O‘zbekiston | 19:25 / 15.12.2022
10701
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Nukus voqealari bo‘yicha sudda jonli efir qachon tiklanishiga aniqlik kiritdi

Idoraning ma’lum qilishicha, shu kungacha o‘tkazilgan sud majlislarida OAV vakillari ishtirokiga qarshilik ko‘rsatilgan holatlar kuzatilmagan.

28 noyabr kuni ko‘rib chiqish boshlangan Nukus voqealari bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishining jonli efiri guvohlar va jabrlanuvchilar bir-birlarining ko‘rsatmalarini eshitib olmasligi uchun vaqtincha to‘xtatilgandi.

Sud jarayonining onlayn namoyishini tiklash yoki tiklamaslikni sud hal qiladi. Bu haqda Bosh prokuraturaning Mustaqil parlament komissiyasi savollariga javoban taqdim etgan axborotida so‘z boradi.

“Sud muhokamasining guvohlar ko‘rsatmalarini eshitish bosqichida JPKning 432-moddasi talabiga ko‘ra, sud ajrimi bilan onlayn namoyish etish to‘xtatilgan. Sud jarayonlari taraflarning muzokarasi bosqichida OAV vakillari tomonidan onlayn namoyish etilishiga sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilari iltimosnomasiga ko‘ra, raislik etuvchi sud tomonidan ruxsat etilishi mumkin”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istondagi namoyishchilarga doir sud jarayoni ochiq tarzda o‘tkazilayotgan bo‘lib, barcha ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, huquq faollari, blogerlar hamda sudda ishtirok etish istagini bildirgan barcha shaxslar uchun jarayonni video-konferens-aloqa orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratilgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2022 yil 7 dekabrgacha sud jarayonida 38 nafar jurnalist va bloger qatnashgan, biror-bir OAV vakilining sudda qatnashishishiga monelik qilish bilan bog‘liq holat qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklar kuzatilgandi. Iyul oyida Qonunchilik palatasi va Senat Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun Mustaqil komissiya tuzgan, ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qilayotgan komissiya a’zolari 15 avgust kunidan yana ish boshlagandi.

28 noyabr kuni Nukus voqealari bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlangan, Bosh prokuratura yana 39 kishiga daxldor ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanayotganini, Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda jami 171 kishi ayblanyotganini ma’lum qilgan.

Bosh prokuratura strategik obektlarga qilingan hujumlarni bartaraf etish maqsadida qurol qo‘llanganini ochiqlagan. Qayd etilishicha, namoyishchilarga nisbatan o‘qotar qurol va maxsus vositalar qo‘llangani alohida tergov qilinmoqda.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, namoyishlar vaqtida hamda aybdorlarni qo‘lga olish jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari xizmat vakolatidan chetga chiqib, zaruriyatsiz kuch va vositalarni ishlatgani, fuqarolarga qurol yoki boshqa maxsus vositalar qo‘llagani tasdig‘ini topgan taqdirda, ular javobgarlikka tortiladi.

Bundan tashqari, ommaviy tartibsizliklar chog‘ida 2 nafar fuqaroning vafoti holati yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida prokuratura idoralari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan. Tergov yakuniga ko‘ra, aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan qonuniy qarorlar qabul qilinishi ta’minlanadi.

Nukus voqealari paytida vafot etgan 19 nafar shaxsning ro‘yxati va vafot etish sabablari (qiynoqdan, o‘qotar quroldan va maxsus vositalardan vafot etgani) ochiqlanadi.

Mavzuga oid