Jahon | 22:44 / 20.12.2022
11142
3 daqiqa o‘qiladi

Bolalarni tinchlantirish uchun smartfon berilishi noto‘g‘ri ekani tushuntirildi 

Agar buni tez-tez qilsangiz, bola his-tuyg‘ularga dosh berishga o‘rganmaydi. 

Foto: Getty Images

Zamonaviy ota-onalar ko‘pincha xarxasha qilgan bolani smartfon yoki planshet bilan chalg‘itishga harakat qiladi. Bu xatti-harakat ota-ona uchun ham, bola uchun ham maqbul bo‘lib tuyulishi mumkin: bu ko‘pincha bir zumda samara beradi, shuning uchun bu usul tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. 

Shu bilan birga, vaqt o‘tishi bilan ishtaha ortib borishi mumkin. Bola smartfon yoki planshetda ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlaydi, lekin u ham, uning ota-onasi ham his-tuyg‘ularni boshqarishning sog‘lom usullarini o‘rganishga yetarlicha e’tibor bermaydi. 

Bu hissiy rivojlanish bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin. 2018-2020 yillarda 3-5 yoshli bolali 422 ta oilada o‘tkazilgan yangi izlanish natijalari shundan dalolat bermoqda. 

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bolani tinchlantirish uchun gadjetlardan muntazam foydalanish kayfiyatning tez-tez o‘zgarishiga va jizzakilikning kuchayishiga olib keladi. Bu, ayniqsa, ilgari impulsivlik va giperaktivlik namoyon bo‘lgan o‘g‘il bolalarda yanada sezilarli bo‘lgan. Ekranga doimiy ravishda chalg‘ib turish oqibatida ular his-tuyg‘ularga qarshi kurashish usullarini o‘zlashtira olmagan. 

Albatta, bolani texnologiyalardan butunlay ajratib qo‘yish ish bermaydi, buning hojati ham yo‘q. Muhimi - oila smartfon va planshetlarni bolani tinchlantirishning asosiy usuli deb hisoblamasligi kerak, ulardan me’yorda foydalanish zarar qilmaydi. 

Tadqiqotchilar, shuningdek, gadjetlar o‘rnida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa usullarni ham taklif qilishdi. Masalan, turli xil sezgi a’zolarini ishlatish tavsiya qilinadi (masalan, musiqa tinglash, plastilinni qo‘lda ezib tashlash yoki tramplinda sakrash). Bundan tashqari, boladan his-tuyg‘ularini nomlash va tasvirlashni so‘rash ham samarali, shunda u nimani his qilayotganini yaxshiroq tushunishni o‘rganadi. 

Bola his-tuyg‘ularini aniqlashni osonlashtirish uchun ularni ranglar bilan bog‘lash ham mumkin. Yana bir foydali usul — almashtiruvchi harakat. Bolaga g‘azabidan uka yoki do‘stni emas, balki yostiqni urish orqali xalos bo‘lish mumkinligini tushuntirish kerak. 

Bularning barchasi bolaga xotirjam bo‘lganda aytilishi kerak: shunda u o‘rgangan narsalarini keyingi xarxashasi paytida ishlata oladi. Ta’sir kuchayishi uchun vaqt kerak bo‘ladi va ota-onalar o‘zini xotirjam tutishi va haddan tashqari bosim qilmasligi muhimdir. Bu oson bo‘lmaydi, lekin bu bolaga butun hayoti davomida foydalanadigan his-tuyg‘ularni ishlab chiqish mexanizmlarini o‘rgatishda yordam beradi.

Mavzuga oid