Jamiyat | 11:19 / 03.12.2022
51793
16 daqiqa o‘qiladi

“Nogironlar xayriyaga muhtoj emas, ularning huquqlarini ta’minlash kerak” - Dilmurod Yusupov bilan suhbat

“Nogironlik birinchi navbatda odamlarning xilma-xilligi va inson huquqlari masalasidir”, – deydi ekspert Dilmurod Yusupov. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni faqat tibbiy yoki xayriya masalasi deb ko‘rmasdan, avvalo inklyuziv ta’lim, inklyuziv bandlik va nogironlarning siyosiy ishtiroki haqida gapirish lozim. “O‘zimizning ongimizdagi to‘siqlarni olib, ularni ham o‘z safimizga qo‘shishga harakat qilishimiz kerak”, – deydi u.

3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni. Shu kuni jahon miqyosida nogironligi bor shaxslarning huquqlarini ta’minlashdagi o‘tkir muammolar, ularning kamsitilishi va keng yoyilgan stereotiplar haqida gapiriladi.

Kun.uz bu sana oldidan O‘zbekistonda nogironlik va inklyuziv rivojlanish masalalari tadqiqotchisi, Angliyaning Sasseks universitetining taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti Dilmurod Yusupov bilan suhbatlashdi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni rasman 700 mingdan oshgan. 2022 yil boshida Jahon banki e’lon qilgan hisobotda mamlakatdagi nogironligi bor shaxslar soni aholining 2,1 foizini tashkil etishi qayd etilgan.

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov Kun.uz'ga bergan intervyusida poytaxtda yashayotgan nogironlar rasman 45 ming nafar, norasman esa 70 ming nafardan ko‘proqligini aytgandi.

— Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nima sabab norasmiy statistika rasmiy statistikadan farq qiladi? Buning ahamiyati qanchalik rol o‘ynaydi?

— Statistika masalasi juda ham dolzarb. Menimcha, bu birinchilar bo‘lib ko‘riladigan ish bo‘lishi kerak. Chunki davlatning ijtimoiy siyosati aynan shu ma’lumotlarga asoslanib amalga oshiriladi.

Statistikaning turli xil bo‘lishi ham sir emas, jahon tajribasida davlatlarda ham har xil ko‘rsatkichlar qayd etilgan. JSSTning hisobotlariga ko‘ra, butunjahon aholisining 15 foizi, ya’ni 1 mlrd nafari turli xil nogironlik holatlariga ega.

Endi, nima sabab O‘zbekistonda qayd etilgan nogiron insonlar soni kam? Mana atigi 2 foiz deyilyapti, bu – juda kam ko‘rsatkich. Boshqa davlatlar bilan solishtirganda, masalan, Qozog‘istonda aholi 19 mln nafar, shuning 650-658 ming nafari esa nogironligi bor shaxslar sanaladi. Bu raqamlardan hayratlandim, to‘g‘risi.

Bizda tibbiy mehnat ekspert komissiyasi bor, bunda har bir nogiron shu komissiyaga borib, hamma qog‘ozlarini to‘g‘rilab, ro‘yxatdan o‘tib, keyin rasman nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida tizimda ko‘rinadi. Hozir siz aytayotgan son – 2 foiz ma’muriy statistika, ya’ni shu tizimda bor odamlardir. Lekin bundan tashqari tadqiqotlardan, aholi orasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali qayd etilgan raqamlar ham bor. Mana bitta misol qilib keltiraman. 2018 yilda Jahon banki O‘zbekistonda nogironlikka doir Vashington guruhi savollarini berish orqali, xonadonlarda so‘rovnoma o‘tkazishgan. Bunda 6 ta savol beriladi; masalan, “nogironlik” so‘zi ishlatilmasdan, “yurish yoki eshitishda qiyinchiliklaringiz bormi?” deb so‘raladi.

Nogironlikni hamma har xil tushunadi. Kimdir buni qabul qila olmaydi. Misol uchun, ba’zi odamlar nogironligi bo‘la turib, nogironligim yo‘q deyishi ham mumkin. Shuning uchun nogironlik so‘zini ishlatmasdan, 6 ta funksional savol berishgan.

Shu tadqiqot natijasida O‘zbekiston jami aholisining 13,5 foizi muayyan nogironlik holatiga ega deb topilgan. Bu 4,5 mln nafar inson deganidir. Biz esa bundan bexabarmiz, balki bilishni ham istamasmiz.

