Jamiyat | 17:25 / 30.11.2022
16281
3 daqiqa o‘qiladi

1 300 yillik tarixga ega artefakt 4 yil davomida restavratsiya qilingan

Luvr muzeyidagi ko‘rgazma uchun restavratsiya qilingan 70 ta artefakt ichida Kofir-qal’a qadimiy yodgorligidan topilgan yog‘och lavh ham bor. Kuyib ko‘mirga aylangan bu noyob panno VI–VII asrlarga mansub bo‘lib, uni restavratsiya qilish uchun 4 yil vaqt ketgan. Mutaxassis Marina Reutova shu haqda gapirib berdi.

Restavratorning qayd etishicha, bu panno 2017 yilda Samarqanddagi Kofir-qal’a qadimiy yodgorligidagi qazilma ishlari davomida qo‘lga kiritilgan.

«Shu yodgorlik joylashgan manzilga borganimizda dastlab arkning bir qismi ochilgan edi, uni tuproqlardan tozalashda davom etarkanmiz, teparoqda panno borligini ko‘rib qoldik. Hozir panno 140 dan 121 santimetrgacha bo‘lgan 3 ta qismga ajratilgan.

Bu ko‘mirga aylangan daraxtlar shunchaki maxsus uskuna bilan mustahkamlab qo‘yilgan, bo‘lmasa ular bir-biriga jipslashmagandi. Shuning uchun uni tozalab olish jarayoni qiyinroq kechdi. Jarayonda qo‘lingiz to‘satdan nojo‘ya ketib qolsa ham bo‘ldi, ko‘mir titilib ketishi mumkin edi.

Taxminan 4 nafar restavrator bo‘lib, asta-sekinlik bilan pannoning bir qismini tozalab ochdik. Lekin bu ishni oxirgi bosqichgacha olib borish mumkin emas, agar pannoning ustki qismini tozalashda davom etsak, undagi o‘yma naqshlarga zarar yetishi mumkin va keyin biz undan foydalana olmaymiz», – deya qayd etadi eksponat restavratori.

Marina Reutovaning so‘zlariga ko‘ra, pannoni butunligicha olishning texnik jihatdan imkoni bo‘lmagan. Boisi unga shikast yetkazib qo‘yish mumkin edi. Bunday holatda restavratorlar uni bir necha qismga bo‘lib, keyin tozalashda davom etishgan va ehtiyotkorlik bilan tuproqdan chiqarib olishgan.

«12 kun davomida 4 nafar restavrator pannoni tozalash va tuzatish, chiqarib olish ustida ishladi. Ammo laboratoriyadagi restavratsiya jarayoni to‘rt yildan beri davom etmoqda. Chunki yodgorlikning har bir yorig‘ini tozalash, keyin ko‘plab joylarining bir-biriga to‘g‘ri keladiganlarini topib, ulash, mustahkamlash ishlari bor edi», – dedi Marina Reutova.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo bo‘yicha bunday panno shu vaqtgacha faqat Tojikistonda bo‘lgan, keyinroq Kofir-qal’a yodgorligidan topilgan, endilikda O‘zbekistonda ham bor.

Restavratorning qo‘shimcha qilishicha, ushbu pannoda 46 ta turli ramzdagi naqsh va figuralar bor. Ular orqali o‘sha davrda yashagan insonlarning qanday kiyingani, qanday idishlardan foydalangani-yu, ularning soch turmagi hamda yuz tuzilishini bilib olish mumkin.

Mavzuga oid