O‘zbekistonda energetik inqiroz: Nima qilmoq kerak?
O‘zbekistondagi ko‘plab sohalar tayyorgarligi bir sovuq tushib, qor yog‘ishiga ham chidash bermadi. Respublika bo‘ylab gaz bosimi tushib ketgan, elektrda muntazam uzilishlar kuzatilmoqda, transport tizimi katta bosim ostida qoldi.
Svet surunkali o‘chib turishi sabab ayniqsa mamlakatdagi kasalxonalarda ahvol og‘irlashib ketdi. Bemorlar operatsiyasi sham yorug‘ida qilinayotgani yoki muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqlarni vakuumga solish uchun ham elektr yo‘qligi ko‘ringan videolar tarqalmoqda.
Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtincha yopilgan yoki uzilishlar bilan ishlamoqda.
Shu kabi muammolar fonida ijtimoiy tarmoqlar odamlarning elektr va isitish ta’minotidan norozilik postlariga to‘ldi. Ular elektr va gazga ajratilayotgan pullar, sohadagi kompaniyalarga berilayotgan imtiyozlar, yildan yilga oshib borayotgan subsidiyalardan foyda bo‘lmayotganini hukumatning yuziga solmoqda.
Lekin hozircha biror bir rasmiy yuzaga kelgan inqirozning batafsil sharhi va yechimlar haqida gapirmadi.
O‘zbekistondagi elektr va gaz yetishmovchiligi – chuqur, tizimli muammolar natijasi. Energetika tizimi xususiylashmagan, sohada davlat monopoliyasi amal qiladi. Xususiy investitsiyalar yo‘qligi bois tizim texnik jihatdan eskirgan. Buning ustiga, mamlakat milliy manfaatlariga zid tuzilgani aytiladigan xalqaro shartnomalar, korrupsiya ko‘lami balandligi, gaz quyish shoxobchalaridagi katta o‘g‘riliklar, katta hajmda energiya iste’mol qiluvchi samarasiz davlat korxonalari va zavodlar. Bu kabi masalalar hal qilinmas, qayta ko‘rib chiqilmas ekan, soha o‘nglanmaydi, muammolar esa yechilmaydi.
Ammo hozir jim turib yo kutib o‘tirib ham bo‘lmaydi. Hukumat katta masalalar yechimidan avval odamlarni endigina kirib kelgan shu qishdan chiqarish choralarini ko‘rishi kerak. Xo‘sh, energiya ta’minotini yaxshilash borasida bugun qanday shoshilinch choralar ko‘rilishi kerak?
Kun.uz muxbiri bu borada sohaning bugungi holatidan xabardor bir necha suhbatdoshdan fikrlarini so‘radi.
Alisher Qodirov, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari
Birinchidan, yo‘qotishlar, zarar va avariyalar bo‘lsa ham, avvalgi yillarda qilinganidek gaz va elektr uzatish mumkin bo‘lgan darajada uzatishda davom etish kerak.
Ikkinchidan, yetkazish imkonsiz bo‘lgan joylarga xokimlarni shaxsan javobgarligini belgilagan holda ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berish kerak. Yetarli darajada ko‘mir va suyultirilgan gaz sotib olishni energokompaniyalar ta’minlashi kerak.
Uchinchidan, Ekologiya qo‘mitasiga yagona mas’ullik yuklatilib, faqat qurigan (!) daraxtlardan o‘tin tayyorlash va xokimliklar tavsiyasi bilan eng zarur xonadonlarga o‘tin yetkazib berish orqali betartib daraxt kesilishlari oldini olish kerak.
To‘rtinchidan, bosqichma-bosqich transport vositalarini metan gazdan foydalanishini taqiqlash va propanga o‘tkazish haqida o‘ylashimiz kerak.
Beshinchidan, mamlakat bo‘ylab tejamkorlik masalasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini boshlash kerak.
Oltinchidan, albatta, ertadanoq energobozorni sotish qismini davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha dastur ustida ish boshlash kerak.
Mirodil Jalolov, “Epsilon” xorijiy kompaniyasi asoschisi
Albatta, O‘zbekistonda kuzatilayotgan bugungi energiya inqirozi bir kun yo bir oyda hal qilinadigan ish emas.
Fikrimcha, hozir mamlakatdagi gaz qidiruv, qazuv ishlari uchun tasdiqlangan quduqlardan gaz qazib olishni sezilarli oshirish mumkin. Buning uchun hukumat gaz qazib oluvchi kompaniyalar bilan o‘tirib gaplashib olishi va ularning potensialini o‘rganishi kerak. Masalan, bizda buning uchun yetarli imkoniyat bor.
