O‘zbekiston | 20:09 / 27.11.2022
23366
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik narkokurerlarning O‘zbekiston hududida amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejasi fosh etildi

Navoiy viloyatining Uchquduq tumani Qizilqum cho‘li hududidan qozog‘istonlik narkokurerlar tomonidan xufiyona tarzda ko‘mib ketilgan 12 ming dona “Tramadol” tabletkasi aniqlangan.

Tezkor tasvirlardan lavha

DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Respublika bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda mazkur dori vositalarining haqiqiy egasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida To‘rtko‘l tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 34 yashar shaxs qo‘lga olingan.

Shu bilan birga, mamlakatimizga Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy yo‘llar bilan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelish holatlari ham aniqlanmoqda. Jumladan, “Farg‘ona-Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan “Nexia” rusumli avtomashina Oltiariq tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, Qo‘qon shahrida yashovchi, muqaddam bir necha marta sudlangan 33 yashar yo‘lovchiga tegishli yuk orasida 2803 dona “Regapen” va 1000 dona “Tropikamid” borligi ma’lum bo‘lgan.

Tezkor tasvirlardan lavha

Bundan tashqari, boshqa bir tezkor tadbirda Zangiota tumanida yashovchi, 35 yashar tish shifokori o‘zining Olmazor tumanida joylashgan xususiy klinikasida 1960 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy saqlab kelayotgani aniqlangan.

Tezkor tasvirlardan lavha

Yo‘lovchi bu psixotrop dorilarni Farg‘ona tumanida yashovchi 24 yashar fuqarodan 50 mln so‘mga sotib olganini aytgach, u ham qo‘lga olingan.

Farg‘onalik yana bir shaxsning uyidan 1050 dona “Regapen” va 101 dona “Tropikamid” chiqqan.

Tezkor tasvirlardan lavha

Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid