«Sahihi Buxoriy» kitobining o‘zbekcha sharhi Misrning biryo‘la uchta nashrida e’tirof etildi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda «Hilol nashr» matbaa nashriyoti hamkorligida Imom Buxoriy qalamiga mansub «Sahihi Buxoriy» asarining o‘zbek tilidagi sharhi kitobi taqdimotiga oid ma’lumotlar Misrning bir yo‘la uchta nashrida chop etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati ma’lumotida maqolalarda Movarounnahr hududidan chiqqan buyuk muhaddis allomalarning hadis ilmi borasidagi boy ilmiy-ma’naviy tajribasi islom sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgani e’tirof etilgani qayd etiladi.
«Islom tarixi buyuk alloma va mutafakkirlarga boy. Islom kutubxonasini turli ilmlar bilan boyitgan olimlarning aksariyatini Osiyo qit’asining daryodan narigi tomonidagi mamlakatlaridan topamiz.
Bugungi kunda O‘zbekiston davlati o‘z mamlakatida jahon sivilizatsiyasi va ilmiy taraqqiyoti hamda islom ilmlari rivojiga hissa qo‘shgan muhaddislar, tarjimonlar, ilohiyotshunos va huquqshunoslar hayoti va qoldirgan merosini ilmiy tadqiq etish yo‘li bilan o‘rganishga kirishgan», deyilgan Cairo 24.com elektron nashrida «Ilk marotaba... Sahihi Buxoriyning o‘zbek tiliga tarjimasi» nomi ostida chop etilgan maqolada.
Maqolada «Sahihi Buxoriy» asariga o‘zbek tilida berilgan sharhning xususiyatli jihatlariga keng o‘rin berilgan.
elbalad.news saytidagi «Qur’ondan keyingi eng muqaddas kitob. «Sahih al-Buxoriy»ning o‘zbek tiliga ilk bor tarjimasi» nomli maqolada ushbu ko‘p jildli sharh dunyo ulamolari bilan hamnafas bo‘lish, o‘zbek xalqining «Sahih al-Buxoriy» tadqiqiga hissasi borligini isbotlash maqsadida yaratilgani ta’kidlangan.
«Al-Azhar ovozi» gazetasi e’lon qilgan «Yangi nashr. «Sahih al-Buxoriy»ning o‘zbek tilida batafsil izohi» nomli maqolada o‘zbek tilida taqdim etilgan mazkur nashr hadis ilmi borasidagi bilimlarni yanada mustahkamlash hamda Imom Buxoriyning boy ma’naviy merosini to‘laroq anglashga asos bo‘lib xizmat qilishiga urg‘u berilgan.
Maqolalarning barchasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov hamda Markaz direktori o‘rinbosari Otabek Muhammadiyevning yangi nashr yuzasidan bildirgan fikrlaridan iqtiboslar keltirilgan.
Mavzuga oid
15:21 / 20.12.2024
Jakartada "Imom Buxoriy: O‘zbekiston islom san’ati" ko‘rgazmasi ochildi
18:45 / 26.09.2024
Imom Buxoriyning yana bir asari o‘zbek tiliga o‘girildi
19:04 / 20.03.2024
Imom Buxoriyning «At-tarixus-sag‘ir» asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi
14:42 / 24.08.2022