Jamiyat | 13:04 / 24.12.2022
43922
16 daqiqa o‘qiladi

«Odamlarga ishonmay qo‘ydim» – uy sotib olib, rahmdilligi ortidan muammoga duch kelgan inson (Hayotiy hikoya)

«Uy bozoriga chiqsak, bizdan sal narida yashaydigan oila uyini sotmoqchi ekan, o‘shanga xaridor bo‘ldim. Mendan avvalgi xaridorlar uy egasi so‘rayotgan pulning yarmini ham aytishmasdi. Navbat menga kelganda uy egasi qarz bo‘lib qolgani uchun uyini sotayotganini aytdi. Buni eshitib u bilan savdolashmadim va so‘rayotgan pulini berishga rozi bo‘ldim. Keyin yordam tariqasida qo‘limda qolgan ming dollarni ham qo‘shib berdim. Ammo o‘shanda ular kelajakda menga qanday muammolar tug‘dirishini bilmasdim».

Foto: KUN.UZ

Hamsuhbatim, yoshi oltmishlarga yaqinlashib qolgan, o‘z shevasida chiroyli lutf bilan so‘zlovchi kishi edi. U bilan suhbatlashar ekanman, ziyoli insonligi bilinib turardi.

«Viloyat markazlaridan birida, eski shahar deb ataluvchi qismida yashaymiz. Bilasiz, yirik shaharlardagi bunday mavzelarda tor ko‘chalar va kichik hovlilar joylashgan. Mening hovlim ham uncha katta emas, nari borsa ikkita oilani sig‘dirsa bo‘lardi. Bir paytlar o‘g‘lim uchun sotib olingan bir hovlini deb ancha mojarolarga duch kelganman», deb qoldi.

Hayotda nima ko‘p, hovli yoki uy sotib olib turli holatlarga duch kelgan insonlar ko‘p. Shunday bo‘lsa ham bu inson qanday mojaroga duch kelgani menga juda qiziq tuyuldi. Undan tafsilotlarni so‘ramoqchi bo‘lgan edim, o‘zi gap boshlab qoldi:

«Maktabni tugatib pedagogika yo‘nalishida o‘qiganman. Uzoq yillar maktabda o‘qituvchi, so‘ng direktor bo‘lib ishlaganman. To‘rt o‘g‘lim va ikki qizim bor.

Mustaqillikka endi erishgan davrimizda uyimga yaqin maktablardan birida direktor edim. Mustaqil bo‘lganimizda «ozod bo‘ldik» deb eng ko‘p men quvonganman.

O‘shanda qo‘l ostimdagi o‘qituvchilarga «Endi chopiqqa chiqmaymiz, paxta termaymiz. Metallolom va makulatura yig‘maymiz. Faqat ta’lim berish bilan band bo‘lamiz» deganman.

Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman. 1992 yil 1 sentabrdan o‘quv mavsumi boshlandi. Sentyabrning oxiriga borib o‘quvchilarni paxtaga olib chiqishimiz haqida buyruq (!) keldi.

9, 10 va 11-sinflar bilan noyabr oyi o‘rtalarigacha paxta dalasida bo‘ldik. Paxtadan qaytganimizdan so‘ng metallolom va makulatura rejalarini ham berishdi.

O‘shanda o‘qituvchilarga «endi o‘zimizga tegishli bo‘lmagan ishlardan ozod bo‘lamiz» deb katta gapirib qo‘yganim uchun ularning yuziga qaray olmasdim. Qolaversa, mustaqillikdan keyin o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabat yaxshilanish o‘rniga yomonlashgani ruhiyatimga yomon ta’sir qildi. Oxiri bo‘lmadi, ariza yozib ishdan bo‘shadim.

Direktorlikni topshirganimdan so‘ng katta oilani qanday boqish muammosi ko‘ndalang bo‘ldi. O‘sha kezlarda o‘zim o‘qitgan yigit viloyatimiz markazidan Moskvaga qatnovchi poyezdda vagon kuzatuvchisi bo‘lib ishlardi.

Kambag‘al oilaning farzandi bo‘lgan bu yigitga o‘quvchilik yillarida ancha yordamim tekkandi. Ishdan bo‘shaganimni eshitib qidirib kelibdi. U menga jo‘yali bir taklif berdi:

«Ustoz, ishdan bo‘shaganingizni eshitdim. Ta’lim tizimida hech narsa o‘zgarmagan bo‘lsa, boshqa sohalarda o‘zgarishlar bo‘lgan. Hozir oldingiday OBXSS (Sovet davrida militsiyaning sotsialistik mulkka zarar yetkazuvchilarga qarshi kurash bo‘limi shunday deb atalardi) yo‘q. Odamlar bemalol oldi-sotdi qilib yuribdi. Xo‘p desangiz sizga yordam beraman. Bozordan 5-6 xil narsalarni olib sumkalarga joylaysiz, keyin Moskvagacha bilet olasiz. Yo‘lda narsalaringizni sotib borasiz. Qaytishda o‘zimizda taqchil bo‘lgan narsalarni olib kelasiz, undan ham yaxshi qoladi».

Shundan so‘ng 5-6 ta sumkaga turli ko‘katlar, quruq va ho‘l mevalar olib yo‘lga chiqdim. Poyezd Qozog‘iston hududiga o‘tgandan so‘ng narsalarimni yaxshi narxlarda sotib boraverdim.

Olgan narsalarim Rossiya chegarasigacha ham yetmadi, sotib bo‘ldim va Moskvagacha bemalol ketdim. Qaytishda o‘zimizda xaridorgir narsalar olib kelib, buyoqda yaxshi foyda bilan sotdim. Shu tariqa, bir dumalab tadbirkorga aylandim.

Ishim bir necha yil shu tarzda davom etdi. Bu orada bolalarim maktabni bitirib turli institutlarda o‘qiy boshlashdi. Ikkita katta o‘g‘limni navbati bilan uylantirdik va tor hovlida uchta xo‘jalik amallab yashay boshladik.

Oradan yana bir necha yil o‘tib uchinchi o‘g‘limni uylantirishga navbat kelganda uy-joy muammosi ko‘ndalang bo‘ldi. Uni uylantirish uchun avval akalaridan birini ko‘chirib chiqarishimiz kerak edi. Yig‘ib qo‘ygan pullarim bor edi, uy sotib olishga qaror qildim.

Uy bozoriga chiqsak, bizdan sal narida yashaydigan bir oila uyini sotmoqchi ekan, o‘shanga xaridor bo‘ldim. Mendan avval xaridor bo‘lganlar uyning egasi so‘rayotgan pulning yarmini ham aytishmas, er-xotin ular taklif etayotgan narxga ko‘nmasdi.

Navbat menga kelganda uy egasi egasi katta qarz bo‘lib qolgani uchun uyini sotayotganini aytdi. Buni eshitib u bilan savdolashib ham o‘tirmadim. So‘rayotgan pulini berishga rozi bo‘ldim. Savdoni kuzatib turgan boshqa xaridorlar «shunaqa qilib narxlarni ko‘tarib yuborishadi-da», deb nari ketishdi.

Tushdan keyin borib uyni ko‘rdik, bizga ma’qul bo‘ldi. Bir necha kun o‘tib uni notariusda hujjatlashtirib ham qo‘ydik.

Uyni sotgan odam bizga ijaraga uy qidirayotganini, joy topgach chiqib ketishini aytdi. U bilan xayrlashib chiqar ekanman, o‘sha paytda qo‘limda qolgan ming dollarni ham uning qo‘liga tutqazdim:

«Uka, mushkulingizni Xudo oson qilsin. Xafa bo‘lmang, hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Mana bu mendan sizga yordam. Uyni bo‘shatib chiqishda shoshilmasangiz ham bo‘ladi. Uchinchi o‘g‘limni uylantirmoqchiman, to‘ydan oldin akasini ko‘chiraman. Ungacha bemalol yashab turaveringlar».

Bechora buni kutmagan ekan, juda xursand bo‘ldi va ayoli bilan birga qayta-qayta minnatdorchilik bildirdi.

Ayol ham kelishilgan pulga ming dollar qo‘shib berganimni ko‘rib yig‘lab yubordi. Ikkalasi ham takror-takror rahmat aytardi. Keyinchalik o‘ylab ko‘rsam, o‘shanda unga yordam puli berishim va hali yashab turaveringlar deyishim katta xato bo‘lgan ekan.

Oradan qariyb bir yilcha vaqt o‘tdi. Bu orada uchinchi o‘g‘limga bir qizni fotiha qildik. To‘ydan avval akalaridan birini sotib olingan uyga ko‘chirish harakatiga tushdik.

Sotib olgan hovlimga bordim, eshikni uyni sotgan odamning ayoli ochdi. Unga to‘y boshlab qo‘yganimni, ungacha o‘g‘illarimdan birini alohida qilib chiqarishim kerakligini, shu uchun uyni bo‘shatish harakatida bo‘laverishlarini aytdim.

Ayol indamay qarab turdida, «Bu masalani erim bilan gaplashasiz» deb eshikni yopdi. Ayolning minnatdorchilik bilan xo‘p deyishini kutganim uchun uning sovuq muomalasidan hayron bo‘ldim.

Shu paytda xayolimdan «Bular uyni bo‘shatmoqchi emas shekilli» degan o‘y o‘tdi. Eshikni yana taqillatdim. Ayol biroz kuttirib eshikni ochdi. Undan eri qachon uyda bo‘lishini so‘ragandim, «Bilmayman, xohlagan paytida kelib ketyapti», degan javobni eshitdim.

Ertasi kuni tongda o‘g‘lim bilan kelib eshikni yana taqillatdim. Ayol chiqib eri uyda emasligini aytdi. Shu tobda bu odamni qanday topishni bilmasdik.

Ayol yolg‘on gapiryapti degan gumonga borganimizda ham uyga bostirib kirib bo‘lmaydi. Har kelganimizda eri uyda bo‘lsa ham yo‘q deb turaversa, nima qilish mumkin? Bitta yo‘l qolgandi – sal panaroqda turib poylash.

Ayol mashinamizni ko‘rmagandi, uni chetroqqa qo‘yib poylay boshladik. Ikki soat deganda haligi odam uydan chiqdi. Tezda borib uni ushlab oldik.

Unga uyni bo‘shatish vaqti kelganini endi ayta boshlagandik eshik ochilib xotini chiqib keldi va erining o‘rniga gapirib tashladi:

«Biz bu uydan chiqmaymiz. Pulingizni qaytarib beramiz. Erimning muammosi hal bo‘lgan. Qarzdan qutulgan. U pullaringni qanday qaytarib berishni bilmay yurgandi».

Ayolning gaplarini eshitib hayron qoldim. Nega o‘shanda savdolashmasdan uyni bular so‘rayotgan pulga oldim? Nega yana ming dollar qo‘shib berdim? Nega bemalol yashayveringlar dedim? Endi yaxshiligimning «mukofoti»ni olaman shekilli, deb o‘yladim.

Ayolga pulni qaytarib olmasligimni, uyning qonuniy egasi ekanimni, agar yaxshilikcha chiqishmasa ichki ishlarga murojaat qilib, kuch bilan chiqartirishimni aytdim.

«Uka, uy bozorida nochorgina qarab turgan paytingizda rahmim kelgandi. Bir kun kelib bunaqa qilishingizni aytganingizda uyingizni olmasdim. Qayerdan chiqdi endi bunaqa gaplar?» deb erkakka ancha gaplarni gapirdim. U indamas edi. To‘g‘rirog‘i xotini unga navbat bermasdi.

O‘sha kunning o‘zidayoq ichki ishlarga murojaat qildim. Er-xotinni bo‘limga chaqirib ogohlantirishibdi va muddat berishibdi. Ammo ular bergan muddatda ham uyni bo‘shatishmadi.

To‘y sanasi belgilangandi. To‘ydan avval katta o‘g‘limni ijara uy topib ko‘chirdim va to‘yni o‘tkazdik. Bu orada ayol bir necha marta uyimga va mahalla idorasiga janjal qilib keldi.

Ayolning uyni qaytarmaslik masalasida aniq vaji yo‘q edi. Pulni qaytarib beramiz, uyni bermaymiz derdi. Ammo tili yomon ekan, har kelganida dam qarg‘aydi, dam erkakchasiga so‘kinadi. Meni noinsoflikda ayblaydi.

O‘zim-ku ayolga umuman javob qaytarmasdim. O‘g‘illarimning jahli chiqib unga javob bermoqchi bo‘lishganda ham qo‘ymadim:

«Ayol bizning jahlimiz chiqishini, so‘ng uni so‘kib haqorat qilishimizni, kimdir qo‘l ko‘tarishini xohlayapti. Hozir uning ro‘parasiga chiqib so‘ksang, ayol haq bo‘lib chiqadi. Mabodo turtib-purtib yuborsang, qamatib yuborishdan ham qaytmaydi. Qolaversa, erkaksan, ayol bilan teng bo‘lasanmi?»

Ayol biz bilan janjallashib o‘z maqsadiga erisha olmagach ustimdan turli idoralarga shikoyat yozibdi.

Hokimiyatdan va prokuraturadan qidirib kelishdi. Ularning aytishiga qaraganda men nohaqdan ayolning uyini tortib olayotgan emishman.