Ikkinchidan, hukumat bugun gaz importi haqida o‘ylashi kerak. Ammo bu gaz qazib oluvchilar orqali bo‘lishi kerak. Turli xorijiy, o‘rtakash kompaniyalarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali. Bunda “O‘ztransgaz” faqat magistral quvurlar orqali transportirovkani ta’minlaydi. Shunda qilingan ishning samarasi yuqoriroq bo‘ladi.
Bunda birinchidan, sohaga davlat subsidiyalari kamayadi. Ikkinchidan, gaz qazib chiqarishga to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratiladigan mablag‘ oshadi.
Subsidiya – bu davlat budjeti, xalq puli degani. Biz ancha avval soha mutaxassislariga bu tizim qanday ishlashi bo‘yicha takliflarimizni bergan edik.
Bu taklifimiz shundan iboratki, o‘zimizda qazib chiqarilayotgan gazning tan narxi (o‘rtakashlarsiz real harajatlar) import qilinadigan gaz narxiga nisbatan ancha arzon. Biz o‘zimizda qazib chiqarilayotgan gaz bilan import gazni aralashtirsak, o‘rtacha tannarx chiqadi. Keyin uning o‘rtacha sotuv narxi chiqadi. Bu import faqat Turkmaniston va Qozog‘istondan bo‘lishi kerak, boshqalardan emas.
Shuningdek, bugun milliy manfaatlarimizga zid tarzda tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgan (Isroil va Indoneziya tajribasi).
Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida elektr energiya ta’minotiga qo‘shimcha quvvatlarni Kozog‘istondagi ko‘mirda ishlaydigan xususiy elektr ishlab chiqaruvchilardan mavsumiy SVOP operatsiyasi orqali amalga oshirish defitsit kamayishiga yordam beradi. Mavsum yakunida ushbu xajmlarni Afg‘onistonga re-eksport qilish orqali xarajatlarini qoplash mumkin.
Abdulla Abduqodirov, iqtisodiy tahlilchi
O‘zbekiston gaz sanoatidagi ahvolni tubdan yaxshilash uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish kerak.
Birinchidan, xalqaro maydonda katta obro‘ga ega konsalting kompaniyalarini chaqirib, mavjud gaz zaxiralari va konlari holatini, geologiya qidiruv ishlari sifati va natijalarini audit qilish kerak. Biz aniq bilishimiz kerak, 3, 5, 10 yil perspektivada ahvol qanday bo‘ladi, bizni nima kutyapti.
Ikkinchidan, mavjud qazib chiqarilgan mahsulotni taqsimlash shartnomalari va eksport shartnomalarini e’lon qilib, ularni keng ekspertiza qilish kerak. Balki bu ishni ham boshqa konsalting kompaniyasi qilishi kerak. Maqsad – ularni O‘zbekiston manfaatini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish.
Uchinchidan, barcha sohalardagi O‘zbekiston xududida faoliyat olib boruvchi tarmoqdagi korxonalarning faoliyatini o‘rganib, ularning samaradorligini oshirish uchun choralarni ishlab chiqish kerak.
To‘rtinchidan, hukumat gaz qazib chiqaruvchi korxonalar bilan barcha shartnomalarni qayta ko‘rib chiqib, berayotgan gaz hajmiga qarab, berilayotgan imtiyozlarni bog‘lash va barchaga teng imkoniyatlar yaratishi kerak. Infrastruktura korxonalari xizmat tariflari barchaga barobar bo‘lishi kerak. Umuman tarmoqdagi mahalliy korxonalarga nisbatan diskriminatsiya yo‘q bo‘lishi kerak.
Beshinchidan, import shartnomalari uzoq muddatga va o‘rtakashlarsiz qayta tuzilishi kerak. Yana bir jihatga e’tibor qaratish kerak. Agar bugun hukumat kim bilandir gaz shartnomasi tuzmoqchi bo‘layotgan bo‘lsa, bu Turkmaniston yoki Qozog‘iston bo‘lishi kerak. Aslo Rossiya bilan emas. Bu xatolarimiz ustiga qilingan yana bir katta xato bo‘ladi. Uning oqibatini tuzatish juda qiyin bo‘ladi.
Oltinchidan, mahalliy korxonalarga gaz hajmini oshirish sharti bilan avans to‘lovlari berish kerak.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:40 / 21.12.2024