O‘zbekiston | 13:28 / 30.11.2022
46756
3 daqiqa o‘qiladi

Lola Qallixanova: «Biz juda jiddiy xato qildik! Mamlakatimizga tosh otdik...»

Lola Qallixanova Nukusdagi tartibsizliklarning asosiy tashkilotchisi Dauletmurat Tajimuratovning aldoviga uchganini aytib o‘tdi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Oliy sud matbuot xizmati xabar qilishicha, sud tergovi davomida so‘roq qilingan sudlanuvchi Lola Qallixanova o‘z ko‘rsatmalarida aybiga to‘liq iqrorligini va qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan.

«U sudlanuvchi D. Tajimuratovning Nukus shahrida miting o‘tkazish haqida Jo‘qorg‘i Kenges raisi nomiga ariza qoldirganligi to‘g‘risidagi xabariga aldanib, uning ushbu gaplariga ishonib qolganligi, shu sababli o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bildirish hamda videoroliklar chiqarganligi, lekin ushbu holatlar aholining bu darajada ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘lishini bilmaganligi, D. Tajimuratovning aldoviga uchganligi, ushbu qilmishi oqibatida odamlar vafot etganligi, ularning o‘limida esa o‘zini ham aybdor deb bilishini, shu sababli o‘zini kechirmasligini, o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni to‘liq tan olishini bildirdi», deyiladi xabarda.

Sud jarayonida ishtirok etayotgan deputat, mustaqil komissiya a’zosi Alisher Qodirov sudlanuvchi Qallixanova juda ta’sirchan gapirgani, tartibsizliklarda vafot etgan har bir insonni vijdoniga yuk sifatida qabul qilganini, buni hech qanday qamoq jazosi ketkaza olmasligini aytib yig‘lab yuborganini yozadi.

«Biz juda jiddiy xato qildik! Mamlakatimizga tosh otdik, mamlakatimiz esa bizga uch mahal issiq ovqat berib, issiq-sovug‘imizni o‘lchab o‘tiribdi. Judayam pushaymonman…» deya sudlanuvchining so‘zlarini keltiradi u.

  • Eslatib o‘tamiz, 1989 yilda tug‘ilgan, Makan internet-nashri ma’muri bo‘lgan Lola Qallixanova Nukus voqealari vaqtida Dauletmurat Tajimuratov tomonidan tuzilgan uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm (ayirmachilik) g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelganlikda (Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi, 159-moddasi, 244- va 244-1-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlar) ayblanmoqda.
  • Ma’lumot uchun, Qallixanova 2021 yil iyulida prezident tomonidan «Shuhrat» medali bilan mukofotlangandi.

Mavzuga oid