O‘zbekiston | 22:09 / 07.12.2022
30744
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umrzoqov energetika masalasida yig‘ilish o‘tkazmoqda. Hududlarga qo‘shimcha mas’ullar biriktirildi

Gaz, elektr va ko‘mir ta’minotini yaxshilash maqsadida prezident maslahatchilari va bosh vazir o‘rinbosarlari viloyatlarga biriktirildi. Uchta vazirlikda kun-u tun ishlaydigan shtablar tashkil etiladi.

Foto: Prezident administratsiyasi

Ayni paytda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligida qishni betalafot o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tanqidiy ruhdagi tadbirda mutasaddilarga energetika tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, tadbirda administratsiya rahbari Sardor Umrzoqov tomonidan qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun mas’ul mutasaddilar ishidagi jiddiy kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi va mavsumga tayyorgarlik ishlaridagi qoloqliklar, yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralari tezkor qabul qilinmagani va umuman sustligi yuzasidan jiddiy e’tirozlar bildirildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta’minlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida kun-u tun ishlaydigan shtablar tashkil etish topshirildi.

Foto: Prezident administratsiyasi

Shuningdek, energetika tizimi mutasaddilari bilan hududlarga qo‘shimcha tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ko‘mirni yetkazib berish masalasi alohida muhokama qilindi.

Bu masalalar bo‘yicha kunlik nazorat tizimini o‘rnatish uchun prezident maslahatchilari va bosh vazir o‘rinbosarlari har bir viloyat hokimiga biriktirildi.

Prezident topshirig‘iga asosan bosh vazir boshchiligida energiya muammolarini tezkor o‘rganish va hal qilib borish bo‘yicha hukumat ishchi guruhi tuzilmoqda.

Mavzuga oid