Jahon | 13:21 / 03.12.2022
5982
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi transchegaraviy hamkorlik uchun 533 mln yevro ajratdi

Ittifoqning 10 ta a’zo davlati, Ukraina va Moldova ham ishtirok etadigan Yevropa Ittifoqining yangi dasturlari transchegaraviy va transmilliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Foto: Reuters

Yevrokomissiya (YeK) Yevropa Ittifoqiga a’zo 10 ta davlat, shuningdek, Ukraina va Moldova ishtirokidagi 533 million yevrolik to‘rtta yangi Interreg dasturini tasdiqladi. Ular transchegaraviy va transmilliy hamkorlikni rivojlantirish, yashil texnologiyalarga o‘tishni jadallashtirish hamda sog‘liqni saqlash va ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, deyiladi YeK saytida 2 dekabr, juma kuni.

«Ushbu dasturlar komissiyaning mart oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Rossiya va Belarus bilan hamkorlikni to‘xtatish va Ukraina va Moldova bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun ushbu ikki davlatga dastlab ajratilgan 26,2 million yevroni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori fonida ko‘proq moliyalashtiriladi», - deyiladi press-relizda.

Umumiy summadan 215 million yevro Dunay mintaqasida innovatsiyalar va qayta tiklanadigan energiya sohasida transmilliy hamkorlikka yo‘naltiriladi. Polsha va Ukraina o‘rtasida tabiatni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va chegaralarni boshqarish sohasidagi transchegaraviy hamkorlik uchun 187 million yevro ajratilgan. Ruminiya va Ukraina o‘rtasidagi transchegaraviy hamkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash va tabiatni muhofaza qilishni yaxshilash uchun 54 million yevro ajratilgan. Yana 77 million yevro xuddi shunday maqsadlarda Ruminiya va Moldova o‘rtasidagi transchegaraviy hamkorlikka yo‘naltiriladi.

Interreg dasturi Yevropa Ittifoqining transchegaraviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashdagi asosiy vositalaridan biridir. U sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, tadqiqot, ta’lim, transport va barqaror energiya kabi sohalardagi umumiy muammolarni hal qiladi. 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi Interreg NEXT hamkorlik dasturlari Yevropa Ittifoqi va blokning tashqi chegaralaridagi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikka qaratilgan.

YeK ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan Ukraina va Moldova o‘rtasidagi transchegaraviy va transmilliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy budjeti deyarli 665 million yevro bo‘lgan oltita dastur ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid