Sport | 19:23 / 07.12.2022
26915
14 daqiqa o‘qiladi

Messining pley-offlardagi ilk goli, Portugaliyaning Ronaldusiz porlashi: JChda 1/8 final yakunlari

Qatardagi jahon chempionati pley-offining ilk bosqichi qanday voqealar bilan yodda qoldi?

Yetti favorit jamoa 1/8 finaldan o‘tdi, eng kuchlilar sakkizligida — ikkita top-darajadagi juftlik va bir sensatsiya bor.

Niderlandiya — Argentina

Niderlandlar AQShni yengishdi (3:1) va yana o‘yinni juda ratsional qurishdi. Agar siz niderlandlarda odatiy yorqin o‘yin kutgan bo‘lsangiz, van Gaal jamoasining o‘yini zerikarli ko‘rinishi mumkin. «Apelsinranglilar»ning bu versiyasi natijaga boshqacharoq yo‘l bilan, uyushqoq va samarali o‘yin orqali erishmoqda. Uch turda uch gol urgan Gakpo amerikaliklarga qarshi o‘yinda Depayning birinchi goli urilgan kombinatsiyada ishtirok etdi. O‘yinning asosiy yulduzi esa Dumfris bo‘ldi: o‘ng qanot himoyachisi ikki golli pas uzatdi, u Depaydan tashqari Blindga ham golli uzatma berdi va ikkinchi bo‘limda o‘zi ham gol urdi.

Natijada shunday hazil ham paydo bo‘ldi: Denzel amerikanliklarni Vashingtonga jo‘natdi. Asosiysi — van Gaalda maqsad sari harakatlanish uchun kerakli ijrochilar to‘plami bor va ular hamisha ham yaqqol yulduzlar emas: Gakpo va Dumfris, kichik Blind va darvozabon Noppert va bular hammasi emas. Bu tarkib uchun uch yarim yil keyin start oladigan Shimoliy Amerikadagi mundial asosiy turnirga bo‘ladi — AQSh, Kanada va Meksika birgalikda qabul qiladigan va 48 jamoa ishtirok etishi ko‘zda tutilgan JChning formati hozircha ma’lum emas.

Argentina Avstraliyani yengdi (2:1), shu bilan birga o‘yin oxirida muxlislarini hayajonda ushlab turdi. Messi faoliyatidagi 1000-o‘yinni o‘tkazdi (terma jamoada — 169-o‘yin) va 789-golini urdi (termada — 94-gol). Yana bir muhim jihati: Leo jahon chempionatlari pley-offida ilk bor gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Messi avvaliga turnirdagi o‘yinlar soni bo‘yicha Maradonani ortta qoldirgandi (23/21), endi mundialdagi gollar soni bo‘yicha ham undan o‘zib ketdi (9/8) va samarali harakatlar (gol+pas) bo‘yicha u bilan tenglashib oldi (9+7 ga qarshi 8+8).

Argentinaliklar ikkinchi golni de Paulning pressingi, darvozabon Rayanning xatosi va Alvaresning zarbasi evaziga urishdi. Amerika Kubogi chempionlari o‘yinni yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunlashga yaqin edi, ammo Lautaro Martines ko‘plab imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi. To‘p Fernandesga tegib, rikoshet gol bo‘lgach, o‘yin oxirida keskinlik kuzatildi. Darvozabon Emiliano Martines asosiy vaqt oxirida jamoasi uchun g‘alabani saqlab qoldi, avstraliyaliklar esa o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan holda turnirni tark etishdi.

Niderlandiya va Argentina JCh-2014 yarimfinalida o‘zaro o‘ynagan, o‘shanda barchasini penaltilar seriyasi hal qilgandi. Endi van Gaal revansh olmoqchi, ammo Messi ham uzoqroqqa borishga ahd qilgan.