Shaxsan o‘zim o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, nogironlik holatlari aynan yoshi katta insonlarda ko‘proq uchraydi. Jahon bankining tadqiqotida insonning yoshi o‘tgan sari nogironlik holati ham ortaverishi qayd etilgan. Ya’ni o‘zimiz ham bilamiz, qariyalarimizda ko‘rish, eshitish yoki yurish qobiliyatlari cheklanib boraveradi va bu – tabiiy holat. Demak, bizda yoshi ulug‘ insonlarni ham qamrab olish vazifasi turibdi.

Bundan tashqari, ko‘plab oilalar bor, nogiron farzandini ro‘yxatdan o‘tkazishni istamaydi. Byurokratik to‘siqlar deyishadi yoki andisha qilishadi. “Men hozir borib, hammaga farzandimning nogironligini ko‘rsatib nima qilaman?” deydi. Chunki jamiyatimizda kamsitish bor.

Dunyoda har xil insonlar bor, nogironlik ham insoniyatning xilma-xilligi hisoblanadi. Lekin bizda nogironlik salbiy tushuniladi va shu bilan jamiyatga ko‘rsatishni xohlashmaydi, individuallik deb qabul qilinmaydi. Mana shu sabablar tufayli ko‘plab nogironligi bor shaxslar biz uchun tizimdan tashqarida, ko‘rinmas insonlar bo‘lib turishibdi.

— Shuncha nogiron insonlar ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, bu bilan yana qo‘shimcha muammolar ham paydo bo‘lmaydimi? Masalan, ta’lim olish yoki bandlik sohalarida.

— To‘g‘ri, eng asosiy muammo – real holatni ko‘rsatadigan raqamlar yo‘qligidir. Ma’lumot yo‘q bo‘lsa, o‘sha inson bizda yo‘qdek hisoblanadi.

Ta’lim olishda ham biror oila farzandiga nogironlik guruhi belgilanmagan, rasman ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, maxsus internatga joylashishida muammo bo‘lishi, yana nogironlik nafaqasini ham olmasligi mumkin.

Albatta, ba’zi oilalar nafaqa kerakmasligini, nogiron farzandini o‘zi ham ta’minlay olishini aytadi. Lekin kelgusida u ota-ona ham qariydi, farzandi esa katta bo‘ladi. Bu esa nogironlikni rasmiylashtirish jarayoni yanayam qiyinlashtiradi.

Nogironlik guruhini rasmiylashtirish birinchi navbatda bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Chunki bu bilan har bir inson individual ekanini tan oladi. Ikkinchidan, ijtimoiy himoyaga olinadi. Ya’ni davlat bu insonni o‘z ijtimoiy himoyasiga olib, unga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy nafaqa beradi.

— Dilmurod aka, shu o‘rinda hujjatlar borasida ham gaplashsak. 2020 yilda O‘zbekistonda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan, 2021 yilda esa BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilingan. Bu ikkita hujjat nogironligi bo‘lgan insonlarning huquqlarini himoya qilish, ular jamiyatning bir bo‘lagi sifatida o‘z o‘rnini topishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kerak. Xo‘sh, bu 2 ta qog‘oz amalda qanchalik ishlayapti?

— Judayam muhim bo‘lgan 2 ta hujjatni aytib o‘tdingiz. Birinchi navbatda shu BMTning konvensiyasi haqida gapirsak. Bu hujjatni ratifikatsiya qilganimiz katta yutuq bo‘lgandi. Nogironlar jamoati birlashmalari, tadqiqotchilar buni uzoq kutishgandi. Aslida, biz bu konvensiyani 10 yillar oldin ratifikatsiya qilishimiz kerak edi. Markaziy Osiyo davlatlari, misol uchun, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ratifikatsiya qilib bo‘lgandi.

Ratifikatsiya qilish bilan davlat nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy himoyasi, ta’limi, bandligi va boshqa huquqlarini ta’minlash borasida o‘z majburiyatlarini oldi hisob. Albatta, majburiyat bo‘lganidan keyin uni bajarish kerak.

Qog‘ozda qolib ketmasligi uchun biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning va jamiyatning ongini o‘zgartirishimiz kerak bo‘ladi. Chunki konvensiyaning asosiy jihati – nogironlikning ijtimoiy modeliga o‘tish hisoblanadi. “Ijtimoiy modelga o‘tish” gapi ko‘pchilikning faqatgina og‘zida bo‘lib qolyapti. Lekin uning tub mohiyatiga yetib borilayotgani yo‘q.

