esa Tibo Kurtua tufayli «Real»ni tark etishidan ranjishdi. Unga «PSJ»da ham yaxshi muomala qilishmadi, bu yerda Navas avvaliga Janluidji Donnarummadan raqobatda ustun kelgandi, ammo bu mavsumda u umuman o‘ynamayapti.

Ammo terma jamoa — alohida tarix. Navas bu jihatdan Gilermo Ochoaga o‘xshaydi, u ham JCh-2014 turnirida porlagandi. Bu darvozabonlarning klubdagi ishlari qanday ketishidan qat’i nazar, milliy jamoalarda ular doim birinchi raqamli kishilar. JCh-2018 turnirida Kosta-Rika guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi, ammo Braziliyaga qarshi o‘yinda Keylor darvozasi daxlsizligini oxiriga qadar saqlab qolgan — «Selesao» unga faqat qo‘shimcha daqiqalarda gol ura olgandi.

Ochoa JCh-2022 turnirida Robert Levandovskining penaltidan bergan zarbasini qaytarib, o‘z magiyasini namoyish etishga ulgurdi. Navas uchun esa Ispaniyaga qarshi o‘yin qo‘rqinchli tushga aylandi, u o‘yinning dastlabki yarim soatida uch gol o‘tkazdi. Qolaversa, «Qizil furiya»ning darvoza sohasi tomon aniq yo‘llagan barcha uch zarbasi golga aylandi, garchi ulardan biri penaltidan tepilgan bo‘lsa ham. Darvozabonga alohida e’tiroz yo‘q, lekin Navas shunchaki xaloskor bo‘la olmadi. Ammo gap shundaki, Kosta-Rika tipidagi jamoalar uchun darvozabonning qahramonliklari o‘ta muhim.

Albatta, maydondagi o‘yinchilarga va bosh murabbiy Luis Suaresga ham savollar ko‘p. Kosta-Rika 4-4-2 sxemasi bo‘yicha saflandi, lekin qanot yarimhimoyachilari himoyachilarga umuman yordamga kelishmadi, bundan tashqari, «Tikos» o‘yiniga ixchamlik yetishmadi. O‘rta chiziq va mudofaa orasida jarlik yuzaga keldi, Ispaniya esa bu bo‘shliqdan unumli foydalandi. Bu ayniqsa ikkinchi gol urilganda yaqqol ko‘rindi, Marko Asensioning atrofida bir necha metr kenglik bor edi, shundan keyingina kostarikaliklar havbeklari ortga qayta boshladi.

Hisob 0:3 ko‘rinishiga kelganida o‘yinni o‘ng qanot havbeki sifatida boshlagan Keysher Fuller orqa chiziqqa o‘tdi va mudofaa chizig‘ining beshinchi vakiliga aylandi, orqa chiziqda tig‘izlik va ixchamlik biroz ortdi, ammo o‘yin masalasi amalda hal bo‘lib ulgurgandi. Ispanlar ham tinchlanib, oldinga tashlanishdan to‘xtab, keskin vaziyatlar kamaydi.

Ispaniya yarim soat ichida uch gol urishini baribir ko‘pchilik kutmagandi. Ular o‘yinning 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qilishi va 1000 ga yaqin uzatmalar berishi oldindan ma’lum edi. Ammo bir yarim yil oldin Shvetsiyaga qarshi o‘yinda ham to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlar shunga yaqin edi va o‘yinda hisob ochilmagandi. To‘g‘ri, bu safar Kosta-Rika dastlabki yarim soatda juda yomon holatda edi, keyin esa o‘yin o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga tushib qoldi, ammo «Qizil furiya» futbolchilari bu o‘yinda ko‘zi yonib harakat qilgani ko‘rinib turardi.

To‘p shunchaki ma’nosiz tarzda olib yurilmadi va hisobdagi ustunlik evaziga o‘yinni quritishga harakat qilinmadi, ko‘pchilik 2000-2010-yillar oralig‘idagi ispanlarni shunday harakatlar tufayli ham unchalik yoqtirmasdi. Bu o‘yinda esa dinamika ikkinchi bo‘lim davomida Kosta-Rika darvozasiga birin-ketin gollar yog‘dirilganida ham to‘xtab qolmadi (ikkinchi bo‘limda Navas ham juda yomon harakat qildi, u shu kuni darvoza sohasi tomon kelgan sakkiz zarbadan yettitasini o‘tkazib yubordi).

Ha, bu turnirdan oldin ham eng kuchsiz jamoalar qatorida qayd etilgan Kosta-Rika. Ammo bu jamoa ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Ispaniya guruh bosqichidagi keraksiz asabiylikdan xalos bo‘lib oldi va Germaniya hamda Yaponiyaga qarshi o‘yinlarga xotirjamlik bilan tayyorlanadigan bo‘ldi.

