Jamiyat | 16:04 / 26.11.2022
19651
12 daqiqa o‘qiladi

Gaz idorasida yonib ketib nogironga aylangan iste’molchilar: ularga umrbod tovon pulini kim to‘laydi?

«Toyloqtumangaz»gaz ta’minoti idorasida sizib to‘plangan tabiiy gaz shu yilning 18 martida portlab, uch kishini nogiron qilib qo‘ydi. Ulardan biri gaz idorasi xodimi bo‘lsa, qattiq kuyganlardan ikki nafari gaz idorasiga ishi tushib kelgan fuqarolar.

Tahririyatimizga najot izlab kelgan fuqarolar kutilmagan baxtsiz hodisa tufayli nogironga aylangani, ularning sog‘lig‘iga yetkazilgan umrbod zarar qoplab berilmayotganini aytishdi.

Shahboz Saidov va Azizbek Ahmadov

32 yoshli Shahboz Saidov jiyani 24 yoshli Azizbek Ahmadov bilan 2022 yilning 18 martida «Hududgazta’minot» Samarqand filialining «Toyloqtumangaz» bo‘limiga borishadi.

«Toyloqtumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi

Bunga sabab, Toyloq tumani Charog‘bon mahallasida ota-onasi va oilasi istiqomat qiluvchi Shahboz Saidovning xonadonida 17 mart kuni tabiiy gaz uziladi. Garchi pulini to‘lasa ham, ASKUG aqlli gaz hisoblagichi gazni ochmaydi.

Sh.Saidovning uyiga o‘rnatilgan ASKUG hisoblagichi

U vaziyatga aniqlik kiritish uchun tuman gaz idorasiga boradi. Kompyuterda holatni tekshirib ko‘rish uchun xodim Bekzod Barakayev ishga kirishganida xonada portlash ro‘y beradi. Uch kishi qattiq kuyish jarohatini olishadi. Ular zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga olib boriladi va jonlari qutqarib qolinadi.

Sh.Saidov jonlantirish bo‘limida

Qizig‘i shundaki, bu fojia imkon qadar tuman mutasaddi rahbarlari tomonidan bosti-bosti qilingan. Fojia ko‘lami katta bo‘lsa ham, ko‘p ham shov-shuv ko‘tarilmadi. Hattoki o‘t o‘chiruvchilar tomonidan ish ham ochilmagan. Biz viloyat FVBga portlash sababi nimada ekanligini aniqlash maqsadida qo‘ng‘iroq qilganimizda, ushbu vaziyat ro‘yxatga olinmaganini ma’lum qilishdi.

Vaziyatning hayratlanarli jihati shundaki, tuman gaz idorasidan bor-yo‘g‘i 100 metr narida o‘t o‘chirish bo‘linmasi joylashgan. Ular voqea joyiga yetib kelmagan bo‘lishi mumkin emas.

Tuman gaz idorasidan 100 metr naridagi o‘t o‘chirish bo‘linmasi

Qolaversa, Shahboz Saidovning otasi Zarif Jo‘rayevga o‘t o‘chiruvchilar bosim qilib hech qanday da’vosi yo‘qligi haqida ariza yozdirib olishadi.

«O‘sha paytda hayajon va qo‘rquvdan qaltirab turuvdim. Jonlashtirish bo‘limiga kirib, o‘g‘limning ahvolini ko‘rib dahshatga tushib qolgan edim. Titrardim. Shu holatimda menga o‘t o‘chiruvchilar hech qanday da’vom yo‘qligi haqida arizaga qo‘l qo‘yishni talab qilishdi. Tuman gaz idorasi davolanish uchun barcha yordamni ko‘rsatishlarini, aks holda hech qanday yordam ko‘rsatilmasligini aytishdi. Bolamning joni omon qolishi uchun men imzo qo‘yib berishga majbur bo‘ldim», — deydi Zarif Jo‘rayev.

Zarif Jo‘rayev, Shahbozning otasi

Qiziq, 32 yoshli Shahboz Saidov voyaga yetmagan inson emas-ku, uning otasidan rozilik xati olinsa? Qolaversa, bu xat hech qanday ahamiyatga ega emas. Chunki o‘ziga kelgan Shahboz tuman gaz idorasidan tovon puli da’vo qilmoqda.

