O‘zbekiston | 17:23 / 16.12.2022
14126
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Onkologiya markazining ikkita filiali sotilmaydigan bo‘ldi

Jamoatchilik e’tirozlaridan keyin Respublika onkologiya markazining Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallari ko‘chirilmaydigan bo‘ldi. Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, ikkita filialning binolari sotuvdan olinadi.

Onkologiya markazining Toshkent shahar filiali / Foto: E-auksion

Manbaga ko‘ra, auksionda faqat Respublika onkologiyasi markazi binosi sotiladi. Markaz yangi qurilayotgan onkologiya kompleksiga ko‘chib o‘tadi.

Markazning Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallari o‘z joyida qoladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati maxfiy qarorlar bilan Respublika onkologiya markazi hamda uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari yeri va binolarini sotib yuborishga qaror qilgan edi.

Bu uchta shifoxonaning sotuvga qo‘yilgani haqida jamoatchilik auksion e’lonidan so‘ng xabar topgan va bu e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Qo‘shimcha qilish kerak, Respublika onkologiya markazining sotib yuborilayotgan binosi 2019 yilda ta’mirlangan, markaz hududida yangi binolar qurilgan edi. Tez orada sotib yuborilar ekan, nega milliardlab davlat mablag‘lari sarflanib, qo‘shimcha qurilishlar qilingan, degan savolga rasmiylardan javob bo‘lmadi.

Markaz Olmazor tumanida qurilayotgan yangi onkologik kompleksga ko‘chib o‘tadi. Kompleks 2023 yil may oyida ishga tushishi mo‘ljallangan. Qurilish uchun buyurtma tendersiz, yopiq qaror bilan Mimar Group kompaniyasiga berilgan. 

Mavzuga oid