Jahon chempionatidagi eng bahsli hakamlik. Belgiyani arbitr va Kurtua qutqarib qoldi

JCh-2022. 1-tur. F guruhi
Belgiya — Kanada 1:0
(1:0, 0:0)
Gol: Batshuayi (44).
Aniq ijro etilmagan penalti: Devis (11).
Belgiya – Kurtua, Kastan, Vertongen, Alderveyreld, Dendonker, Karrasko (Mene, 46), Vitsel, de Bryuyne, Tilemans (Onana, 46), Azar (Trossar, 62), Batshuayi (Openda, 78). 
Kanada – Boryan, Lareyya (Adekugbe, 74), Vitoriya, Miller, Jonston, Hatchinson (Kone, 58), Eushtakiu (Osorio, 81), Hoylett (Larin, 58), Devid, Byukenen (Millar, 81), Devis.
Ogohlantirishlar: Karrasko (9), Mene (53), Onana (56), Devis (81), Jonston (83).

Kanada termasi birinchi bo‘limda qator imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi va hakamning layoqatsizligi tufayli favoritga yutqazdi.

Bu o‘yinga qadar jahon chempionatida hakamlik bilan bog‘liq yirik mojaro ro‘y bermagandi. Belgiya va Kanada o‘yini oldidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘yinga tayinlangan bosh hakam — zambiyalik Janni Sikazve kulgi ostiga olinib muhokama qilindi. U yanvar oyidagi Afrika Millatlar Kubogidagi harakati bilan mashhur bo‘lgandi, u o‘shanda Tunis — Mali uchrashuvida ikki bor muddatidan oldin o‘yin yakunlangani haqida hushtak chalib yuborgandi. O‘shanda bu qaror qizg‘in reaksiyalarga sabab bo‘lgandi: xatosini tushungach, Sikazve o‘yin yakunlanganidan yarim soat o‘tib jamoalarni maydonga qaytarmoqchi bo‘lgan, ammo Tunis maydonga chiqishdan bosh tortgan va mag‘lubiyatga ko‘ngandi.

Hozir Sikazveni bu turnirda bo‘limlarga anomal darajada ko‘p vaqt qo‘shib berilayotgani fonida muhokama qilishmoqda. Ko‘pchilik bu hakam trendga qo‘shilmasligi va o‘yinni baribir muddatidan oldin yakunlanishini aytib hazil qildi. Ammo ko‘pchilik u tanaffusgacha o‘yinning bosh qahramoni bo‘lishini taxmin qilmagandi.

Birinchi bo‘limda Kanada uchta penalti tepishi mumkin edi, ammo faqat bir bor bu huquqni qo‘lga kiritdi, unda ham Sikazve videotakrorni ko‘rganidan keyingina 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Ikkinchi epizod — juda hayratlanarli: 13-daqiqada ham Byukenenga ishlatilgan fol uchun penalti belgilash o‘rniga, ofsayd qayd etdi — holbuki kanadalik Eden Azarning tushunarsiz tarzda ortga pas berishidan keyin uni qabul qilib olgan, keyin esa Vertongen tomonidan yiqitilgandi. Uchinchi epizod — 38-daqiqada ro‘y berdi, bu vaziyatda Lareyya raqib jarima maydoni ichida Vitsel bilan kontaktdan keyin yiqildi. Ikki holatda ham Sikazve vaziyat takrorini ko‘rish uchun monitorga bormaslikka qaror qildi.

Bu o‘yinda chindan ham arbitrlarning harakatlari maydondagi voqealarni soyada qoldirdi. Aslida maydonda ko‘plab qiziqarli voqealar ro‘y berdi. Belgilangan yagona penaltidan Kanada gol ura olmadi — Kurtua Devis ijrosidagi zarbani qaytardi, takroriy zarba berishni ham shimoliy amerikaliklar uddalay olishmadi.

Kanadaliklar birinchi bo‘lim davomida behisob xavfli hujumlar uyushtirib ham gol ura olishmadi. Jon Herdman  jamoasi dastlabki 45 daqiqalikda grand raqibni nafaqat zarbalar soni bo‘yicha (14:4), balki sifat borasida ham ortda qoldirdi (2,3 xG). Ammo hisob Belgiya foydasiga 1:0 bo‘ldi.

Roberto Martinesga jarohat tufayli o‘ynamagan Lukaku yetishmadi, ammo o‘yin kartinasidan kelib chiqib aytilsa, bu o‘yinda «Inter» forvardi ham yordam berolmagan bo‘lardi. De Bryuyne bo‘limni kuchli o‘tkazmadi, uning ahyon-ahyondagi paslari noto‘g‘ri joyga va noo‘rin berildi. Jamoa yetakchisining o‘yini chiqmaganda esa butun jamoa o‘yini o‘xshamaydi. Belgiyaning o‘yini rangsiz edi, jamoa umuman o‘ziga o‘xshamasdi, ammo kutilmaganda hisobda oldinga chiqib oldi— 44-daqiqada Alderveyreld namunali tarzda Batshuayi tomon uzun pas berdi va hujumchi hisobni ochdi.

Odatda bunday holatlarda saviya o‘z so‘zini aytgani hamda top-jamoa va o‘rtamiyona o‘rtasidagi farq haqida gapirishadi. Bo‘lishi mumkin, ammo Belgiyani juda yomon o‘tgan bo‘limda urilgan gol emas, mavjud vaziyatga ko‘rsatilgan reaksiya g‘olib qildi. Bo‘lim oxirida Martines jamoa sxemasini klassik 3-4-3 dan Azar va Batshuayi forvard vazifasini bajaradigan 3-5-2 sxemasiga o‘tkazdi, buning evaziga Belgiya maydon o‘rtasida ustunlikka ega bo‘ldi. Tanaffusda esa murabbiy o‘yin sur’atidan ortda qolib ketayotgan Karrasko va Tilemansni zaxiraga oldi.

Shundan keyin grand jamoa hududida xotirjamlik hukm sura boshladi. Vitsel va o‘yinga zaxiradan qo‘shilgan tug‘ma tayanch yarimhimoyachisi Onana maydon markazida Eushtakiu hamda 39 yoshli Hatchinsonga imkoniyat qoldirishmadi, Kanadaning qanotlari ham yopib qo‘yildi. Shimoliy amerikaliklar tarkibda «Bavariya»ning asosiy vingeri Devis bo‘laturib ham qanotdan hujum qilishga qiynalishdi.

Birinchi bo‘limda kanadaliklar oson harakatlanishgandi va hatto jarima maydoni ichidan ko‘plab zarbalar berishgandi — bu esa juda muhim ko‘rsatkich. Ammo vaziyatlardan foydalanilmadi, hatto 11 metrlik nuqtadan gol urilmadi, bu esa Kanada 36 yildan buyon jahon chempionatlarida ishtirok etmaganini sezdirib qo‘ydi. Kanadaliklar sayyoraning asosiy turnirida hech qachon gol urishmagandi va bu o‘yinda bu golni urishga juda yaqin kelishdi. Ammo — birinchi bo‘limda raqib jarima maydoni hududida ojiz ko‘rinishdi, ikkinchi bo‘limda esa maydon markazida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi.

Vaziyatlar bo‘ldi. Masalan, o‘yin yakunlanishi arafasida Kurtua Larinning zarbasini to‘sishiga to‘g‘ri keldi. «Real» posboni Kanadaning boshqa futbolchilari gol urishiga ham qarshilik qildi va haqli ravishda o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlandi. Agar Devis penaltidan gol urganida voqealar rivoji qanday kechgan bo‘lishini taxmin qilish qiyin — Kanada tashabbusni qo‘lga olib, muvaffaqiyatini rivojlantirishi ham mumkin edi va biz yana bir favoritning muvaffaqiyatsizligini muhokama qilayotgan bo‘lardik. Lekin yevropaliklar ishonchsiz o‘yin bilan ham juda yomon hakamlik evaziga uch ochko oldi va F guruhida birinchi bo‘lib oldi. Ammo Martines xatolar ustida jiddiy ishlashi kerak bo‘ladi.

JCh-2022 turnirida eng yomon o‘yin. Xorvatiya va Marokash hushtakbozlikka munosib

JCh-2022. 1-tur. F guruhi
Marokash – Xorvatiya 0:0 (0:0, 0:0)
Marokash – Bunu, Hakimi, Saiss, Agerd, Mazraviy (Attiyyat-alla, 60), Amrabat, Amalla, Unai (Sabiri, 82), Ziyosh, Bufal (Ez Abde, 65), An-Nosiriy (Amdalla, 81).
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Lovren, Gvardiol, Sosa, Modrich, Kovachich (Mayer, 79), Brozovich, Perishich (Orshich, 90), Vlashich (Pashalich, 46), Kramarich (Livaya, 71).
Ogohlantirish: Amrabat (78).

Qatarda uchinchi golsiz durang — va bunisi eng zerikarlisi.

