Jahon | 21:32 / 21.12.2022
14681
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yil uchun eng arzon turizm yo‘nalishlar nomi e’lon qilindi

Argentina, Tailand va Albaniya eng arzon turizm yo‘nalishlari ro‘yxatida qayd etildi. 

Tailand / Foto: Kun.uz

Yashash qiymati ma’lumotlariga ixtisoslashgan Numbeo portali xabariga ko‘ra, 2023 yilda Tailand sayyohlar uchun eng mashhur va arzon yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. Sayyohlar oyiga o‘rtacha 533 dollar (ijarasiz) evaziga bu mamlakatda qulay hayot kechirishi mumkin. 

Janubi-Sharqiy Osiyodagi Laos davlati ham bu yo‘nalishda peshqadamlardan biri. Masalan, Laosdagi arzon restoranda bir marta ovqatlanish narxi bor-yo‘g‘i 2,72 dollarga teng. 

Kamboja o‘zining ming yillik tarixi, keng qamrovli arxeologik joylar to‘plami va hayratlanarli tabiati bilan mashhur madaniyat markazidir. Shuningdek, narxlar nuqtai nazaridan ham jozibali. Sayyohlar bu mamlakatda oyiga kamida 594 dollar sarflashiga to‘g‘ri keladi. 

Yevropa qit’asida eng arzon mamlakatlar biri Albaniya hisoblanadi. Bu yerda sayyohlar Yevropa Ittifoqiga qaraganda 46 foizga kamroq pul sarflashadi va ular Adriatika dengizining go‘zal qirg‘oqlarini, YuNESKO yodgorliklarini va tog‘lar tepasida o‘rta asr qal’alarini tomosha qilishi mumkin. 

Bolgariya ham sayohatchilar uzoq muddatga boradigan mashhur mamlakatga aylangan. Bu yerda narxlar Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga qaraganda 41 foizga arzon. 

Gruziya ko‘pincha Yevropaning raqamli ko‘chmanchilari uchun birinchi manzil sifatida tilga olinadi: turar joyni hisobga olmaganda, sayyohlar oyiga o‘rtacha 555 dollar sarflaydi. 

Turkiya Yevropa tarixi bilan chambarchas bog‘langan murakkab tarixga ega bo‘lgan yana bir qiziqarli mamlakatdir. Sayyohlar uchun narxlar bu yerda Italiya yoki Gretsiyadan mos ravishda o‘rtacha 48 va 21 foizga arzon. 

Ushbu ro‘yxatdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan Argentinada oylik yashash narxi 419 dollarga (ijara qo‘shilmagan) baholanadi, bu G‘arb mamlakatlariga qaraganda deyarli 60 foizga arzon. 

Mavzuga oid