O‘zbekiston | 08:57 / 25.11.2022
4688
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zagrosug‘urta” AJ: Davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi lozim (Reklama huquqi asosida)

Foto: O‘zagrosug‘urta

Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi. Jamiyatning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi, uning tanazzulga yuz tutishiga sababchi bo‘lgan illatlardan biri korrupsiya hisoblanadi. Shu bois, korrupsiyaning oldini olish, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu, o‘z navbatida, korrupsiyaga imkon beruvchi sabablarni chuqur tahlil qilish, korrupsion xavf-xatarlarni baholash, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tizimi orqali davlat organlarining ochiqligi va hisobdorligini oshirish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishni taqozo etadi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida “Manfaatlar to‘qnashuvini hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi seminar-trening tashkil etildi.

Seminarda korrupsiyaga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyati haqida “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat siyosati va uning ustuvor yo‘nalishlari, manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan batafsil axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, 2016-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan 6 ta qonun, 6 ta Prezident farmoni, 7 ta Prezident qarorlari qabul qilinishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, unga barham berish uchun zarur sharoitlar yaratib berdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ijobiy yutuqlarga erishgan rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupsiya ko‘rinishlarining oqibati bilan kurashish emas, balki uni keltirib chiqarayotgan sabablarini bartaraf etish o‘z samarasini beradi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu borada tashlangan eng muhim qadam – Prezidentimiz tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning imzolangani bo‘ldi. 2017 yilda qabul qilingan ushbu qonun bilan “korrupsiya”, “korrupsiyaviy huquqbuzarliklar”, “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi tushunchalarga ta’rif berilgan. Davlatimiz rahbarining qarorlari bilan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari doirasida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi bilan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.

Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiyalarni taqdim etish va ularni e’lon qilish tartibi, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni hal qilishning mexanizmlari, davlat xizmatchisining vazifalarini bajarish vaqtidagi taqiqlar, sovg‘alar olish va berish bilan bog‘liq cheklovlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, seminar-trening davomida “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy tushuncha hamda tamoyillar, korrupsiya va uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, korrupsion xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Tadbir bahs va munozaralarga boy o‘tdi. Seminar-treningda Jamiyatning markaziy apparat xodimlari bilan birga masofaviy tarzda hududiy filiallar xodimlari hamda respublikamizdagi barcha tuman (shahar)lardagi sug‘urta markazlari mutaxassislari qatnashdilar.

Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lami, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis va ekspertlardan batafsil javob oldilar.

«O‘zagrosug‘urta» axborot xizmati

(Reklama huquqi asosida)

Mavzuga oid