O‘zbekiston | 13:18 / 15.12.2022
7530
4 daqiqa o‘qiladi

OTB rivojlanayotgan Osiyo davlatlari iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) global prognozlar yomonlashuvini hisobga olgan holda Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun iqtisodiy o‘sish prognozlarini pasaytirdi.

Foto: Reuters

Bugun e’lon qilingan “Osiyo taraqqiyoti istiqbollari” (ADO) hisoboti 2022 yilgi nashriga OTB navbatdagi qo‘shimchasiga muvofiq, mintaqa iqtisodiyoti joriy yilda 4,2 foizga, kelasi yilda esa 4,6 foizga o‘sadi. Sentyabr oyida OTB iqtisodiyot 2022 yilda 4,3 foizga, 2023 yilda esa 4,9 foizga o‘sishini prognoz qilgan edi.

Butun dunyo va mintaqadagi markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosati qat’iylashuvi, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi uzoq davom etishi va Xitoyda joriy etilayotgan pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar Osiyo COVID-19’dan keyingi tiklanish jarayonini sekinlashtirmoqda. "Nol COVID" cheklovlari va ko‘chmas mulk bozoridagi muammolar Xitoy bo‘yicha o‘sish prognozi yana bir bor pasaytirilishiga olib keldi.

“Osiyo-Tinch okeani mintaqasi tiklanishda davom etadi, biroq global sharoit yomonlashuvi shuni bildiradiki, 2023 yil arafasida mintaqa o‘sish sur’atlari ma’lum darajada sekinlashadi”, dedi OTB bosh iqtisodchisi Albert Park. "COVID-19 bilan bog‘liq davom etayotgan muammolarni bartaraf etish, oziq-ovqat va energiya narxlari yuqoriligi ta’siriga va bunday yuqori narxlar ayniqsa aholi kambag‘al va himoyaga muhtoj qatlamlarga ta’siriga qarshi kurashish va barqaror, inklyuziv iqtisodiy tiklanishni ta’minlash uchun hukumatlar yanada yaqinroq hamkorlik qilishlari lozim".

OTB joriy yilda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun inflatsiya prognozini 4,5 foizdan 4,4 foizga pasaytirdi. Biroq, energiya va oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiya bosimi davom etayotgani sababli bank kelgusi yil uchun prognozini 4,0 foizdan 4,2 foizga oshirdi.

Prognoz qilinishicha, bu yil Xitoy iqtisodiyoti oldingi 3,3 foiz o‘rniga 3,0 foizga o‘sadi. Global o‘sish sekinlashuvi tufayli kelgusi yil uchun prognoz 4,5 foizdan 4,3 foizga tushirildi. Hindiston YaIM o‘sishi prognozlari ushbu moliyaviy yil uchun 7,0 foiz darajasida va keyingi moliyaviy yil uchun 7,2 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Prognozlar pasaytirilgan bo‘lsa ham, rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlaridagi holat o‘sish va inflatsiya nuqtayi nazaridan dunyo boshqa joylariga qaraganda yaxshiroq bo‘ladi. Malayziya, Filippin, Tailand va Vetnamda iste’mol va turizm kuchli tiklanishi tufayli OTB bu yil Janubi-Sharqiy Osiyo o‘sishi bo‘yicha prognozi 5,1 foizdan 5,5 foizga oshirildi. Biroq, kelgusi yil uchun prognozlar zaiflashgan global talab tufayli 5,0 foizdan 4,7 foizgacha pasaytirildi. Bu yil Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘sish prognozi 3,9 foizdan 4,8 foizga oshirildi, Fijida turizm faol tiklanishi tufayli Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prognoz 4,7 foizdan 5,3 foizga ko‘tarildi.

"Osiyo taraqqiyoti istiqbollari" (ADO) har aprel oyida chop etiladi, sentabrda yangilanadi va qisqacha qo‘shimchalar odatda iyul va dekabr oylarida chop etiladi. Rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari deganda bank 46 ta rivojlanayotgan a’zo mamlakati nazarda tutiladi.

OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishish maqsadiga sodiqdir. OTB 1966 yilda tashkil etilgan. Bank aksiyadorlari 68 ta davlat bo‘lib, ulardan 49 tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan.

Mavzuga oid