Vyacheslav Volodin O‘zbekistonni AQSh bilan hamkorlik qilishning oqibatlaridan ogohlantirdi
Rossiya Davlat dumasi raisi Toshkentda yuqori martabali shaxslar bilan uchrashdi va bu tashrifi haqida bayonot e’lon qildi. Boshdan oyoq AQShga qarshi ayblovlardan iborat bayonotdan ko‘rinishicha, Volodin O‘zbekistonni “qo‘y terisiga yopinib keladigan” Amerikadan ogohlantirgan, Yevropadagi holatdan saboq chiqarishga undagan.
Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin O‘zbekistonga kelib, 28 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Toshkentdagi idoralarning rasmiy axborotlarida aytilishicha, mazkur uchrashuvlarda O‘zbekiston–Rossiya aloqalarining rivojlanib borayotgani e’tirof etilgan, o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish haqida so‘z borgan.
Nurdinjon Ismoilov va Vyacheslav Volodin ikki mamlakat parlamentlari quyi palatalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha komissiya tuzishga kelishib olgan va komissiyaning reglamentini imzolagan.
Rossiya delegatsiyasi tashrifini 27 noyabr kuni Samarqandda boshlagan. Mehmonlarni kutib olish uchun Samarqand xalqaro aeroportiga Nurdinjon Ismoilovning shaxsan o‘zi chiqqan. Delegatsiya birinchi prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qilgan, Boqiy shahar majmuasida bo‘lgan. Toshkentda esa G‘alaba bog‘i va Amir Temur muzeyiga borgan.
28 noyabr kuni Duma rasmiy saytida Volodinning O‘zbekistonga safariga doir rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Bayonot AQShga qarshi ayblovlardan iborat.
Vyacheslav Volodinning fikricha, O‘zbekiston AQSh bilan hamkorlikning “ehtimoliy oqibatlariga baho berish”da Yevropaning Amerika bilan hamkorligi “natijalari”dan saboq chiqarishi kerak.
“Bu yerdagi odamlar donishmand, aqlli – bu xat-xabarlar nimaga olib kelishini tushunishadi”, – degan u AQSh vakillarining Markaziy Osiyoga tez-tez kelib turishiga izoh berarkan.
Duma raisining da’vosicha, aynan AQSh bilan qalin munosabatlar Yevropani iqtisodiy muammolarga yetaklagan. Uning fikricha, Amerika Yevropani Rossiyaga qarshi sanksiyalar urushiga sudrab kirib, Yevropa va Rossiya hamkorligidagi loyihalarni barbod qilgan. “Arzon energiyadan foydalanish imkonini beradigan ayni shu dasturlarimiz Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlarda sanoat rivojlanishining asosi edi”, degan u.
Volodin o‘z so‘zida aynan rus energoresurslari “yevropaliklar farovonligining poydevori” bo‘lgani, AQSh esa bu resurslarning Yevropaga yetib kelishini to‘xtatib qo‘yishni istagani, bu orqali Amerika Yevropaga o‘zining qimmat resurslarini sotishga erishganini iddao qilgan.
Rossiyalik mulozim O‘zbekistonga safari davomida “juda keng miqyosdagi masalalar, xususan umumiy tarix, an’anaviy qadriyatlar, madaniyat masalalari”ni ham muhokama qilganini aytadi.
“Ko‘p jihatlarimiz o‘xshash. Masalan, oilani buzib, munosabatlar borasida yangi qadriyatlarni tiqishtirayotganliklarini biz qabul qila olmaymiz. Amerikaliklar qo‘y terisini yopinib kelishadi, lekin bo‘rining irjayishi ko‘rinib turadi, shuning uchun kim kelgani hammaga tushunarli bo‘ladi”, – degan Vyacheslav Volodin.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH davlatlarining razvedka xizmatlari rahbarlarini Moskvaga yig‘ib, ularni “qonli qirg‘in uyushtirishga tayyor” turgan “geosiyosiy muxoliflar” borligini aytib ogohlantirgan edi.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024