Jahon | 14:06 / 11.12.2022
24133
16 daqiqa o‘qiladi

San’at asarlarimi yoki soxta pullar – dollar va funt sterling tasvirlarini qo‘lda chizib sotgan amerikalik rassom nega ayblangandi?

1986 yilda AQShlik rassom Londondagi nufuzli galereyada o‘z asarlari bilan qatnashayotganda politsiya tomonidan hibsga olinadi. Rassom asosan pullarning rasmini chizar va uning asarlari orasida Britaniya funt sterlinglari tasvirlari ham bor edi. Rassomni funt sterlinglar tasvirlarini Angliya bankidan ruxsat olmasdan chizishda, shuningdek, pullarni soxtalashtirishda ayblashadi. U sudda aybsizligini isbotlaydi va ozod qilinadi. Ammo endi AQSh maxfiy xizmati e’tiboriga tushadi.

Foto: Flickr

Qog‘oz pullar paydo bo‘lgandan buyon turli rassomlar dunyodagi obro‘li valutalar tasvirlarini chizib kelishadi. Kimdir bu ishni havaskorlik uchun qilsa, boshqasi hatto san’at darajasigacha olib chiqqan. Jyeyms Stiven Jorj Boggs ham turli pullar tasvirini chizishni san’at darajasigacha olib chiqqan rassomlardan. U tomonidan chizilgan dollarlar, funt sterlinglar bugun dunyoning nufuzli muzeylarida va kolleksiyalarida saqlanmoqda.

1984 yilda Boggs Chikagodagi kafeda qog‘oz salfetkaga 1 dollarlik banknotning tasvirini chizadi. Boggs uni o‘zi iste’mol qilgan kofe va shirinlik uchun to‘lov sifatida ofitsiant ayolga berib ketadi. Ayol kofe va shirinlik 90 sent bo‘lganini aytib Boggsga 10 sent qaytim beradi.

Shundan so‘ng Boggs bu ishga qiziqib qoladi. Oddiy qog‘ozga turli qiymatdagi dollarni chizadi va ularga turli joylardan xaridlarni amalga oshiradi. Shu tariqa u mashhur bo‘la boshlaydi.

Boggs haqida

Ism-sharifi Jyeyms Stiven Jorj Boggs bo‘lgan bu shaxs 1955 yil 22 aprelda Nyu-Jyersi shtatidagi Vudberi shaharchasida tug‘iladi.

U o‘rta maktabni oxirigacha tugata olmaydi. O‘qishni bitirishiga bir yil qolganda xususiy maktabdan haydaladi.

Boggsda rasm chizish mahorati juda yaxshi shakllangan bo‘lsa-da, u o‘zini oddiy havaskor rassom deb bilardi. Ammo kunlardan birida sodir bo‘lgan voqea uning hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradi.

Foto: Wikipedia

1984 yil Boggs Chikago shahridagi qahvaxonalardan birida o‘tirib qog‘oz salfetkaga 1 dollarlik pul tasvirini chiza boshlaydi. Unga xizmat qilayotgan ofitsiant ayol Boggsning ishidan hayratlanib uning oldidan keta olmay qoladi. Chunki u salfetkaga chizayotgan 1 dollarlik xuddi asliga o‘xshab chiqayotgan edi-da.

Boggs pul tasvirini chizib bo‘lgach ofitsiant ayol unga xaridor bo‘ladi va 20 dollar taklif qiladi. Boggs ko‘nmagach narxni 50 dollarga oshiradi. Boggs unga o‘z «san’at asari»ni sotmasligini, o‘zi iste’mol qilgan shirinlik va qahva evaziga berishini aytadi.

Boggs tanovul qilgan shirinlik va qahva 90 sent bo‘lgandi. Ayol xursand bo‘lib Boggsdan 1 dollarlik pul tasvirini oladi va undan qarz bo‘lib qolmaslik uchun 10 sent qaytim beradi.

Shundan so‘ng Boggs pullar tasvirlarini chizib ham katta pul ishlashi mumkinligini tushunib yetadi va bu ishga jiddiy kirishadi.

Boggs banknotlarning faqat bir tomonini chizar va tez orada uning qo‘lda chizgan dollarlari mashhur bo‘lib ketadi. Odamlar ularni «Boggsning banknotlari» deb atay boshlashadi.

Garchi odamlar Boggs chizgan banknotlar tasvirlarini katta pul evaziga sotib olishga tayyor bo‘lishsa-da, u «san’at asarlari»ni faqat teng qiymatga sotardi. Masalan, 100 dollarlik tasvirni 100 dollarga, 20 dollarlik tasvirni 20 dollarlikka ayirboshlardi.

Bundan tashqari, u chizgan pullarni turli savdo nuqtalarida o‘zlari so‘rab olishardi. Boggs pul tasviriga bemalol xaridlarni amalga oshirar yoki qahvaxonalar va restoranlarda ovqatlanib ketaverardi.

Hatto undan yirik qiymatdagi pul tasvirlarini olganlar, xuddi qahvaxonadagi ofitsiant qizday bajonidil qaytim berishardi.

Mashhurlik

Tez orada Boggs juda mashhur bo‘lib ketadi. U nafaqat turli qiymatdagi dollarlar, balki Angliya funt sterlingi, Shveytsariya, Fransiya, Belgiya franklari, Italiya lirasi boshqa valutalarning tasvirini asliga o‘xshatib chiza boshlaydi.

O‘sha paytda san’at asarlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi dallollar va turli kolleksionerlar Boggsga chizayotgan pullarini art-bozorda sotishni taklif etishadi. Ammo u rad etadi. Zero bunga hojat ham yo‘q edi – istalgan joyda Boggsning pullarini oluvchilar topilardi.

Shunday bo‘lsa ham Boggs chizgan pul tasvirlari turli kolleksiyalardan, muzeylardan joy ola boshlaydi. Uning o‘zi ham turli galereyalarda ko‘rgazmalarini o‘tkazadi.

Garchi Boggs o‘z «asarlari»ni o‘z qiymati bo‘yicha sotsa ham, uning pullari AQShda va Yevropada o‘z qiymatidan bir necha barobar qimmatroqqa sotilardi. Masalan, u 100 dollarlik pul tasvirlarini 100 dollarga sotsa, o‘sha tasvirlar bir-ikki nafar dallol qo‘lidan o‘tib narxi oshib ketardi.

Boggs chizgan pul tasvirlarini London, Nyu-York va Bazel (Shveytsariyadagi shahar)dagi kolleksionerlar kamida 2-3 ming dollarga sotib olardi.

Ayrim kolleksionerlar Boggsning o‘ziga antiqa takliflar bilan chiqishar edi. Masalan, ular pullarga o‘z rasmlari yoki yaqin insonlari tasvirini chizib berishni so‘rashardi.

Foto: Flickr

Ayrimlar pullarning tasviriga tarixiy shaxslarning suratlarini chizib berishni iltimos qilardi. Ko‘pincha Boggs qog‘ozning bir tomoniga pul tasvirini chizsa, orqasiga dasxat yozib berar yoki buyurtmachining talabi bilan tabrik so‘zlari yozilgan bo‘lardi.

Keyinchalik, ana shunday noyob ko‘rinishdagi 100 dollarlik pulning tasviri kimoshdi savdosida 420 ming dollarga sotilgan.

Boggsning mashhur ishlaridan biri Florida numizmatlar birlashmasi s’yezdi uchun tayyorlagan dollar tasvirlari edi. Boggs 1 dollarlikdan 50 dollarlikkacha bo‘lgan banknotlar tasvirini aslidagidan ham yaxshiroq qilib chizgandi.

O‘sha banknotlarning tasvirlarida u United States of America so‘zlari o‘rniga «Florida numizmatlar birlashmasi» deb yozilgan edi.

Shuningdek, u turli qiymatdagi Britaniya funt sterlingining ajoyib nusxalarini chizadi. Ularda Shekspir asarlari qahramonlari tasvirlangandi.

Bundan tashqari, Boggs o‘z tasavvuridagi dollarlarning tasvirini ham chizgan va ular ko‘pchilikka manzur bo‘lgan. Jumladan, u o‘z tasavvuridagi 100 dollarlik banknotga AQShda qulchilikka qarshi mardona kurashgan qora tanli ayol Garriyet Tabmen suratini chizgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda AQSh federal rezerv fondi 20 dollarlik yangi banknotlardan AQShning yettinchi prezidenti Endryu Jyeksonning surati olib tashlanib, o‘rniga Garriyet Tabmen surati tushirilishi rejalashtirilayotgani e’lon qildi.

Bundan tashqari, Boggs 100 Shveytsariya franki tasviriga o‘z suratini chizgandi.

Gohida Boggsni tanimaydiganlar, uning «san’at asarlari» qiymatini bilmaydiganlar ham chiqib qolardi.

Kunlardan bir kun u qahvaxonalardan biriga kiradi va 2 dollarga ichimlik buyuradi. Boggs o‘sha yerda 5 dollarlik banknotning tasvirini chizadi va qahvaxona egasiga ichimlik uchun pul tasvirini berib, o‘ziga 3 dollar qaytim so‘raydi. Boggsni tanimagan qahvaxona egasi uning taklifini rad etadi. Kamiga haqorat qilib qahvaxonadan chiqarib yuboradi.

Boggsning hibsga olinishi

1986 yil 31 oktyabr kuni Angliya politsiyasi Londondagi Young Unknowns galereyasida o‘z ko‘rgazmasini o‘tkazayotgan Boggsni hibsga oladi. Galereyadan u chizgan pullar tasvirlari ham olib qo‘yiladi.

Boggsni funt sterling tasvirlarini Angliya bankidan ruxsat olmasdan chizishda, shuningdek, pullarni soxtalashtirishda va obro‘sizlantirishda ayblashadi.

Buyuk Britaniyada Angliya bankining ruxsatisiz funt sterlinglarning tasvirlaridan foydalanish va ularni chizishni taqiqlovchi qonun bor. Faqat Angliya bankidan ruxsat olib bu ishni qilish mumkin.

Boggs bu qonun haqida xabar topgach Angliya bankiga pullarning tasvirini chizish uchun murojaat qiladi. Ammo rad javobini oladi. Angliya banki Boggsga bergan javobida funt sterlinglarning tasvirlarini chizish uni obro‘sizlantirishga olib kelishi mumiknligini aytgandi

Angliya bankidan rad javobini olganiga qaramay Boggs funt sterlinglarning tasvirini chiza boshlaydi.

Boggs funt sterlinglarni chizishda turli usullarni qo‘llaydi. Ularni asl ko‘rinishida va pullardagi binolar suratlarini hamda yozuvlarni almashtirib tasvirlaydi.

Boggs qo‘lga olingach, tergovda pullarni soxtalashtirish va obro‘sizlantirish maqsadi yo‘qligini, ularni san’at asari sifatida chizishini aytadi. Ammo «Skotlend Yard» tergovchilarini bunga ishontirish oson bo‘lmaydi va ish sudga o‘tadi.

Angliya banki sud jarayoniga Boggs pul tasvirlarini chizgan boshqa davlatlarning bank vakillarini ham unga qarshi guvohlik berish uchun taklif etadi. Ammo sudga hech kim kelmaydi.

Boggs Londonda angliyalik mashhur advokatlardan biri Jyeffri Roberson va uning hamkasbi Mark Stivens xizmatlaridan foydalanadi.

Advokatlar so‘nggi yillarda Angliya banki har doim katta pul aylanadigan turli ko‘chmas mulk agentliklariga, devoloperlarga, turli ishlab chiqaruvchilarga funt sterlinglar tasvirlaridan foydalanish uchun ruxsat berib kelganini dalillar bilan keltirishadi.

Ular orasida hatto ayollar ich kiyimini ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri ham Angliya bankidan ruxsat olib o‘z mahsulotlariga 50 funt sterlinglik banknot tasvirini tushirib kelganini ma’lum qilishadi.

Advokatlar Boggs pullarni soxtalashtirish uchun emas, balki ularning tasvirini chizib san’at asarini yaratmoqchi bo‘lganini, rassomga rad javobi bergan Angliya banki esa adolatsizlik qilganini ta’kidlashadi.

Bundan tashqari, Boggs funt sterlinglarning faqat bir tomonini chizganini aytishadi.

Shu tariqa sudda ikki advokat Angliya bankiga qarshi to‘plangan dalillarni qalashtirib tashlashadi va sudya Boggsni oqlashdan boshqa chora topolmaydi.

«Ish sudga oshgach qamalaman yoki juda katta miqdorda jarimaga tortilaman deb o‘ylay boshladim. Garchi pullarning bir tomonini tasvirlasam ham ularni haqiqiylari bilan teng o‘lchamda bo‘lgan qog‘ozlarga chizardim. Orqa tarafini ko‘rmagan kishilar ularni haqiqiy pul deb o‘ylardi. Ammo advokatlarim sudyaga Angliya bankining pul tasvirlaridan foydalanish uchun ruxsat berishda turli adolatsizliklarga yo‘l qo‘yib kelgani haqidagi ko‘plab dalillarni keltirgach yengil tortdim», degandi Boggs keyinchalik.

Boggs ikkinchi marta 1989 yilda Avstraliyada hibsga olinadi. Bu yerda ham u oqlanadi, ammo sudya Boggsga 20 ming tovon puli to‘lattiradi. Shundan so‘ng Boggsning ism-sharifi shubhali shaxslarning maxsus ro‘yxatiga tushadi.

Boggs o‘zi chizgan 20 dollarlik banknotni va hukumat tomonidan chiqarilgan haqiqiy pulni ham ushlab turibdi.
Foto: Charles O'Rear/Corbis, via Getty Images

AQShning «dushmani»

Boggs Londonda hibsga olinmaguncha AQSh maxsus xizmati uning faoliyati bilan qiziqmagan. Chunki bu davlatda pul tasvirlaridan foydalanishda cheklovlar yo‘q. Faqat pullarni soxtalashtirishmasa kifoya.

Boggs Londonda funt sterlingni soxtalashtirishda ayblangach, garchi aybi isbotlanmagan bo‘lsa-da AQSh maxsus xizmati unga jiddiy e’tibor qaratadi.

1990 va 1992 yilda AQSh maxfiy xizmati xodimlari soxta pul yasashda gumon qilib Boggsning uyida ikki marta tintuv o‘tkazadi. Har ikki tintuv davomida uning uyidagi 1300 dona turli buyumlar, chizilgan pullar musodara qilinib, olib qo‘yiladi. Ammo Boggsga jinoyat ishi ochilmaydi.

Maxsus xizmat xodimlari Boggsning uyidan unga nisbatan jinoyat ishi ochilishiga yetarli bo‘ladigan dalillar topa olmagach u ishlab topgan pullar bilan qiziqa boshlashadi.

Boggs pul tasvirlarini sotib ishlagan pullarining asosiy qismini sarf qilib yuborgan, ammo qayerda pul tasvirlarini ishlatgan bo‘lsa, ulardan xarid cheklarini olib saqlab qo‘ygandi.

Maxsus xizmat xodimlari Boggsning moliyaviy ishlaridan ham xato topa olishmaydi. Keyinchalik u faoliyati davomida bir necha million dollar ishlab topgani ma’lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng Boggs AQSh maxsus xizmati tomonidan olib qo‘yilgan narsalarini qaytarib olish uchun ularni sudga beradi. Uzoq davom etgan sud jarayonlaridan so‘ng 1999 yilda Boggs g‘alaba qozonadi va buyumlarini qaytarib oladi.

O‘shanda Boggs sudda o‘zini himoya qilgan advokatlarga 100 ming dollarlik banknot tasvirini chizib bergani ma’lum bo‘ladi.

Boggs hech qachon o‘zi chizgan pullarga raqamlar qo‘ymasdi. Buyuk Britaniyada, Avstraliyada va AQShda uning jiddiy jazolardan qutilib qolishiga shu narsa ham sabab bo‘lgandi. Raqamlar qo‘yilmagan pullarning tasvirlari aksariyat davlatlarda pullarni soxtalashtirish deb hisoblanmaydi.

Boggs haqida yozilgan kitoblar

Boggs haqidagi birinchi kitob yuqorida eslatilganday unga Londonda advokatlik qilgan Jyeffri Roberson tomonidan yozib chop etilgan. «Adolat o‘yini» (The Justice Game) deb nomlangan asarida Roberson asosan Boggsning asarlari va uni sudda qanday himoya qilishganini tasvirlagan.

Jyeffri Roberson kitobida o‘sha jarayon haqida hikoya qilar ekan, Boggsning hibsga olinishi juda adolatsiz qaror bo‘lgani va u sherigi bilan sudda buni isbotlab berishganini aniq dalillar bilan yozgan.

«Pullardan foydalanish haqidagi qonunni hurmatli marketologlar buzganda ularga chora ko‘rilmaydi. Masalan, avvalroq tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniya sigaret reklamasida funt sterling tasvirlaridan foydalanganda uzr so‘ragan va Angliya banki uni qabul qilgandi. Ammo gap rassom haqida ketar ekan, bank boshqacha ish tutadi. Angliya bankining nazdida pul tasvirlarini chizgan rassom agar amerikalik bo‘lsa, demak u xavfli jinoyatchi. Ular bunday rassomni qamashni va asarlarini yo‘q qilishni xohlab qolishadi. Adolatsiz qonun ham bankning rassomga bunday muomalada bo‘lishiga yo‘l qo‘yib beradi», deb yozgandi Roberson o‘z kitobida.

Boggs haqidagi ikkinchi kitob amerikalik taniqli yozuvchi Lourens Veshler tomonidan yozilgan. Lourens «Boggs: Qadriyatlar komediyasi» deb nomlangan asarida Boggsning boshidan o‘tkazgan voqealarni hikoya qilgan.

Boggsning asarlari kolleksiyalar va ko‘rgazmalarda

Boggs 2017 yilda 62 yoshida Tampe shahrida vafot etadi. U tomonidan chizilgan pullar tasvirlari bugun dunyoning nufuzli kolleksiya va ko‘rgazmalaridan joy olgan.

Jumladan:

  • Chikago san’at instituti;
  • AQSh hukumati moliyalashtiradigan Smitson instituti:
  • AQShdagi nufuzli xususiy Bebson kolleji;
  • Floridadagi Norton san’at muzeyi;
  • Tampa san’at muzeyi (Bu ham Florida shtatida);
  • Kanzas shtatidagi Spenser san’at muzeyi;
  • Londondagi Britaniya muzeyi;
  • Kembrijdagi Fitzuilyam muzeyi;
  • Parijdagi LaCollection kolleksiyasida Boggsning asarlari bor.

Bundan tashqari, Boggsning pullar tasvirlaridan iborat turli asarlari ko‘plab xususiy kolleksiyalarda saqlanmoqda. Ular bugun o‘z qiymatlaridan ancha qimmat narxlarga baholanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid