O‘zbekiston | 16:56 / 20.12.2022
37781
9 daqiqa o‘qiladi

Magistratura va chet tili sertifikati: Yumshatish oliy ta’lim o‘zgarishlariga ishonchsizlik paydo qilmaydimi?

Bugun, 20 dekabrdan ilk marta magistraturaga qishki qabul boshlandi. Bu yil odatiy yillardagidan farqli ravishda ikki marta: yozgi va qishki qabul bo‘lyapti. Asosiy sabab chet tiliga bo‘lgan talabning o‘zgargani bilan bog‘liq. Yozgi qabulda qat’iy qo‘yilgan talab qishkisiga kelib yumshatildi.

Sertifikatning ahamiyati nimada?

Prezident qaroriga ko‘ra, 2022/23 yilgi qabuldan magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’limda o‘qish uchun talabgorda chet tilidan B2 daraja, til yo‘nalishlari nomzodlarida esa S1 darajadagi sertifikat bo‘lishi majburiy qilib qo‘yilgandi.

Qarordagi yangilik ancha avvalroq e’lon qilingan bo‘lsa ham, bu ta’lim bosqichlarida o‘qishni rejalashtirgan aksar kishi talab amalga kiritilishi ehtimoldan yiroq deb o‘ylab yurdi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda qabul yaqinlashgan sayin magistraturaga chet tili sertifikati majburiy qilinayotgani to‘g‘ri emasligi haqida postlar ham yozila boshlandi.

Lekin oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bu talab qat’iy bo‘lishini aytib sabablarini keltirib o‘tgandi.

“Agar bola ingliz tilini bilmasa yo haminqadar bilsa, qanday tadqiqot olib boradi? Hozirgi zamon bilan qanday bellashadi? Shuning uchun ham biz ruxsat oldik: xalqaro yo mahalliy chet tili sertifikat bilan hujjat topshirgan abituriyent magistraturaga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon topshirmaydi. Mutaxassislik bo‘yicha imtihon – qariyb bor bo‘yi bilan korrupsiya. Diplomning o‘rtacha balli hisoblanadi va bu bilan hujjat topshirgan abituriyent magistr bo‘ladi”, degandi vazir.

Vazir to‘lmay qoladigan kvota uchun qishki qabul bo‘lishini ham ma’lum qilgandi.

Kvotalar to‘lmadimi?

Vazirlik e’lon qilgan yozgi qabul natijalariga ko‘ra, topshirilgan 10 031 ta arizadan 5 219 tasi qabul qilingan. Kvota esa 10 688 ta edi. Yozgi qabulda talabga javob beradigan nomzodlar kvotaning yarmini ham tashkil qilmagan.

Vazirlik taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, yozgi qabulda xorijiy til bo‘yicha sertifikatga ega abituriyentlar soni 4 578 nafarni tashkil etgan. Undan oldingi yili magistraturaga topshirgan abituriyentlarning esa bor-yo‘g‘i 768 nafarida til sertifikati bo‘lgan xolos. Bir yilda sertifikatlilar 6,2 barobarga oshgan.

Talabgorlar faqat diplomlarining o‘rtacha balli va chet tili sertifikatlari bilan o‘qishga qabul qilingan. Ular imtihon topshirishmadi.

Garchi bir yilda chet tilini bilish darajasi magistratura abituriyentlari orasida ancha oshgan bo‘lsa-da, sertifikat talabining qattiq bo‘lganini kvota zo‘rg‘a yarimlaganidan bilish mumkin.

OTMlar misolida

Lekin hamma OTMlarda ham emas. Masalan, Toshkent davlat yuridik universitetining ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan yo‘nalishlariga chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar ajratilgan kvotalar sonidan kam emas. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida ham shunga o‘xshash: yo‘nalishlarining aksarida chet tili sertifikatlilar yetarlicha bo‘lgan.

Bular – talabgorlar doimiy ko‘p bo‘ladigan OTMlar. Lekin, masalan, Buxoro davlat tibbiyot institutining qabul kvotasi deyarli bo‘m-bo‘sh qolgan: ko‘plab yo‘nalishlarga chet tili sertifikati bo‘lmagani uchun ariza topshirilmagan. Toshkent tibbiyot akademiyasida vaziyat sal yaxshiroq. TATUda ham ahvol havas qilarli bo‘lmagan.

Toshkent davlat yuridik universitetiga yozgi qabulda kelib tushgan va qabul qilingan arizalar soni.
Buxoro davlat tibbiyot institutiga yozgi qabulda kelib tushgan va qabul qilingan arizalar soni.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga yozgi qabulda kelib tushgan va qabul qilingan arizalar soni.

Bu ma’lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining magistr.edu.uz saytida bor.

Ko‘rinib turibdiki, chet tili sertifikati sabab ba’zi talabgir yo‘nalishlar baribir to‘lgan, ba’zilarida esa vaziyat o‘ta sust.

Darajasi muhim emas, sertifikating bo‘lsa bo‘ldi

To‘g‘rirog‘i, sertifikat bekor bo‘lmadi. Lekin nomzodlarning chet tilini bilishiga qo‘yilgan qat’iy talab yumshatildi ham emas, olib tashlanyapti deyish mumkin.