Shu o‘tgan 8 oy ichida Shahboz Saidov uch kishiga jami 20 mln so‘mcha bo‘lib-bo‘lib yordam ko‘rsatilganini aytib berdi. Biroq uning o‘zini tiklash, davolanish va og‘riqlardan xalos bo‘lish uchun dori-darmonlarga sarflagan xarajatlari 84 million so‘mdan oshgan. Shunda ham u og‘ir jarohatlardan to‘liq xalos bo‘lolganicha yo‘q.

Sh.Saidovning farzandi Sunnatilla.

Bu summani bugungi kunda hech kim to‘lab bermoqchi emas. Qolaversa Shahboz (jiyani Azizbek ham) to‘liq mehnat qobiliyatini yo‘qotib, birinchi guruh nogironiga aylangan. Ikki nafar norasida farzandning otasi faqat nogironlik nafaqasi bilan kun ko‘rishga «mahkum».

To‘rt muchasi soppa-sog‘, Moskva shahrida oshpazlik bilan shug‘ullanib yurgan Shahboz koksartroz kasalligidan aziyat chekayotgani onasini 13 ming dollar evaziga Moskvada operatsiya qilishga olib ketish uchun O‘zbekistonga kelgan edi. Qolaversa, ular ikkinchi farzandini ham kutishayotgan edi. Farzandi bahorda tug‘ilsa, Rossiyaga qaytmoqchi edi.

«Onamni operatsiya qilishni gaplashib qo‘ygan edim. Moskvadagi ish beruvchim katta mablag‘ni oldindan to‘lab berishga rozi bo‘ldi. Mablag‘ni ishlab qaytarishga kelishib qo‘ygan edik.

Men 18 martda bu baloga giriftor bo‘lgan bo‘lsam, mening ahvolimni televizorda ko‘rib qolgan homilador ayolimning qon bosimi oshib, o‘zidan ketib qoldi. Kesarcha kesish yo‘li bilan 30 mart kuni farzandimizni dunyoga keltirdi. 1 kg 400 gramm vazn bilan tug‘ilgan o‘g‘ilchamiz Sunnatilla 2 oy «shisha»ning ichida yotdi. Xotinimning, o‘g‘limning tiklanishi uchun ham mablag‘ sarflashga majbur bo‘ldik. Men bularni umumiy xarajatlarimga qo‘shganim yo‘q», — deydi Shahboz.

Jiyani Azizbek Ahmadovning kasalmand 47 yoshli onasi o‘g‘lining bu ahvolga tushganidan kuya-kuya olamdan o‘tdi.

«Jiyanimni otasi yoshlikda tashlab ketgan. Onasining o‘zi katta qilib oyoqqa quygan edi. Bu bola ham nogiron, ham g‘irt yetim bo‘lib qoldi. Men-ku, ishim tushgani uchun gaz idorasiga borgan edim, buning nima aybi bor edi?» — deb kuyinadi Sh.Saidov.

Azizbek Ahmadovning ham o‘ng qo‘li qattiq kuygan, badanidagi jarohatlar haligacha bitmagan

Aslida gaz idorasida gaz portlashi juda noodatiy va uyatli hol. Buni o‘sha idorada ishlovchilar ham yaxshi bilashadi. Chunki ular nafaqat gaz ta’minoti, uzatishdagi xavfsizlik uchun ham mas’ul idora hisoblanadi. Aynan shuning uchun sodir bo‘lgan voqeani xaspo‘shlash maqsadida, u jamoatchilikdan yashiriladi. Voqea noto‘g‘ri talqinda uzatiladi. Qolaversa, portlash ro‘y bergan xonalar zudlik bilan ta’mirlanadi.

«Sevimli» telekanalining «Zamon» dasturiga intervyu berar ekan, «Toyloqtumangaz» bo‘limi rahbari Bekzod Sharopov xonadagi konditsionerning freon suyuqligi sizib chiqib, portlaganini bayon etgan.

Bekzod Sharopov, «Toyloqtumangaz» bo‘limi rahbari. Skrinshot: «Zamon» axborot dasturi

Biroq hammaga ma’lumki, freon portlash va yonish xususiyatiga ega emas. Undan yong‘in kelib chiqmaydi, qaytaga undan yong‘inni o‘chiruvchi vosita sifatida foydalaniladi.

Biz tuman gaz idorasiga kirib, voqea sodir bo‘lgan joyni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish, Bekzod Sharopovdan voqealarni so‘zlab berishni so‘raganimizda u taklifimizni qat’iy rad etdi.

