IIV 2021 yil fevralda qabul qilingan prezident qarori nega jamoatchilikka ochiqlanmayotganiga izoh berdi
Ta’kidlanishicha, qarorda faqat ichki ishlar organlari uchun tegishli ayrim yopiq ma’lumotlar bo‘lgani sababli e’lon qilinmagan.
2021 yilning fevral oyida ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishga oid 118-sonli prezident qarori imzolangan. Lekin bu qaror hanuzgacha ochiq manbalarda uchramaydi. IIV mulozimi Kun.uz muxbirining savoliga javoban hujjat nima uchun ochiqlanmayotganiga izoh berdi.
“Haqiqatan ham 118-sonli qaror bizda mavjud. Unga ko‘ra:
- xodim vafot etganda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari;
- og‘ir tan jarohati olganlarga 50 baravari;
- o‘rtacha og‘ir tan jarohati olganlarga 20 barobari miqdorida kompensatsiyalar to‘lab kelinadi.
Bugungi kunga qadar vafot etgan, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jarohatlangan xodimlarning hammasiga ushbu to‘lovlar to‘lab berilgan. Qarorning jamoatchilik uchun ochiq emasligi borasida Adliya vazirligi bilan maslahatlashgan holda ma’lumot beramiz”, deydi IIV departament boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Muhsinov.
IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Umid Nurillayevga ko‘ra, oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan ma’lumotlar bo‘lgani uchun hujjat ochiq manbalarga joylashtirilmagan.
“Qarorda oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan boshqa ma’lumotlar bo‘lmagani uchun u yopiq holda qabul qilingan. Unda faqat ichki ishlar organlari uchun tegishli ayrim yopiq ma’lumotlar bo‘lgani sababli hujjat e’lon qilinmagan”, deydi Umid Nurillayev.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil fevral oyida qabul qilingan 118-sonli prezident qarori bilan ichki ishlar xodimlariga bir qator imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Yuqorida IIV mulozimi xizmat jarayonida jarohat olgan yoki vafot etgan xodimlarning oilasiga beriladigan moddiy yordam miqdori haqida ma’lumot berish bilangina cheklandi. Aslida 20 yil va undan ko‘p ishlagan xodimlarga, xizmatdan bo‘shatilgandan boshlab 36 oy davomida sobiq xodim (pensioner)ning ichki ishlar organlaridagi xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida hayoti va sog‘ligiga zarar yetkazilgan taqdirda bir martalik kompensatsiya to‘lash belgilangan.
Shuningdek, hujjatda ish staji 10 yildan ko‘p bo‘lgan xodimlarga mashina sotib olish uchun BHMning 300 barobari miqdorida qarz berish, xodimlarning farzandlariga davlat granti asosida OTMga o‘qishga kirish uchun umumiy qabul ko‘rsatkichlaridan tashqari 5 foizli kvota ajratish, xodimlarning ota-onalariga ham IIV tizimidagi davolash muassasalari xizmatidan foydalanishga ruxsat berish, 20 yildan ko‘p xizmat qilgan, ammo uy-joy bilan ta’minlanmagan yuqori malakali xodimlarga bepul uy berish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq, 2022 yilning 10 oyida ichki ishlar xodimlari 344 marta qarshilikka uchragani, buning oqibatida 25 nafar xodim xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgani ma’lum qilingandi.
Shu yilning 30 noyabr kuni Olmazorda profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda o‘ldirib ketilgandi.
Voqea joyidan qochib ketgan, muqaddam bir necha marta sudlangan 30 yashar qotil shu kunning o‘zida qo‘lga olinib, prokuratura organlariga topshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, oilaviy mojaro tufayli G‘alaba mahallasiga chaqirilgan profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomurotov mashinada o‘tirgan vaqtda ayolning eri unga 2 marta pichoq uradi, olgan jarohatlari natijasida xodim halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
18:47 / 04.12.2024
Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etiladi
21:56 / 26.11.2024
Rossiyada 174 ming nafar politsiyachi yetishmayotgani ma’lum bo‘ldi
18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
16:11 / 17.11.2024