Bizda “Nogironligi bor shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun 2021 yil 16 yanvardan boshlab kuchga kirdi. Bu qonunning muammosi “nogironlik” tushunchasida. Bu tushuncha hanuzgacha nuqsonga tenglashtirib qo‘yilgan. Bu – o‘ta tibbiy tushuncha. Nogironlik nuqson yoki faqatgina tibbiy masala emas. Konvensiyada nogironlik nafaqat nuqsonlar, balki atrof-muhit va munosabat o‘zaro to‘qnash kelganida yuzaga keluvchi tushuncha deb aytilgan. Ya’ni bu holat vujudga kelishi nafaqat o‘sha insonning o‘ziga, balki jamiyatga ham bog‘liq hisoblanadi.

Misol uchun, nogironlar aravachasida yuradigan bir inson ishga borishi, u yerda barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lishi mumkin. Ammo uning rahbari nogironligi mavjudligi uchun xodimni ishga olmasligini ham aytishi ehtimoldan xoli emas. Bu bilan esa nogiron insonning huquqlari cheklanadi. Shuning uchun ham konvensiyaning asosiy maqsadi – jamiyatni o‘zgartirish. Jamiyatning to‘siqlari, munosabati asosiy muammolardan biri sanaladi.

Shuningdek, yana bir muammo bor, bu – nogironlikka xayriya modeli. Ya’ni xayriya orqali nogironligi bor insonlarning muammosini hal qilsa bo‘ladi deyishadi. Bu model har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kunida avjiga chiqadi. Bu kunni ham bayram qilib yuborishgan, aslida esa bayram emas. Balki bu toifadagi insonlarning huquqlarini ta’minlash, jamiyatning xabardorligini oshirish maqsadida o‘tkaziladigan kun hisoblanadi.

3 dekabrda bayram dasturxonlari yoziladi, sovg‘alar beriladi, baland musiqada raqslar uyushtiriladi. Judayam zo‘r, men bunga qarshi emasman. Lekin faqat bu orqali muammoni yechib bo‘lmaydi. Bizga tizimli yechimlar kerak. Va nogironligi bor insonlar xayriyaga muhtoj odamlar emas, ularning huquqlarini ta’minlash kerak. Ayni vaqt biz nogironlikni xayriya yoki tibbiy emas, balki inson huquqlari muammosi deyapmiz. Shuning uchun nogironlik jamoat birlashmalari bu narsalardan uzoqda bo‘lib, xayriya modelidan ijtimoiy modelga o‘tishi kerak bo‘ladi.

Lekin ko‘p tashkilotlarga qaralsa, afsuski, faqat xayriya tarqatish bilan ovora. Homiy topadi va sovg‘alarni tarqatadi. Inklyuziv sifatli ta’lim, inklyuziv bandlik, hatto siyosiy ishtiroki boshqa yerda tursin, ularni faqat shu bilan bog‘lab qo‘yishgan. Mana shu – eng katta muammo.

— Yuqorida raqamlar haqida gapirdik. Demak, O‘zbekistonda biz bilgandan ko‘ra ko‘proq nogiron insonlar yashaydi. Lekin Toshkent ko‘chalarida, jamoat transportlarida bu toifadagi odamlarni deyarli uchratmaymiz. Chunki Toshkent ularga moslashmagan. Dilmurod aka, nima deb o‘ylaysiz, nima uchun hanuzgacha O‘zbekiston nogiron insonlar uchun moslashmagan?

— Mana, Jahon bankining hisoboti haqida gapirildi. Shu hisobotga ko‘ra, Toshkentning 85 foiz infratuzilmasi nafaqat nogironligi bor shaxslar uchun, balki yoshi katta, farzandli insonlar, homilador ayollar uchun ham moslashmagan. Bu yerda faqat nogiron shaxslar emas, butun jamiyatimiz haqida gap ketyapti. Ya’ni Toshkent hatto nogironligi bo‘lmagan inson uchun ham moslashmagan. Va hamon moslashtirilmayapti.

Biz ko‘p marotaba takrorlaymiz, qonun-qoida ham bor, qurilish me’yorlari bor, lekin shunga qaramay, yangi qurilgan binolarda ham sharoit yaratilmagan.

Men mana shu muammolarning ichiga kirishga harakat qildim. 1991 yilda qabul qilingan “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bo‘lgan, bu – eski qonun. Shu qonunga ko‘ra, har bir ijtimoiy infratuzilma obekti qurilayotganda O‘zbekiston nogironlar jamiyati bilan kelishish kerak edi. Lekin bu tartib amalda ishlamagan. O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, nogironlar jamiyati, karlar jamiyati bor. Obektlar, metro bekatlari qurilishida ularning vakillaridan maslahat olinmagan.

Lekin muammo shundaki, nogironlikka hanuzgacha tibbiy prizmadan qaralgani uchun bu boradagi masalalarni faqat tibbiyot, reabilitatsiya xodimlari egallab olishgan. Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga qarasangiz ham, rahbariyatidagi ko‘pchilik odamlar tibbiyot sohasi mutaxassislaridir. Nogironlik ijtimoiy muammo bo‘lishi kerak. Ammo shu nuqtayi nazaridan amalga oshirilgan tadqiqotlar soni juda ham kam. Ya’ni tadqiqotlar deyilganda, ingliz tilida chet elning akademik nashrlarida chop etilgan ilmiy maqolalar soni juda oz. Menimcha, ayni vaqtda bunday maqolalar yetarlicha emas.

— Umumiy qilib aytilsa, nogironlik masalalari ahamiyatli ko‘rinmayotgani ham bir muammo bo‘lib turibdi, aslida. Bu boradagi fikringiz qanday?

— Bu – juda ham achinarli holat. Nogironlik masalasi yilda bir yoki ikki marta, yuqorida aytganimdek, faqat bayramlarda eslanishi… Yaqinda 3 dekabr keladi, Navro‘z keladi, ya’ni bayramlar keladi. So‘ng keyingi yilgacha xayrlashiladi.

Muammoni yechishning bitta yo‘li bor. Fikrimcha. Buyuk Britaniya, AQShda nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakati yo‘lga qo‘yilgan. Shu ijtimoiy harakatlarning tarixiga nazar tashlasak, nogironligi bo‘lgan shaxslarning tanqidiy fikrlash qobiliyati shakllanganidan so‘ng ular o‘zlariga savol bera boshlashgan. Ya’ni nima sabab ular nogironligi bois ta’limsiz yoki ishsiz ekani, jamoat transportidan foydalana olmasligiga qiziqa boshlagan. Shunday davlatlarda nogironligi bor shaxslarning tashkilotlari, tashabbuskor guruhlari birlashib, “bizga xayriya emas, bizga huquqlarimiz kerak”, deyishgan.

Ular ham avtobusga chiqish, ta’lim olishni xohlay boshlashgan. Ammo mana shu talab bizda bu darajada kuchli emas. Chunki muammo xayriya modelida. Biz ularni “passiv oluvchilar” sifatida qabul qilyapmiz. Menimcha, bir martalik xayriyadan ko‘ra, kengroq fikrlab, nogironlarni ham jamiyatga qo‘shishga harakat qilishimiz kerak. O‘zimizning ongimizdagi to‘siqlarni olib, jamiyatni o‘zgartirib, ularni ham qo‘shishga harakat qilishimiz kerak. Ana o‘shanda o‘zgarish bo‘ladi. Birinchi navbatda, ularni tinglashni boshlashimiz kerak.

Bir iqtisodchi do‘stimiz bor, shularni ko‘rib menga: “Dilmurod, judayam zo‘r ishlar qilasan-ku, lekin bu masalaga hali bor”, degan edi. Chunki uning fikricha, biz qandaydir iqtisodiy rivojlanishga erishib, budjetimizda ko‘proq pul bo‘lib yoki asosiy ehtiyojlarni qondirib, ya’ni gaz, “svet”, yo‘llardagi muammolarni hal qilganimizdan keyin, nogironligi bor shaxslar haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Nima, nogironligi bo‘lgan shaxslar odam emasmi? Ular chetda kutib turishadimi? Bu inson huquqlariga ham to‘g‘ri kelmaydigan fikr-da.

Har qanday rivojlanish inklyuziv bo‘lishi kerak. Inklyuziv deganda, jamiyatdagi har bitta insonning foydasi ko‘zda tutilishi kerak. Va rivojlanish jarayonida har bir odam bundan bahra olishi lozim. “Bu qatlam hozir kutib turadi, ungacha bu qatlamni qilib olaylik” deyish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Nogiron insonlarning ehtiyojlari hozir inobatga olinishi kerak. Hozirdan biz qo‘ygan avtobusimiz, metrolarimiz qanchalik inklyuziv, sharoitlari bormi yoki yo‘q, shunga e’tibor qaratishimiz lozim. Keyin-keyin ulanib, bora-bora bu ham inklyuzivlashadi.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid