Sport | 21:15 / 11.12.2022
37138
15 daqiqa o‘qiladi

Messining g‘azabi, Neymar va Ronalduning ko‘z yoshlari: 1/4 finalning asosiy voqealari

Qatardagi jahon chempionatining chorakfinal uchrashuvlari qanday voqealar bilan yodda qoladi?

Foto: Sport-Ekspress

JCh-2022 1/4 finalida Xorvatiya Braziliyani qo‘shimcha bo‘limlardagi gollar almashinuvidan keyingi penaltilar seriyasida turnirdan chiqarib yubordi (1:1, 4:2), Argentina ham Niderlandiyaga qarshi yorqin kechgan qarama-qarshilikdan keyin futbol lotereyasida zafar quchdi (2:2, 4:3), Marokash Portugaliya to‘sig‘idan o‘tdi (1:0), Fransiya esa Angliyani mag‘lub etdi (2:1).

Xorvatiya — Braziliya: brazillarning navbatdagi muvaffaqiyatsizligi

Braziliya 2002 yilgi chempionlikdan keyin mundiallarda finallarga chiqa olmayapti. O‘tgan vaqt mobaynida pentakampeonlar pley-off bosqichlarida muvaffaqiyatsizliklar seriyasi bilan o‘z muxlislarini ranjitishdi. Tite jamoasi esa bejiz 2022 yilgi jahon chempionatining asosiy favoriti sifatida ko‘rilmayotgandi. Karnavalchilar jamoasi Serbiya va Shveytsariyaga qarshi o‘yinlarda kerakli pallalarda o‘yinni kuchaytira olishgan, keraksiz o‘yinda Kamerunga yutqazgan bo‘lsa-da, nimchorak finalda Koreya tor-mor etilgandi. Lekin bu o‘yinlarda raqiblar saviyasi jamoaning haqiqiy imkoniyatlariga baho berish uchun yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi.

Xorvatiya himoyada qamalib olmadi va brazillarga bemalol o‘z o‘yinini ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymadi. JCh-2018 turniridan buyon yangilangan Zlatko Dalich jamoasi qat’iyat va xarakterini saqlab qolgan. Darvozabon Livakovich barcha zarbalarda ham superqahramonlardek ko‘rinmasdi. Favorit esa hech qanaqasiga o‘yin tempini ko‘tara olmadi, asabiylasha boshladi va faqat qo‘shimcha vaqtlarda individual mahorat evaziga gol urdi. Neymar raqib jarima maydonidagi kombinatsiyani ajoyib tarzda yakunlab, o‘zining uchinchi jahon chempionatida sakkizinchi golini urdi va terma jamoa uchun urilgan gollar soni bo‘yicha Pelening rekordini takrorladi (77). Tite jamoasi ehtiyotkorlik bilan harakatlana boshladi, ammo raqibning darvoza sohasiga Petkovich ijrosida yo‘llangan ilk xavfli zarbasini o‘tkazib yubordi. Penaltilar seriyasida brazillar xatolarga yo‘l qo‘yishdi, beshinchi bo‘lib nuqtaga kelishi mo‘ljallangan Neymarga navbat yetib kelmadi, xorvatlar esa yana futbol lotereyasidagi muvaffaqiyat orqali yurishni davom ettirdi.

Neymar va uning ko‘plab jamoadoshlari maydonni ko‘zda yosh bilan tark etishdi. Ularni buyuk Modrich hamda Perishichning o‘g‘li ham yupantirdi.

Tite jamoasi turnirni tark etishi ko‘pchilikning yodida qoladigan bo‘ldi. Lotin Amerika vakillari har bir gol uchun tayyorlagan raqslar, Koreyaga qarshi o‘yinda bosh murabbiy so‘zida turib, futbolchilar bilan «kabutar raqsi»ga qo‘shilishi muhokamalar markazida bo‘ldi. Jamoa matbuot kotibining chorakfinal arafasidagi matbuot anjumanlaridan birida mushukka yomon munosabatda bo‘lgani bilan bog‘liq epizod ham alohida muhokama qilindi. Qatarda Braziliya va Argentina o‘rtasidagi yarimfinal ro‘y bermagani borasida savollar bisyor.

Niderlandiya — Argentina: Messining yorqin va qorong‘i tomoni

Top-jamoalar o‘yini ajoyib va keragidan ortiq qizg‘in kechdi. Lui van Gaal JCh-2014 yarimfinalida golsiz durangdan keyingi mag‘lubiyatli penaltilar seriyasini yoddan chiqarmagandi, u «MYu»ning sobiq futbolchisi Di Mariyaning faoliyatidagi eng yomon murabbiy o‘zi bo‘lgani haqidagi gaplariga hazil bilan javob qaytardi. Niderlandiyalik mutaxassisning revansh olishga va yangi penaltilar seriyasiga tayyorligi haqidagi so‘zlari birgina Martinesning ishtiyoqini uyg‘otmadi. Messini yana yopib qo‘yish va’dasi Lionelning o‘zini o‘ta darg‘azab qildi. Argentinaliklar sardori uning so‘zlariga maydonda o‘z o‘yini bilan javob qaytardi.

Lionel Skaloni argentinaliklarni uch markaziy himoyachiga asoslangan sxema bo‘yicha joylashtirdi va bunda raqib sxemasini qisman takrorladi. Ikki kuchli raqibning ehtiyotkor o‘yinida tashabbus va ustunlik Messi jamoadoshlarida bo‘ldi. Leoda manyovrlar qilishi va bo‘sh hududlarda harakatlanishi cheklab qo‘yildi, ammo u Molina uchun dohiyona golli pas berish uchun lahzani topa oldi. Ikkinchi bo‘limda sardor penaltini aniq ijro etdi va mundiallardagi 10-golini urgan holda Batistutaning milliy rekordini takrorlab, Maradonani jahon chempionatlaridagi samarali ballar (17 ta gol+pas) bo‘yicha ortda qoldirdi.

Van Gaal JCh-2014 da Kosta-Rika bilan o‘yinda penaltilar seriyasidan oldin darvozabonni almashtirib, barchani ajablantirgandi, endi esa ikki markaziy forvard — Lyuk de Yong va Veghorst maydonga tushishi barchasini o‘zgartirib yubordi. Ulardan oldinroq maydonga tushgan Bergeys va Kopmayners esa Veghorst uchun golli paslar berishdi. Niderlandlar 90+11-daqiqada ijro etilgan standart vaziyatdan foydalanib, o‘yinni overtaymlarga o‘tkazishdi. E’tiborli tomoni 1998 yilgi chempionatda Angliyaga qarshi Argentina ham standart vaziyatni xuddi shu ko‘rinishda ijro etib, gol urgandi. Shu vaqtgacha terma jamoada atigi ikki gol urgan 30 yoshli Veghorst qisqa vaqt ichida yana shuncha gol urib, o‘z murabbiyining navbatdagi yashirin jokeri vazifasini o‘tadi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda argentinaliklar raqibga yana kuchli bosim o‘tkazishdi va ko‘plab xavfli vaziyatlar yuzaga keltirishdi. Penaltilar seriyasida esa Martines van Deyk va Bergeysning zarbalarini qaytardi, argentinaliklar safida birinchi bo‘lib nuqtaga yaqinlashgan Messi gol urdi, turnir davomida ko‘plab vaziyatlarni yo‘qqa chiqargan Lautaro Martines esa hal qiluvchi zarbani aniq ijro etdi. Va barcha hissiyotlarga berildi.

O‘yindagi ehtiros va keskinliklar o‘yin davomida faqat ko‘tarilib bordi, bosh hakam Mateu Laos esa qat’iy jazo choralari ko‘rishga shoshilmadi. Ispaniyalik referi asosiy vaqtning oxirgi daqiqalarida va penaltilar seriyasidan keyingi to‘qnashuvlar bilan kechgan yoqimsiz lahzalardan qochib qutula olmadi va jami 18 ta sariq va birgina qizil kartochka ko‘rsatdi - o‘yindan keyin Dumfris qarshisida qizil kartochka ko‘tarildi. Otamendi va jamoadoshlari esa seriyadagi g‘alabani raqib futbolchilarini kalaka qilgan holda nishonlashdi, ular orasida bungacha ularning jig‘iga tegib kelgan Dumfris va Veghorst ham bor edi.

Messi ham o‘z shousini uyushtirdi. Penaltilar seriyasidan keyin boshqa futbolchilar Lautaro tomon chopganida, Leo maydonning qarama-qarshi qanoti tomonida yotgan darvozabon oldiga kelib, g‘alabani u bilan nishonladi. U shuningdek shaxsan van Gaalga ikkita xabar yo‘lladi. O‘yinda penaltidan gol urganida u raqib murabbiylari shtabi joylashgan tomonga qarab turib, qo‘llarini quloqlariga qo‘ydi — «Barselona»da Messi kelishidan ancha oldinroq o‘ynagan (o‘shanda jamoa bosh murabbiyi bo‘lgan van Gaal uni chiqishtirmagan va jamoadan ketishga majbur qilgan) va terma jamoada u bilan jamoadosh bo‘lgan Rikelme ham Niderlandiyaga urgan golini shunday nishonlagandi.

O‘yindan keyin ham argentinalik futbolchi niderlandiyaliklar shtabi vakillari bilan dahanaki jangni davom ettirdi va «Meni to‘xtata oldingizmi?» iborasini takrorladi.

O‘yindan keyingi intervyuda esa Messi faqat baland bo‘yli futbolchilarga to‘p uzatishga asoslangan primitiv uslubga o‘tgan van Gaalni, shuningdek bosh hakam Laosni tanqid qildi, shu vaqtda yaqin oradan o‘tayotgan Veghorstni «ahmoq» deb atab, uni haydadi va intervyuda raqibning ushbu 19-raqamli futbolchisining provokatsiyalari haqida gapirdi. Emiliano Martines ham arbitrni va raqiblar murabbiyini yomonladi. Bu jahon chempionatining eng yaxshi o‘yinlaridan birining yomon sahnalari bo‘ldi.

Marokash — Portugaliya: afrikaliklarning jasorati

Portugaliya chorakfinal o‘yini oldidan Ronaldu haqidagi savollar tufayli yana bir notinch kun o‘tkazdi. Krishtianu Shveytsariyaga qarshi 1/8 final o‘yinida boshlang‘ich tarkibda tushmagani barchaning diqqat markazida bo‘ldi. OAVda shu tufayli jamoada jiddiy mojaro yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqaldi: portugal matbuoti futbolchi bundan keskin norozi bo‘lgani va jamoa lagerini tark etmoqchiligi haqida yozdi. Fernandu Santush esa jamoaning bosh yulduzi bilan muloqot xotirjam ruhda kechgani, jamoa futbolchilari esa sardor jamoani to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgani haqida aytishdi.

Ronaldu Marokashga qarshi o‘yinda yana zaxira o‘rindig‘ida qoldi, nimchorak final bahsida het-trik qayd etgan Ramush Joau Felish va Brunu bilan hujum uchligini tashkil etishdi. Portugallar hududiy ustunlikni golga aylantirish uchun oldinga tashlanishdi, bu esa jamoa darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yuzaga kelishi xavfini tug‘dirdi. Tanaffus arafasida bunday vaziyatlar yuzaga keldi, An-Nosiri to‘p uchun kurashda Ruben Diashdan ustun keldi, darvozabon Diogu Koshta esa to‘pga chiqishda xato qildi. Santush jamoasida o‘yinni qutqarish uchun bir bo‘lim bor edi va bu bo‘limni Krishtianu maydonda o‘tkazdi, unda vaziyatlar bo‘ldi, lekin gol bo‘lmadi.

Marokash bu chempionatda Xorvatiya, Belgiya, Kanada, Ispaniya va Portugaliyaga qarshi o‘ynab, faqat bir bor gol o‘tkazdi — va bu ham Shimoliy Amerika jamoasiga qarshi o‘yindagi avtogol edi. Bunu ispanlarga qarshi o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida ham gol o‘tkazmadi. Marokashliklar pley-offda prinsipial raqiblari bo‘lgan Ispaniya va Portugaliyani ortda qoldirdi (bu ikki jamoa Rossiyadagi mundialda afrikaliklarni guruhda qoldirib ketgandi) va Afrikaning jahon chempionatlarida yarimfinalga chiqqan ilk jamoasiga aylandi. Hakimi, Ziyosh va kompaniya turnir boshlanishiga bir necha oy qolganida Vohid Xalilxojichning o‘rniga tayinlangan Valid Rikrokiy boshqaruvida top-4 safidan joy oldi.

Ronaldu final hushtagi chalingach maydonni darhol tark etdi va tribunalar ostidagi yo‘lakda ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Portugaliyalik qatorasiga beshta jahon chempionatida gol urgan yagona futbolchi bo‘lsa-da, unga pley-offda gol urish nasib etmadi. Krishtianuga terma jamoa bilan asosiy turnir finaliga chiqish ham armon bo‘lib qolgandi — jamoa finalga JCh-2006 turnirida yaqin kelgandi, o‘shanda portugallar yarimfinalga chiqqan. 37 yoshli forvard ajoyib futbolchilik karerasini bosib o‘tdi, «MYu» va «Real» safida ulkan g‘alabalarga erishdi, ko‘plab shaxsiy sovrinlarni qo‘lga kiritdi, terma jamoa bilan Yevropa chempioni bo‘ldi va Millatlar Ligasida ham g‘olib chiqdi, ko‘plab rekordlarni qaytadan yozdi, lekin jahon chempionatlaridagi orzusiga yetisha olmadi.

Angliya — Fransiya: Keynning dramasi

Fransiya Qatarda Yevropadan jahon chempioni bo‘lgan jamoalar uchragan tavqi la’natni yengib o‘tdi va XXI asrda chempionlikdan keyingi turnirda guruhdan chiqa olgan ilk Yevropa jamoasi bo‘ldi, endi esa top-4 safidan joy oldi. Dide Desham jamoasi Avstraliya va Daniya bilan o‘yinlarda o‘z futbolini namoyish etgan, natijasi u qadar ahamiyatli bo‘lmagan uchinchi turda Tunisga qarshi ikkinchi tarkibni qo‘yib, yutqazib qo‘ygan, pley-off startida esa Polshani osonlik bilan mag‘lub etgandi. Mbappe 5 gol bilan turnir to‘purarlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lib olgan, Jiru terma jamoadagi gollari soni bo‘yicha (52) Anrining rekordini yangilagandi. Bu o‘yinda esa Olivening aniq zarbasi turnir favoritlaridan sanalgan angliyaliklarga qarshi o‘yinda g‘alaba keltirdi. Bu oqshom Loris Tyuramni quvib o‘tib, milliy jamoa safida o‘tkazilgan o‘yinlar soni (143) bo‘yicha yakkapeshqadam bo‘lib oldi.

Garet Sautgeyt jamoasi chorakfinalga qadar uch raqibni — Eron, Uels va Senegalni yirik hisoblarda mag‘lub etdi, shu bilan birga qatorasiga uch bo‘limni golsiz o‘tkazdi — AQShga qarshi o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi, uelsliklarga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida ham hisob ochilmagandi. Yevropaning amaldagi vitse-chempionlari va JCh-2018 yarimfinalchisining sermahsul o‘yinida Keyn vaziyatlar yaratuvchisi rolini bajardi, shu bilan birga nimchorakfinalda Senegalga qarshi o‘yindagi bitta goli bilan terma jamoadagi gollar soni bo‘yicha rekordga yaqinlashdi. Fransuzlarga qarshi o‘yinda esa «Tottenhem» forvardi Runining natijasini takrorladi (u 80 o‘yinda 53 gol urdi, Runi esa 80 gol uchun 120 o‘yin o‘tkazgan), ammo bu rekordni shu o‘yinda yangilay olmadi. Natijada inglizlar yirik turnirni yana bir bor dramatik tarzda tark etishdi.

Keyn ikkinchi bo‘lim boshida klubdoshi qo‘riqlayotgan darvozani penaltidan ishg‘ol etdi, bo‘lim oxirida esa yana bir bor 11 metrlik nuqtadan hisobni tenglashtirish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi, uning zarbasi darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi. O‘yin oxirida mag‘lubiyat uchun o‘zini ayblab, yerda o‘tirgan Keyn qarshisiga kelgan kamera yo‘lini darvozabon Pikford to‘sib chiqdi, keyin esa hujumchini yupatish uchun raqib futbolchilari ham kelishdi.

Pley-off setkasi

Yarimfinal o‘yinini Argentina va Xorvatiya 13 dekabr kuni o‘tkazadi, Fransiya va Marokash bahsi — 14 dekabrga belgilangan.

JCh-2022 turnirining hal qiluvchi bahsi — 18 dekabr kuni o‘tkaziladi.

Mavzuga oid