Noyabr oyida vazirlik shu yilgi qishki qabulda (20 dekabrdan 10 yanvargacha) chet tili sertifikatining mos darajasi bo‘lishi (tilga oid yo‘nalishlar uchun S1, boshqa yo‘nalishlar uchun B2) talabi bekor bo‘layotgani, undan pastroq daraja bilan ham A2, hatto A1 darajadagi sertifikat bilan ham hujjat topshirish mumkinligini, lekin, muhimi, o‘qishni bitirguncha mos darajadagi sertifikatni olish majburiy ekani haqidagi xabarni e’lon qildi. Sertifikat bo‘lsa, bo‘ldi xullas.

Chet tilidan istalgan darajadagi sertifikat deyilgan ekan, agar talabgor A1 bilan magistraturaga kirsa, u sertifikat olgan tilidagi o‘ta bazaviy bo‘lgan so‘zlarni bilishi, kundalik ishlatiladigan lug‘atlarni tushunishi mumkin. A2 ham tilni boshlang‘ich darajada biluvchilarning darajasi.

Doktoranturada ham xuddi shunday: qabulda sertifikat bo‘lsa bo‘ldi, degan talab qo‘yilganidan so‘ng bundan maqsad sertifikat orqali pul ishlash bo‘lishi mumkin degan faraz ham paydo bo‘ldi. Bunda milliy sertifikat uchun imtihonlarni Davlat test markazi o‘tkazadi va bunda birinchi nishon DTM bo‘ldi.

Ayni shu holatga aniqlik kiritish maqsadida DTM bilan bog‘landik.

Tashkilot matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, magistratura va undan keyingi ta’lim uchun sertifikat darajasi bekor qilingach, markazga A1 yoki A2 sertifikat olish uchun imtihon topshirishni so‘rab murojaat qiluvchilar ko‘paygan.

“DTM A1, A2 darajadagi sertifikatlarni bermaydi. Bizda sertifikatlar darajasi B1 dan boshlanadi. Ya’ni bu degani pulini to‘lab istalgan odam sertifikat ololmasligini anglatadi. O‘qigan, haqiqatan tilni ma’lum darajada biladiganlar sertifikat olishi mumkin”, deb ma’lumot berdi DTM matbuot xizmati.

Nega sertifikatlarning belgilangan darajasi olib tashlandi?

Vazirlik matbuot xizmatining javobiga ko‘ra, hozircha talab yumshatilishidan asosiy maqsad yetarli darajada bilmasa ham, til o‘rganayotgan yoshlarga imkon berish va bu orqali oliy ta’lim muassasalarida ham talabgorlar orasidan yuqori o‘zlashtirishga ega, xorijiy tilni biladigan abituriyentlarni tanlash imkoniyatini oshirish hamda yozgi qabulda qabul parametrining vakant bo‘lib qolgan o‘rinlarini to‘ldirishdan iborat.

Lekin shunday bo‘lsa-da, qishki tanlovda ham avvalgidek yuqori darajali (S1, V2) sertifikati bor abituriyentning o‘qishga kirishida ustuvorlik saqlanib qoladi.

Ishonchsizlik shakllanishi mumkin

Eslatma: sertifikat talabining bekor bo‘lishi faqat va faqat shu yilgi qishki qabulga amal qiladi. Keyingi yildagi qabulda til darajasi yana qat’iylashadi.

Biroq faqat qishki qabulda talab yumshatilishi ham savollarni paydo qiladi.

Birinchidan, agar vaqtincha bekor qilinadigan bo‘lsa, nega qat’iy talab shu yildan qo‘yildi? Axir chet tili sertifikati (mos daraja bilan) so‘ralishi bilan hujjat topshiruvchilar soni kamayib kvotalar to‘lmay qolishi oldindan prognoz qilingan-ku (vazir yozgi qabul boshlanishidan oldin bu yil 2 marta qabul bo‘lishini ma’lum qilgandi.) Talabda qat’iy turmaslik keyingi yil hujjat topshiruvchilarni ham arosatda qoldirishi, “o‘tgan yili bekor bo‘lgandi, bu yil ham baribir shunday bo‘ladi” degan ishonchsizlik kayfiyati shakllanishiga va oxir-oqibat kelasi yil ham kamroq odam magistraturaga hujjat topshirishiga sabab bo‘lmaydimi?

Ikkinchidan, qishki qabulda past darajali ingliz tili sertifikati bilan magistraturaga kirgan odam diplom olish uchun til o‘rganishni boshlasa, uning asosiy maqsadi shu bo‘lib qolib, o‘z sohasini o‘zlashtira olmay qolmaydimi? Qolaversa, sertifikat bilan kadrlar sifati oshishiga umid qilinganini hisobga olsak, shu qishki qabuldayoq sertifikatning mos darajasisiz o‘qishga kiradigan yana mingdan oshadigan talabgorlar bu sifatga ta’sir qilmaydimi?

Uchinchisi va eng muhimi, talablarning ayrim paytlari yumshatilishi odamlarda oliy ta’lim tizimidagi islohotlar qat’iylik bilan olib borilishiga shubha uyg‘otib qo‘ymaydimi?

Zilola G‘aybullayeva, jurnalist

Mavzuga oid