B.Sharopov idora hududiga viloyat «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali rahbarlarining ruxsati bilangina kirishimiz mumkinligini aytdi. Biz u aytayotgan inson — viloyat gaz ta’minoti filiali direktori yordamchisi Elyor ismli shaxsga qo‘ng‘iroq qilganimizda u kimligimizni eshitgan zahoti aloqani uzdi va go‘shakni ortiq ko‘tarmadi.

Shahbozning otasi Zarif akaning aytishicha, freon portlagan degan versiya o‘rtaga tashlangach konditsionerni ishlab chiqargan «Artel» kompaniyasidan ham vakillar kelib vaziyatni o‘rganib oydinlik kiritishgan. Kompaniya vakillari portlashga konditsionerlikdagi nosozlik sabab bo‘lmagani, qaytaga konditsioner ham gaz portlashi natijasida zararlanganini aniqlashtirishgan.

Ayni paytda ushbu masala yuzasidan tergov olib borilgan. Tergov davomida portlash gaz sizib kirib to‘planishi va chaqnash natijasida sodir bo‘lganiga oydinlik kiritilgan. Ish sudga oshirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand – Panjakent magistral trassasi yoqasida joylashgan tuman gaz ta’minoti idorasiga magistral gaz o‘tkazish quvuriga ulangan joy rezina tiqin bilan berkitilgan. Vaqt o‘tishi bilan tiqindan gaz sizib chiqib, idora ichida to‘plana borgan. Gaz loy va tuproq orqali filtrlanib sizib o‘tgani uchun uning hidi ham bo‘lmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudining 2022 yil 20 sentabrdagi hukmiga ko‘ra, «Toyloqtumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi gaz tarmoqlari va gaz taqsimlash punktlarining holati va ishlatilishini nazorat qilish xizmati ustasi Zayniddin Achilov 2 yil muddatga «Hududgazta’minot» AJ tizimidan ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik maoshining 20 foizi davlat daromadi hisobiga o‘tkazilgan holda 3 yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Z.Achilovdan faqat Sh.Saidov foydasiga 19,133 mln moddiy zarar undirish ham belgilangan

Biroq Shahboz Saidov o‘zi va jiyani tiklanish uchun sarflagan mablag‘lari qoplab berilishini, ularga umrbod kompensatsiya berilishini aytmoqda. Xususan, Shahboz o‘zi 1-guruh nogironiga aylangan. Endi uning qo‘llari akashak bo‘lib qolib, birorta ishga yaramaydi.

Biz «Toyloqtumangaz» bo‘limi ishchisi, portlashda jabrlangan Bekzod Barakayev bilan ham gaplashdik.

U ham 1-guruh nogironiga aylangan. Hozir ishlay olmaydi. Unga o‘zi ishlaydigan idorada bevosita mehnat faoliyatini olib borish jarayonida sog‘lig‘iga tiklanmaydigan zarar yetgan. Unga ham umrbod kompensatsiya berish masalasi hamon ochiq turibdi.

Endi o‘zingiz vaziyatga xolisona baho bering: jabrdiyda tuman gaz idorasiga ASKUG hisoblagichiga to‘lagan puliga qaramasdan gazi yonmagani uchun kelgan. Baxtsiz hodisa oqibatida uch inson ishga yaroqsiz nogiron bo‘lib qoldi. Ularga yetkazilgan zararni nahotki «Hududgazta’minot»dek idora qoplab bermasa? Shumi inson qadri? Shumi iste’molchilarga e’tibor?!

Axir ular o‘z uyida gazdan noto‘g‘ri foydalanib emas, hech bir aybsiz tuman gaz idorasiga borib kuyib qolishdi-ku? Buning tovonini «Hududgazta’minot» to‘lamasdan kim to‘laydi?

Sh.Saidovning nazdida tuman gaz ta’minoti idorasi sudda bir chilangar Z.Achilov aybdor deb topilganini ro‘kach qilib, endi barcha javobgarlikning uning zimmasiga tashlab qo‘yib, suvdan quruq chiqmoqchi bo‘layotgandek. Aslida, idorada ishlar mana shunday tashkil qilingani, xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani, fuqarolarning hayotiga xavf tug‘diradigan holat ro‘y bergani uchun yuridik shaxs sifatida gaz idorasi ham aybdor.

Shahboz Saidov

Shahboz Saidov bu borada oxirigacha kurashmoqchi. Endi u «Hududgazta’minot» ustidan o‘ziga yetkazilgan tiklanmaydigan zarar uchun umrbod kompensatsiya masalasida sudga da’vo arizasi kiritadi.

Biz esa vaziyatni kuzatib boramiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid