Jamiyat | 09:20 / 05.12.2022
21123
3 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda keksa nogiron ayolni nomusiga tegib, o‘limiga sabab bo‘lgan “manyak”ka hukm o‘qildi

2022 yilning mart oyida Past Darg‘om tumanida yashovchi D.K. ismli shaxs ojiz ahvoldagi keksa ayolga zo‘rlik ishlatib, uning nomusiga tegadi. Zo‘ravonlikka uchragan ayol esa ko‘p o‘tmay shifoxonada vafot etadi.

Foto: Kun.uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudida mazkur jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, D.K. 2022 yilning 9 mart kuni Bo‘ston mahallasida yashovchi Z.N.ning yashash uyiga kirib, unga nisbatan zo‘rlik ishlatadi. Ayolni qo‘rqitib, urib, hushsiz holatga keltiradi va nomusiga tegmoqchi bo‘ladi. O‘sha vaqtda ayolning qizi uyga kelib qoladi va D.K. qochib yashirinadi.

Jabrlanuvchi o‘sha voqeaga qadar uch marta insultni boshidan o‘tkazgan va shu bois yashash uyidan chiqmasdan davolanib kelgan. Mustaqil harakatlana olmagan, yaqinlarining ko‘magiga doim ehtiyoj sezgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayolning yuz va tana a’zolarida turli darajada lat yeyishlar, jarohatlar bo‘lgan. D.K. yetkazgan jarohatlar yengil tan jarohatlar guruhiga kirishi ma’lum qilingan. Biroq ayoldagi eski kasalliklar o‘limga sabab bo‘lgan.

Sudda D.K. o‘z aybiga qisman iqror bo‘lgan. U Jinoyat kodeksining 25, 118-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan va besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, D.K. jinoyatni sodir etgach, dastlab IIB idorasiga olib kelinadi va negadir qo‘yib yuboriladi. Shundan so‘ng voqea joyidan yashirinib, bir necha oy davomida hech kimga tutqich bermaydi. Avgust oyiga kelib marhumaning qizi ichki ishlar idoralarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib, Kun.uz’ga murojaat qildi. Shu asosda saytimizda maqola e’lon qilindi.

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng viloyat IIB qochoqni qo‘lga olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rib, Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi yashiringan joyida qo‘lga olgandi.  

Mavzuga oid