Jamiyat | 13:30 / 21.12.2022
11926
3 daqiqa o‘qiladi

“Yaqinlarim qiynalganini ko‘rib kasal bo‘lganimdan afsuslanaman” – xasta yigit iztirobi

Dostonbek 22 yoshda. Uning ikkala buyragida ham qurish boshlangani ma’lum bo‘lgach otasi unga o‘z buyragini bermoqchi. Lekin operatsiya katta mablag‘ talab qiladi. Yashab turgan uylarini sotishsa, 12 jon ko‘chada qoladi.

Andijondagi bu oilada besh farzand ulg‘aygan. Kenja farzand Dostonbek 16 yoshga yetganda unda buyrak bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Dastlab shamollash deb taxmin qilingan kasallik bora-bora og‘ir dardning belgisini ko‘rsatadi – unda ikkala buyrak qurishi boshlangan edi.

“Bolam olayotgan dializlari ta’sirida ko‘z nurini ham yo‘qotyapti. Bir ko‘zi yaxshi ko‘rmay qolyapti. Shifokorlar buyrak ko‘chirish operatsiyasi kerakligini aytishdi. Bolamga otasi bitta buyragini bermoqchi. Operatsiya Hindistonda qilinar ekan. Men oddiy kolxozchiman, otasi qorovul. Ikkita katta o‘g‘lim xorijda ishlab ukasini davolatish uchun pul jo‘natadi. Lekin baribir yetkaza olmayapmiz.

Bolamni saqlab qolish uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Bir farzandni 22ga kirgizish osonmas. Hech kimga ko‘rsatmasin buni”, deya yig‘laydi bemorning onasi Odinaxon opa.

Dostonbek ayni ishlab ota-onasini parvarish qiladigan paytda o‘zi parvarishga muhtoj ekanidan xijolat bo‘ladi.

“Hozir dializ bilan yashayapman. Ota-onamning yoniga kirib xizmat qilaman deganimda shu dardga chalinib qoldim. Uyimizda hammaning topgani meni davolatishga ketyapti. Ularning qiynalganini ko‘rib kasal bo‘lganimdan afsuslanaman.

Akalarim bilan ishlab pul to‘plab ota-onamizni haj safariga jo‘natamiz, dadamga mashina olib beramiz degan niyatda edik. Onamning o‘zida astma xastaligi bor. Shundayam tuni bilan uxlamay menga qarab chiqadi. Chunki dard kechasi xuruj qiladi. Yarim tunda “Tez yordam” chaqiramiz, dadam ishdan yetib keladi”, deydi o‘kinch bilan u.

Xorijda qilinadigan operatsiyaga katta mablag‘ topish uchun oila yashab turgan uylarini sotishga majbur bo‘lmoqda. Bu uyning sotilishi xonadonda yashayotgan 12 jonning ko‘chada qolishiga sabab bo‘ladi.

Dard – sinov. Farzandi darddan forig‘ bo‘lishi uchun yaxshilardan madad kutayotganlarni yolg‘izlatib qo‘ymaslik yaxshilik alomatidir. Sinalayotganlarga ko‘mak berish kelgusi sinovlarning oldini olsa ajab emas. 

Dostonbek Ahmadjonovga oid ma’lumotlar:

UzCard: 8600 0423 3582 4156 akasi Asrorbek Umaraliyev nomida

VISA: 4073 4200 5768 4890 bemor nomida

UnionPay: 6262 5700 7548 0295 qarindoshi Qo‘rg‘onali Ismoilov nomida

Manzil: Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani, Ma’murobod qishlog‘i 54-uy.

Mavzuga oid