Fransiya — Angliya

Fransiya Polshani osonlik bilan mag‘lub etdi (3:1) va bu o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlagan holda yirik g‘alabaga erishishi ham mumkin edi. Jiru tanaffus arafasida Mbappening uzatmasidan hisobni ochdi va milliy jamoa safida gol urish bo‘yicha (52 gol) Anrining rekordini yangiladi. Mbappening o‘zi esa ikkinchi bo‘limda dublni rasmiylashtirib, 5 gol bilan JCh-2022 to‘purarlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lib oldi, u ikkinchi mundialidayoq jami gollari sonini 9 taga yetkazgan (u beshta mundialda ishtirok etgan Messiga tenglashib, Ronalduni ortda qoldirdi). Kilian — Desham jamoasidagi asosiy figura, ko‘zga tashlanmaydigan Jiru va mehnatkash Grizmann ham terma jamoaning bu versiyasidagi muhim shaxslardan sanaladi.

Fransuzlarning yana bir yetakchisi — Lloris. Ushbu darvozabon terma jamoa uchun o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekordchi bo‘lib kelgan Tyuramga (142) yetib oldi. 1998 yilgi jahon chempionining o‘g‘li Markus esa qo‘shimcha daqiqalarda polshaliklar darvozasiga urilgan uchinchi golga hammualliflik qildi. Lloris darvozani quruq saqlashiga qo‘shib berilgan daqiqalar so‘ngida penaltidan ikkinchi urinishda gol urgan va bu golni nishonlagan Levandovski yo‘l qo‘ymadi.

Angliya esa Senegalni yirik hisobda mag‘lub etdi (3:0) va JCh-2022 turnirida uchinchi bor yirik hisobda g‘alaba qayd etdi. Sautgeyt bu o‘yinda Reshfordni ilk daqiqalardan tushirmadi, shuningdek uyiga o‘g‘ri tushgan va Angliyaga qaytgan Sterlingsiz harakat qildi. Afrika chempionlari yana bir bor Manesiz ham munosib o‘yin o‘tkazishdi va yirik hisobdagi mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Angliyaliklar bu o‘yinda ham dastlab xotirjamlik bilan harakat qilib, keyin birdan tezlik olishdi va ketma-ket gollar urishdi: avvaliga Keyn va Bellingem Hendersonni golli vaziyatga chiqarishdi, keyin sardorning o‘zi turnirdagi ilk golini urdi. Markaziy forvard rolidan vaziyatlar yaratuvchiga aylanayotgan Keyn baribir milliy jamoa safidagi gollar soni bo‘yicha Runining rekordiga yaqinlashmoqda (52 taga qarshi 53).

Fransiya va Angliya chorakfinalda — muxlislar kutgan yana bir top-juftlik. Amaldagi jahon chempionlari Yevropa vitse-chempionlariga qarshi: Qatarda bu jamoalar ilk bor saviya jihatdan o‘ziga teng raqib bilan to‘qnashadi.

Xorvatiya — Braziliya

Xorvatiya penaltilar seriyasida Yaponiyadan ustun keldi (1:1, 3:1) va yana bir bor uzoq davom etgan o‘yinda chidab berishini namoyish etdi. Amaldagi jahon vitse-chempionlari to‘rt yarim yil muqaddam pley-offning uch o‘yinida ham overtaymlar o‘tkazgan va finalda Fransiya bilan o‘ynagandi. Boshqa tomondan — ular Yevro-2016 va Yevro-2020 turnirlarida Portugaliya va Ispaniyaga qarshi overtaymlarda yutqazishgan.