Jahonning amaldagi vitse-chempionlari avlodlar almashinuvini qiyin o‘tkazishi aytilgan bo‘lsa-da, saralash bosqichida ham, Yevro-2020 turnirida ham yaxshi ishtirok etdi.

Xorvatiyaning natijalari barqaror emas: jamoa o‘z uyida Avstriyaga 0:3 hisobida yutqazishi ham, Fransiya va Daniyani safarda mag‘lub etishi ham mumkin. Lekin jamoa tarkibi barqaror: to‘rt yil oldingi mundialdagi asosiy tarkibda faqat ikki o‘zgarish bor — darvozani Grbich o‘rniga Livakovich qo‘riqlamoqda, o‘rta chiziqda esa Kovachich paydo bo‘lgan (u jarohat tufayli avvalgi mundialda o‘ynamagandi). Lekin himoyada hamon Lovren harakatlanmoqda.

Rossiyada xorvatiyalik muxlislar ko‘pchilik edi, ammo Qatardagi ilk o‘yinda ular qat’iy qarshilikka uchrashdi. Stadiondagi marokashliklar soni raqib muxlislaridan kam emasdi — arablar jamoasining «Al-Bayt»dagi har bir pasi olqishlar bilan kutib olindi, to‘p yevropaliklarga o‘tganida esa hushtakbozlik qilindi.

Qolaversa, xorvatlar to‘pga egalik qila olishmadi va hujumlar uyushtirishda qiynaldi. Marokashliklar 4-5-1 sxemasi bilan o‘rta blokda himoyalandi va raqibga o‘z jarima maydoniga kirishga deyarli imkon bermadi. Dastlabki 20 daqiqalikda Zlatko Dalich jamoasi faqat bir vaziyatga ega bo‘ldi, shunda ham Perishich uzoq masofadan zarba berishga qaror qildi. Faqat birinchi bo‘lim oxirlariga kelib xorvatlar hujumdagi salohiyatini ko‘rsata boshladi: birgina Vlashichning o‘zi ikki bor gol urishga yaqin edi, ammo afrikaliklar darvozaboni Bunu o‘zini ko‘rsatib, olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Umuman olganda, Vlashich maydondagi eng faol futbolchilardan biri bo‘ldi. U o‘yinni tezlashtirishga harakat qildi. Lekin birinchi bo‘lim oxirida jarohat oldi va tanaffusdan qaytmadi.

Bu o‘yindan kelib chiqib, marokashliklarning keyingi ishtiroki haqida aniq fikr shakllanishi qiyin. Arablar jamoasida turnirdagi eng kuchli qanot himoyachilari juftligi mavjud, ammo Hakimi («PSJ») va Mazraviy («Bavariya») bu o‘yinda o‘zlarining eng yaxshi sifatlarini namoyish eta olishmadi. Afrikaliklar maksimal darajadagi ehtiyotkorlik bilan harakatlanishdi va o‘zlarining kuziri bo‘lishi mumkin bo‘lgan keskin qarshi hujumlar uyushtirishmadi. Bu fonda 37 yoshida pressing qilishda davom etayotgan Modrich yaqqol ajralib turdi. Xorvatiyalik faxriy futbolchi o‘ziga begona ishni bajardi, marokashliklar esa o‘z ustunliklaridan foydalanishmadi.

Tanaffusdan keyin ham vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmadi. Pozitsion hujumlarda umuman keskinlik kuzatilmadi, faqatgina standart vaziyatlarda nimadandir umid qilish mumkin edi. Xorvatlar burchak zarbalarini yaxshi amalga oshirishdi, ammo Bunu barcha vaziyatlarda o‘z ishini bajardi, marokashliklar esa Hakimining jarima nuqtasidan yo‘llagan kuchli zarbasi bilan yodda qoldi. Xorvatlar to‘pga egalik qilishda davom etdi, ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib bu shunchaki to‘pni olib yurish ekani ma’lum bo‘ldi va bu holatni tribunadagi betaraf muxlislar ham hushtakbozlik bilan baholashdi.

Hayratlanarlisi, final hushtagi yangramaguncha jamoalarning birortasi birinchi uzatma orqali hujum uyushtirishga urinmadi. O‘yin tezligi shunday past ediki, bu ikkinchi ligada noyabr oyida o‘tadigan o‘yinlarni eslatardi — ikkinchi bo‘limda ham xavfli vaziyatlar yuzaga keltirilmadi. Aftidan, ikki tomonni ham durang hisob qoniqtirardi. Faqat shu umid qilish mumkinki, guruhdan chiqish uchun faqat g‘alaba kerak va bunday kartina boshqa takrorlanmaydi.

Mavzuga oid