Shunda ularga holat unday emasligini, hozir men nima deyishimdan qat’i nazar ayol uning aksini gapirishi mumkinligini aytdim. Masalani ayol va uning eri ishtirokida muhokama qilishni taklif qildim. Ular rozi bo‘lishdi.

Birgalikda sotib olgan xonadonimga bordik. Ayol va erining oldida bo‘lgan voqealarni prokuratura xodimi va hokimiyat mutasaddisiga aytib berdim. Gapirayotib er-xotinga savol berib turdim:

«O‘shanda men uylaringni sotinglar deb sizlarni oldilaringga kelmadim, o‘zlaring uy bozoriga chiqdinglar va sizlarga o‘sha yerda duch keldim, to‘g‘rimi? Boshqa xaridorlar narxni yerga urayotganini ko‘rib, uylaringni aytgan pullaringga sotib oldimmi? Uyni hujjatlashtirgandan so‘ng yordam deb yana ming dollar qo‘shib berdimmi? Shu jarayonlarda men tomonimdan sizlarga bosim yoki qandaydir majburlash bo‘ldimi?»

Ular gapimga yo‘q deb turishdi. Shunda mutasaddilarga uyni sotib olganim haqidagi notarius hujjatlarini berdim. Ular ayolga «Hammasi qonuniy hal bo‘lgan ekan, nimadan norozi bo‘lyapsizlar va uyni nega bo‘shatmayapsizlar?» deb so‘rashdi.

Ayol gap boshladi:

«Hammasini to‘g‘ri gapiryapti. Ammo biz sotgan paytda uylar narxi arzon edi, uch baravar oshib ketdi. Biz qarzdan qutuldik, ishlarimiz ham sekin o‘rniga tushyapti. Ammo bu yerdan chiqsak endi uy ololmaymiz. Shu uchun bu akaga pulini qaytaramiz va uyni bermaymiz».

Shunda mutasaddilar ularga buning iloji yo‘qligini, uy qonunan menga tegishli ekanini va bo‘shatishga majbur ekanliklari haqida gapirdi.

Ularning gapini eshitgan ayol «Bu aka boy, Rossiyaga qatnaydi. Puli ko‘p. Shunga pulini qaytib olib uyni bizga qoldirsa bo‘lardi», deb qoldi.

«Singlim, agar boshida urush janjalsiz shu gapni gapirganingizda maslahatlashib bir yo‘lini qilsak bo‘lardi. Meni muttahamga chiqarib, shuncha janjal qilib, endi chorasiz qolganda bu gapni gapirasizmi? Qolaversa, o‘zimga tinchman, ammo boyib ketgan joyim yo‘q. Katta o‘g‘lim hozir ijarada yashayapti. Boy bo‘lganimda unga boshqa uy olib bermasmidim?» dedim unga.

Shundan so‘ng hokimiyat vakili va prokuror ularga uyni bo‘shatish kerakligi, aks holda majburan chiqarilishlari haqida ogohlantirib ketishdi.

Ammo shundan keyin ham ularni uydan chiqarish oson bo‘lmadi. Ayol yana bir necha marta uyimizga kelib janjal qildi. Baland ovozda yana qarg‘ab-so‘kib ketdi.

O‘shanda IIB xodimlariga ayolni uydan chiqarish jarayoniga umuman bormasligimni, uyni bo‘shatishganidan so‘ng xabar berishlarini iltimos qildim. Oradan olti oy o‘tgach ular qo‘ng‘iroq qilishdi. Ular bu oilani uydan qanday chiqarishgani menga qorong‘i.

Borib ko‘zlarimga ishonmadim, uydagi holat bomba tushganga o‘xshardi. Eshik va derazalar qiyshaygan, ularda bironta butun oyna yo‘q, hammasini sindirib tashlashgan. Xaridor bo‘lib ilk kelganimda uyning ta’miri ham yaxshi edi, ichkariga kirsak devorlar, shiftlargacha chizib-qirib tashlangan.

Baraka topkurlar chiroq osadigan bironta sim qoldirishmabdi, hammasini tagidan kesib tashlashibdi. Rozetka va chiroqni o‘chirib yoqadiganlarning ham barchasi sindirib tashlangan.

Alam ustida uyning dabdalasini chiqarib ketishibdi, ancha pul sarflab uni ta’mirlashga majbur bo‘ldik. Shundan so‘ng menda odamlarga umuman ishonch qolmadi».

Hamsuhbatimning hikoyasi meni hayron qoldirmadi. Hayotda turli fe’l-atvorga ega insonlar ko‘p. Ichimda «Hammamizga Xudo insof bersin» deb qo‘ydim.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid