O‘zbekiston | 19:20 / 15.12.2022
13953
3 daqiqa o‘qiladi

Agrippina Shin: Tarbiyachilarning maoshini oshirish uchun yiliga 2,5 trln so‘m kerak

Maktabgacha ta’lim vazirining aytishicha, davlat bog‘chalaridagi tarbiyachilarning maoshini hech bo‘lmasa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining maoshi bilan tenglashtirish uchun yiliga 2,5 trln so‘m kerak bo‘ladi. “Hozirda bu masalani ham o‘z ichiga olgan qonunchilik hujjatini ishlab chiqyapmiz”, dedi Shin.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin va vazirlik mas’ullari 14 dekabr kuni yil yakuni bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda Kun.uz muxbiri tarbiyachilar olayotgan oylik ish haqi kamligi va uni oshirish imkoniyatlari cheklangani haqida vazirga savol berdi.

— Vazirlar Mahkamasining 2021 yilda qabul qilingan 572-sonli qaroriga ko‘ra, malaka toifalarini olish uchun o‘tkaziladigan attestatsiya imtihonlariga faqat oliy ma’lumotli pedagoglar jalb etiladi. Oliy ma’lumoti yo‘q kadrlar esa shu imtihonlarga jalb etilmagani sababli malaka toifasini ololmaydi. Malaka toifasi bo‘lmasa, ularning oyligi ham oshmaydi. Chunki maosh masalasi toifalarga bog‘liq. Nima sabab shu masalani ko‘rib chiqish uchun vazirlik tomonidan taklif berilmaydi?

— Juda yaxshi masalani ko‘tardingiz. Darhaqiqat, ta’lim tizimimizdagi davlat MTTlarida ishlayotgan pedagoglarning 37 foizi oliy ma’lumotli, nodavlat bog‘chalarda esa bu raqam 25 foizni tashkil etadi. Ta’lim sifati esa oliy ma’lumotli o‘qituvchilar soniga ham bog‘liq. Qishloqlarda o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglarimiz ko‘p. Ha, to‘g‘ri aytdingiz, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglarning toifasi yo‘q.

Biz pedagogika kollejini bitirgan barcha bitiruvchilarimiz oliy ma’lumotli bo‘lishini ta’minlashdan manfaatdormiz. Shuning uchun bu borada bir nechta yangiliklar qilinmoqda, qilindi ham. Ya’ni amaliyotga 2+2 o‘qish shakli joriy etildi. Pedagogika kollejini bitirishganidan keyin, test emas, suhbat shaklidagi sinovlardan o‘tgach, OTMning 2-bosqichidan qabul qilinadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Puchon universiteti, shuningdek, keyingi yildan barcha pedagogika institutlariga 2+2 tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida bakalavriat ta’limini 4 yildan 3 yilga qisqartirdik.

Maoshlar masalasi ham juda dolzarb. Bu – Toshkent deklaratsiyasida ko‘tarilgan 4 ta masaladan biri, ya’ni maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglarining imijini oshirish. Imijni oshirish uchun maoshni oshirish kerak.

Tarbiyachilarning maoshini hech bo‘lmaganda boshlang‘ich sinf pedagoglarining maoshiga yetkazish uchun qancha mablag‘ kerakligini hisoblab chiqqanimizda, bizga yiliga 2,5 trln so‘m kerakligi ma’lum bo‘ldi. Bu – katta summa. Shuning uchun hozirda aynan shu masalalarni o‘z ichiga olgan qonunchilik hujjatini ishlab chiqyapmiz. Bu – eng og‘riqli masala. Biz bu masalani ko‘tarmayapmiz, deb o‘ylaysizmi? Ko‘taryapmiz. Hammasi moliyaviy resursga borib taqaladi, deya javob berdi Agrippina Shin.

Mavzuga oid