Yaponiya guruhda Germaniya va Ispaniya ustidan qozonilgan yorqin g‘alabalardan keyin yana bir kuchli raqibni qarshi hujumlarda ushlashga harakat qildi, Xorvatiya — ular taklif etgan ssenariy bo‘yicha o‘ynashga majbur bo‘lishdi. Yaponlar birinchi bo‘limda hisobni ochishdi, xorvatlar ikkinchi bo‘limda Perishichning bosh bilan yo‘llagan zarbasidan hisobni tenglashtirishdi. Modrich zaxiraga olinganida uning toliqqan yuzida jahon chempionati bilan xayrlashuv ehtimoli tufayli yuzaga kelgan g‘amginlikni ko‘rish mumkin edi. Ammo xayrlashuv kamida bir o‘yinga kechiktirildi. Dalich jamoasida bu siklda yangi, yosh to‘lqin o‘ynamoqda — va bu tarkib qiynalib bo‘lsa-da g‘alabaga erishdi. Penaltilar seriyasida yaponlar zarbalarni juda muvaffaqiyatsiz ijro etishdi va to‘rt urinishdan uchtasida xato qilishdi, darvozabon Livakovich esa qahramonga aylandi.

Braziliya Koreyani osonlik bilan tor-mor etdi (4:1), birinchi bo‘limdayoq hisob yiriklashib ketdi. Pentakampeonlar koreyaliklar safidagi Kimlar va ularning sheriklarini jarima maydoni ichida har ko‘yga solishdi va gollarni nishonlashda karnaval uyushtirishdi. Vinisius, jarohatdan qaytgan Neymar (penaltidan), Risharlison va Paketa gol urib, raqs tushishdi — hatto murabbiy Tite va’dasiga vafo qildi va uchinchi goldan keyin «kabutar raqsi»ga qo‘shildi. Bu gol urilishida Risharlison boshi bilan jonglyorlik qilib, chiroyli kombinatsiyani aniq zarba bilan yakunlagandi. Neymar jahon chempionatlarida yettinchi bor gol urdi — va endi u milliy jamoa safidagi gollar soni bo‘yicha Pelening rekordini takrorlash arafasida (76 ga qarshi 77).

Braziliyaliklar birinchi bo‘limni juda kuchli o‘tkazishdi va ikkinchi bo‘limda ham raqibga o‘yin berishmadi, Dani Alves «qaychi» uslubida gol urishga urinib ko‘rdi. O‘yindagi g‘alaba Pelega bag‘ishlandi: afsonaviy chempion vatanida sog‘ligidagi muammo tufayli shifoxonaga yotgan va shu yerdan turib jamoani qo‘llab-quvvatlamoqda. Tarixda uch bor jahon chempioni bo‘lgan yagona futbolchining tasviri o‘yin davomida tribunalarda ko‘tarildi, o‘yindan keyin esa jamoa futbolchilari uning bannerini namoyish etib suratga tushishdi.

Marokash — Portugaliya

Marokash penaltilar seriyasida ustun kelib (0:0, 3:0) Ispaniya to‘sig‘idan o‘tdi va bu raqib JCh-2010 turniridagi oltin medallardan keyin qatorasiga uchinchi mundialda muvaffaqiyatsizlikka uchrashini ta’minladi. Ispanlar 2014 yilda guruhdan chiqa olmagandi, endi esa qatorasiga ikkinchi bor 1/8 finalda turnirni tark etishdi. To‘rt yarim yil muqaddam jamoa turnir arafasida bosh murabbiysiz qolgan va Rossiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchragandi. Luis Enrike jamoani qaytadan qurdi va u bilan ma’lum siklni boshdan kechirdi, kataloncha futbol uslubini asosiy jamoa o‘yiniga tatbiq etdi va xayriya mablag‘lari yig‘ish uchun videostrimlarda muxlislar bilan to‘xtovsiz muloqot qildi. Murabbiy Ispaniya Xorvatiya va Braziliya bilan to‘qnashuvdan qochish uchun guruhda ikkinchi o‘rinni tanlab, setkani tanlaganini rad etdi. Endi bu mutlaqo ahamiyatsiz.

Marokashliklar o‘z guruhida xorvatlar bilan durang o‘ynagan, Belgiya va Kanadani mag‘lub etgandi, faqat uchinchi turda gol o‘tkazib yuborilgan (va bu avtogol edi). Ispanlar bilan ham shimoliy afrikaliklar o‘ziga ishongan holda o‘ynab, kutilganidek to‘pga egalik qilgan raqibga golli vaziyatlar yaratish imkonini bermadi va vaqti-vaqti bilan Unai Simon qo‘riqlayotgan darvozaga xavf solib turishdi. O‘yinga qo‘shib berilgan bo‘limlarda avvaliga marokashliklar gol urishga juda yaqin keldi, ammo yaqin masofadan berilgan zarbani darvozabon to‘sdi, so‘nggi daqiqada esa Sarabiyaning zarbasi ustunga tegdi.

Kecha qahramoni Bunu bo‘ldi, Qatarda u bilan allaqachon noodatiy tarix kuzatilgan - Belgiya bilan o‘yin arafasida u o‘zini yomon his qilib, almashtirishni so‘ragandi. «Sevilya» darvozaboni penaltilar seriyasida Sarabiya (yana ustun), Soler va Busketsga gol urishga imkon bermadi. Ispaniya darvozasiga hal qiluvchi zarbani Madridda tug‘ilgan va futbolchilik faoliyatini «Real»da boshlagan Hakimi ijro etdi, uning panenka uslubida yo‘llagan zarbasi Unai Simonni dog‘da qoldirdi.

Portugaliya Shveytsariyaga qarshi o‘yinda pley-offning eng yirik hisobini qayd etdi (6:1) va bu ishni boshlang‘ich tarkibda Krishtianu Ronaldu tushmagan holda amalga oshirdi. JCh-2022 arafasidagi qo‘shimcha yarim yil 37 yoshli yulduz uchun oson kechmadi, kuzda «MYu»dagi mojarodan keyin endi milliy jamoa o‘yinida ham zaxirada qolmoqda. Guruh bosqichining so‘nggi o‘yinidan keyin ko‘pchilik Ronalduning almashtiruvdan norozi bo‘lganini muhokama qildi. Pley-off startida esa Fernandu Santush Krishtianuni zaxirada qoldirdi va buni  taktik zarurat bilan izohladi.

Oqshomning birinchi raqamli yulduzi esa Gonsalu Ramush bo‘ldi. Forvard Gana va Urugvayga qarshi o‘yinlar oxirida sardorning o‘rniga maydonga tushgandi, endi esa Felish va Brunu bilan birgalikda startdan joy oldi. «Benfika»ning 21 yoshli futbolchisi hisobni ochdi, boshqa xavfli hujumlarda ishtirok etdi, Gerreyraga golli pas berdi va yakunda het-trik rasmiylashtirdi. Yana bir gol — JCh pley-offlarida gol urgan eng keksa futbolchiga aylangan Pepe hisobiga yozildi. 39 yoshli himoyachi Ronaldu Ramush o‘rniga maydonga tushganida unga sardorlik bog‘ichini taqib qo‘ydi. Bunga qadar Krishtianu doimiy ravishda kameralar nigohida turdi, zaxira o‘rindig‘ida o‘tirganida, madhiya kuylanayotganida va jamoadoshlarining gollarini nishonlayotganida.

Pley-off setkasi

Marokashliklar Portugaliya va Ispaniya qarama-qarshiligi ro‘y berishiga yo‘l qo‘yishmadi, ammo shimoliy afrikaliklarning bu mamlakat bilan ham alohida hisob-kitobi bor (Avvalgi jahon chempionati guruh bosqichida Krishtianuning yagona goli yevropaliklarga g‘alaba keltirgandi). Ronaldu zaxira futbolchisi rolida ham final haqida orzu qilishni davom ettirmoqda. Setkaning bu yarmidan yana ikki kuchli jamoa o‘rin olgan — Fransiya Angliyaga qarshi.

Setkaning boshqa tomonida Argentina va Braziliya o‘rtasida yarimfinal to‘qnashuvi bo‘lishi kutilmoqda. Ammo buning uchun Janubiy Amerikaning Messi va Neymar boshchiligidagi ikki top-jamoasi yana bir to‘siqdan o‘tishi kerak.

Mavzuga oid