Futbolning egalari: mundial muxlislari Qatarda qanday yashamoqda?
20 noyabrdan buyon Qatarda futbol bo‘yicha 22-jahon chempionati bahslari o‘tkazilmoqda. Musobaqada 32 mamlakat vakillari ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, yuzlab davlatlardan muxlislar dunyoning eng zo‘r musobaqasini tomosha qilish uchun kelgan. Xo‘sh, ular arab o‘lkasida qanday yashamoqda?
Avvalo Qatarga kirish haqida
Qatarga kirishda aksar mamlakatlar uchun viza rejimi joriy qilingan. Odatda Qatar vizasini olish oson ish emas, ammo jahon chempionati vaqtida bu jarayon soddalashtirilgan. Bu uchun FIFAning maxsus dasturi orqali chipta sotib olishingiz kifoya. Elektron chiptani olgandan keyin Hayya Card deb nomlanuvchi Qatarga kirishga ruxsat beradigan elektron viza olish uchun ro‘yxatdan o‘tishni boshlaysiz. Bu uchun yoki arabchani yoki inglizchani bilishingiz kerak.
Menda Hayya Card olishda Qatar media portali orqali ro‘yxatda o‘tish qiyin kechdi, negadir o‘zbek mobil raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib bo‘lmadi. FIFA media bo‘limiga ko‘p marta xat yozgandan keyin ular o‘zlari videoaloqaga chiqib Qatar raqami orqali arizamning to‘xtab qolgan joyidan o‘tib berishdi. Qolganiga jarayon tezlashib ketdi, bir hafta ichida viza tayyor bo‘lganini xabar qilishdi.
Qanday kelishadi?
Jahon chempionati boshlanganidan buyon dunyoning to‘rt tomonidan Qatarga samolyotlar oqib kelmoqda. Mundial boshlangan kunlarda jadvalga qarasangiz, kamida har 5 daqiqada Qatarga bitta samolyot qo‘nayotganini ko‘rish mumkin edi. O‘zbekistondan Qatarga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys yo‘q, eng qulay variant Istanbul yoki Dubay orqali. Dunyoning Qatarga to‘g‘ridan to‘g‘ri reysi bo‘lmagan boshqa ko‘plab davlatlaridan ham muxlislar asosan shu ikki yirik aviahab orqali uchib kelmoqda. Yaqin atrofdagi davlatlardan esa mashinada yoki suv orqali ham yetib kelish mumkin. Masalan, Saudiya hamda Eron milliy jamoalari o‘yinida muxlislar juda ko‘p bo‘lmoqda.
Qayerda yashashmoqda?
Chipta sotib olib, viza masalasini hal qilganingizdan keyin FIFA sizga turar joylar taklif qiladi. Masalan, muxlislar qishlog‘i – fan villajlaridan. U yerda turishning ustunligi shundaki, o‘yin kunlari stadionlardan fan villajlari tomon bepul avtobuslar harakatlanadi. Yana bu joylar metroga yaqin yerda bo‘ladi. Qatarda esa metroga tushib oldingizmi tamom, shaharning istalgan markaziy joyiga, ayniqsa stadionlarga bora olasiz. Qatar mundiali deyarli bitta shaharda o‘tmoqda deyish mumkin, ularning bir kunda hatto metroning o‘zida aylanib chiqish mumkin.
Fan villajlarida muxlislarga FIFA 250 dollardan boshlab joylar taklif qilgan (hozir joy topolmaysiz). Konteynerlardan tayyorlangan uylarda hamma sharoit qilingan, xonalarda odatda 2 yoki 4 kishidan yashashadi. O‘z navbatida OAV vakillari uchun ham FIFA tomonidan turar joylar ro‘yxati taklif qilinadi. Bu taklif qilingan turar joylarni tayyorlash, taqsimlash bilan Qatarda butun boshli davlat tashkiloti ishlamoqda.
Agar o‘zingiz arzonroq yoki yaxshiroq sharoitdagi uylarni topmoqchi bo‘lsangiz, Booking yoki Airbnb kabi qidiruv tarmoqlaridan foydalanishingiz mumkin. Eng arzon joylash tabiiyki hostellarda bo‘ladi. Ammo bir xonada 10-15 kishi yotadigan hostellarda ham bir kechasi 100 dollarga joy topish qiyin. Boshqa vaqt kuniga 30-35 dollar bo‘lgan mehmonxonalar mundial vaqtida kuniga 500-600 dollargacha ko‘tarilib ketgan. Yaxshi appartamentlar ham kuniga 400-500 dollardan boshlanadi. Fan villajlarning yomon tomoni ularda joy cheklangan bo‘ladi.
Shahar kichik, qidirib arzonroq joy topishingiz ham mumkin, chunki hamma ham o‘z turar joyini internet sahifalarga joylamagan. Uy egalari o‘z villasining bir nechta xonasini ijaraga berayotgan bo‘lsa va bu haqda internetda e’lon qilgan bo‘lsa, ma’qul bo‘lgan variantni uyga borib ko‘rish kerak, chunki Booking va shunga o‘xshash saytlar arzimagan ishi uchun bir dunyo «maklerlik to‘lovi» oladi. Xuddi Toshkent uy bozoridagi maklerlar kabi.
Bunday tashqari, odatda ijarachilar bir haftadan uzoq turadiganlarga chegirma qilib beradi, internetda esa bu haqda doim ham yozilmaydi. Shu sabab Qatarda 1-2 kun obdon aylanib nisbatan arzon (shu ham kuniga 100 dollardan qimmatroq bo‘ladi) joy topsa bo‘ladi. Ammo bu yerda hamma ham o‘z uyini ijaraga bera olmaydi. Chunki uyiga odam qo‘yish uchun maxsus litsenziya olish kerak. Lisenziyani olish uchun esa mundial mehmonlari uchun yetarli sharoitlar qilinishi kerak bo‘ladi.
Qatarga oilaviy yoki guruh bo‘lib kelgan sayyohlar aynan mana shunday ijara uylar xizmatidan ko‘p foydalanishmoqda. Bilasiz, futbolning aksar muxlislari o‘rta sinf vakillari bo‘ladi va ular uchun kamroq pul bilan o‘yinlarni ko‘rib ketish muhim. Chunki shundog‘am chiptaga ko‘p pul sarflashadi. JCh chiptalari esa arzon emas. Masalan, ochilish o‘yinida darvoza ortidagi o‘rinlar ham 1000 dollarga chiqib ketgan. Argentina yoki Braziliyaga o‘xshagan jamoa muxlislari uchun tejamkorlik ayniqsa muhim, bu ikki jamoa o‘yiniga chipta topish qiyin va ular juda qimmat.
Qayerda ovqatlanish mumkin?
Qatarga keladigan musulmon sayyohlar uchun ovqatlanish muammo bo‘lmaydi, chunki hamma taomlar halol. Musulmonlarga to‘g‘ri kelmaydigan tarzda halol bo‘lmagan ovqatlarga esa halol emas deb belgi qo‘yisharkan (hozircha bunaqasini uchratmadik). Xoh Braziliya, xoh Italiya kafesi bo‘lsin, taomlari halol bo‘lishi shart qilib qo‘yilgan. Mundialning aksar mehmonlari ovqatlanish uchun Qatar Mall yoki City Center kabi savdo markazlarini tanlashadi. Bilasiz, bunday savdo markazlarining fudkortlarida narx-navo nisbatan qulay bo‘ladi. Masalan, bir kishi o‘rtacha 15-20 dollarga yaxshi ovqatlana oladi.
Shuningdek, stadionlar atrofida FIFA hamkorlaridan bo‘lmish makdonalds yemakxonalari bor. U yerda 8-10 dollarga ham ovqatlana olasiz. Uning asosiy ustunligi esa ko‘p davlatda bor va ta’mi sinovdan o‘tgan. O‘yin kunlari makdonaldslar eng gavjum manzillardan biri bo‘ladi. Ammo u yerda buyurtmangizni shunchalik tez olasizki, asti qo‘yaverasiz.
Transport masalasi
Futbol muxlislari uchun Qatar metrosi hayotidagi qadrdon manzillardan biriga aylanib qolayotgan bo‘lsa kerak. Chunki hamma imkon qadar metro atrofidan uy topganki, unda qatnash barcha Hayya Card sohiblariga bepul. Futbol o‘yinlaridan keyin stadiondan 1 km ham chiqmaydigan metro bekatlarigacha 1 soatdan ko‘proq vaqt sarflab yetib borishga majbursiz, chunki birdaniga odam ko‘payib, tiqilinch yuzaga kelmasligi uchun olomon maxsus guruh tomonidan vaqti-vaqti bilan metroga o‘tkaziladi.
Metroga kirishni juda intizor kutadigan minglab odamlar orasida aynan shu sabab «Metro this way» deb aytib turadigan volontyorlar mashhur bo‘lib ketdi, muxlislar bu chaqiriqni jo‘r bo‘lib kuyga solib aytishni ham odat qilishdi. AQSh – Angliya o‘yini tanaffusida bunday volontyorlardan biri stadionga taklif qilinib, u bilan butun stadion «Metro this way» deb aytdi.
Metro atrofida bo‘lmagan «Al Janub» va «Al Bayt» stadionlarida esa o‘yindan keyin muxlislarni metrogacha olib boradigan bepul avtobuslar tashkil qilingan. Shuningdek, stadionlardan muxlislar turadigan fan villajlarga ham avtobuslar qatnaydi. Bu ishlar Qatar hukumati tomonidan moliyalashtirilgan.
Eng asosiy qulaylik
Qatarga chindan juda ko‘p muxlis kelgan, buni har o‘yinda stadionlar to‘layotganidan ham ko‘rish mumkin. Muxlislar uchun eng qulay tomoni esa musobaqa deyarli bitta shaharda o‘tib stadionlar orasi yaqin ekani. Masalan, siz mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da boshlanadigan kunning birinchi va 22:00 da boshlanadigan to‘rtinchi o‘yiniga bemalol kirishingiz mumkin. Bu uchun shaysiy mashina yoki taksi ham kerak emas, metroga tushsangiz kifoya. Til bilmasangiz ham volontyorlar boradigan joyingizni ko‘rsatib qo‘yadi.
O‘tkir Jalolxonov, Qatar
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
18:02 / 19.12.2024
Qatarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan haydovchining avtomobili yo‘q qilindi
16:14 / 17.12.2024
Mirziyoyev Qatar amiri bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
19:01 / 19.11.2024