Jahon | 15:47 / 16.12.2022
13660
2 daqiqa o‘qiladi

Berlin markazida ulkan akvarium yorilib ketdi

Aleksanderplats hududida tropik baliqlar solingan 16 metrli shisha silindr yorilib ketgani oqibatida ikki kishi jarohat oldi. Umumiy massasi ming tonna bo‘lgan suv ko‘chaga va mehmonxona yerto‘lasiga oqib tushdi.

Foto: LARARIMMER/TWITTER

Berlin markazida 16 dekabr, juma kuni ertalab dunyodagi eng yirik akvariumlardan biri – Aleksanderplats yaqinidagi binolar majmuasi foyesida joylashgan, sig‘imi bir million litr bo‘lgan AquaDom yorilib ketdi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishi shisha parchalaridan jarohat olgan va tibbiy muassasalarga yetkazilgan. Ushbu majmuada joylashgan mehmonxona fasadi elementlari bilan birga ko‘chaga suv toshib chiqqan. Mehmonxona xodimlari va mehmonlar evakuatsiya qilingan. 

Xabar e’lon qilingan paytda hodisa sabablari ma’lum emas edi. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy hujum amalga oshirilganiga oid qandaydir belgilar yo‘q. Voqea joyi o‘rab olingan. 

Binoga yetkazilgan aniq zarar hajmi va miqdori aniqlanmoqda. Favqulodda vaziyatlar xizmatining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, mehmonxonaning birinchi qavatiga zarar yetgan, yerto‘laga biroz suv tushgan. 

Tez orada voqea joyiga Texnik yordam xizmati (Technisches Hilfswerk, THW) mutaxassislari yetib boradi, ular binoning tayanch konstruksiya elementlariga shikast yetgani yoki yetmaganini aniqlashi kerak. Oqib chiqqan suvning umumiy massasi ming tonnani tashkil etdi. 

Akvariumda 1500 ga yaqin tropik baliqlar yashaydigan marjon riflari (qoyalari) joylashgan edi. Balandligi 16 metr va diametri 11,5 metr bo‘lgan shikastlangan obekt egasining so‘zlariga ko‘ra, u dunyodagi eng katta alohida turuvchi silindrsimon akvarium hisoblanadi. 

Mavzuga oid