O‘zbekiston | 22:12 / 03.12.2022
24572
4 daqiqa o‘qiladi

“Holatni prokuratura tekshirmoqda” – IIV Yangiariqda o‘z joniga qasd qilgan xodim ishi bo‘yicha izoh berdi

26 noyabr kuni yuz bergan suiqasdga oilaviy mojaro sabab bo‘lgani aytilmoqda.

O‘z joniga qasd qilgan Yangiariq tumani IIB xodimi barcha qurol bilan ishlaydigan xodimlar singari psixolog tomonidan suhbatdan o‘tkazilgan va xizmat jarayonida u normal holatda bo‘lgan. Bu haqda IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Umid Nurillayev 1 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Chindan ham Yangiariq tumani IIBda navbatchi yordamchisi tomonidan o‘zining joniga qasd qilish holati kuzatildi. Xalqaro statistikaga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha Yaponiya va Koreyada suitsidal harakatlar ko‘p kuzatiladi. Respublikamizda yiliga yuzlab suiqasdlar sodir etiladi.

Ichki ishlar organlarida ham bu [xodimlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari] bo‘yicha statistika yuritamiz, holatlarni chuqur o‘rganamiz. Ichki ishlar organlarida har yili ikki-uchta suiqasd sodir bo‘ladi. Shuncha ming shaxsiy tarkibga nisbatan bunga normal holat sifatida qarash mumkin.

Endi bu xodim xizmat bilan bog‘liq bo‘lmagan holatda shunday vaziyatga tushgan. Ya’ni oilasi bilan ajrashib, stress holatiga tushib qolganidan so‘ng... [joniga qasd qilgan]. Xodimga sobiq xotini tomonidan... yoki uni yana ham chuqur stressga soladigan boshqa holat bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Unga qo‘ng‘iroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Unga topshirilgan quroldan foydalanib, xizmat tugagandan keyin o‘zining joniga qasd qilgan.

Bizda har bir qurol bilan ishlaydigan xodim psixolog tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi. [O‘z joniga qasd qilgan xodim] xizmat jarayonida to‘liq normal holatda bo‘lgan. Lekin oilaviy janjal bilan bog‘liq bo‘lgan qandaydir voqeaning unga ta’siri natijasida ushbu holat kelib chiqqan. Hozir bu holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tekshiruv olib borilyapti. Uning yakuni bo‘yicha to‘liq rasmiy ma’lumot beriladi”, deya Umid Nurillayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Umid Nurillayev
Foto: AOKA

Eslatib o‘tamiz, Xorazm viloyati Yangiariq tuman IIB xodimi U.R. 26 noyabr kuni tuman IIB binosida xizmat quroli orqali o‘z joniga qasd qilgan. Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, IIB xodimining o‘z joniga qasd qilishiga oilaviy kelishmovchilik (turmush o‘rtog‘ining 2 oy avval farzandlarini olib otasining uyiga ketib qolgani) oqibatida kelib chiqqan ruhiy siqilish sabab bo‘lgan.

Daryo.uz nashri Bosh prokuratura ma’lumotiga tayanib, xodim “PM” pistoleti bilan o‘zining qorin va bosh qismiga otganini ma’lum qildi. Xodim Yangiariq tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan. 

Mavzuga oid