O‘zbekiston | 09:58 / 25.12.2022
11502
5 daqiqa o‘qiladi

“Ham yolg‘iz farzand, ham yolg‘iz onaman” - dard va ojizlik iskanjasida qolganlar

Sarson-u nochor bemor bolalarning onaizorlari dardlariga quloq tutish og‘ir. Eshitishning o‘zi shunday bo‘lsa, bu hasratni ko‘tarish nechog‘lik mushkul ekanligini tasavvur qilish qiyin emas.

Ham yolg‘iz farzand, ham yolg‘iz onaman...

Lola 20 yoshda. Ammo shu yoshidayoq 2,5 yoshli bemor qizalog‘i bilan ota uyiga qaytgan. Tun-u kun ishlashga va yarimjon onasi, oqqonga chalingan bolasini boqish, butun ro‘zg‘or yukini yelkasiga olishga majbur.

“Hozir onamnikidaman. Ham yolg‘iz farzand, ham yolg‘iz onaman. Kunim ishda o‘tadi – 24 soatlab ishlagan vaqtlarim bo‘ladi. Bir uyda yashab qizimni sog‘inaman, ishdan kelsam uyam meni sog‘inib ko‘zlari kirtayib qolgan bo‘ladi. Bolamga mehr bergim keladi, lekin ishlamasam bo‘lmaydi. Onamning o‘zi ham kasal bo‘lishiga qaramay qizimga qarab o‘tiradi.

Har safar shifoxonada davolanganimizda qo‘rqaman. Keyingi safar nima bo‘ladi, shifoxonadan chiqamizmi-yo‘qmi deb qo‘rqib yashayman”.

Lola tikuvchilik fabrikasida ishchi bo‘lib ishlaydi. Olayotgan maoshi esa oila tebratishga, bemor qizining davolanishiga yetmasligi ayon.

Uljon Baxtiyorovaga oid ma’lumotlar:

UzCard: 8600 0604 9834 3343 qarindoshi Saparali Chalaboyev nomida

Manzil: Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani, Paxtachi mahallasi 8-uy.

Bir bolamni yo‘qotdim, yana yo‘qotishdan qo‘rqaman...

2 yashar Nurmuhammad murg‘ak yoshida chalingan kasalligi tufayli o‘ta asabiy va shu bilan birga nihoyatda ziyrak. U chaqaloqligida bu dardning girdobiga tushgan.

“Bolamizning qanday dardga chalinganini bilmasdik. Turmush o‘rtog‘im Rossiyada ishlardi, tekshirtirib, davolatish uchun bizni yoniga chaqirdi. O‘sha yerda bu haqda eshitdik va og‘ir ahvolga tushdik. Ammo qo‘limizdan hech narsa kelmasdi.

O‘shanda Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanib qoldi. O‘zbekistonga qaytishimiz ham juda qiyin bo‘ldi. Shundan beri davolatib kelyapmiz. Bir farzandimni yo‘qotdim, endi bunisigayam nimadir bo‘lishidan qo‘rqaman”, — deya yig‘laydi Navro‘za.

Nurmuhammad Abdusamatovga oid ma’lumotlar:

UzCard: 8600 0609 0096 4967 onasi Munisa Nazarova nomida

UzCard: 8600 0610 5550 9532 onasi Munisa Nazarova nomida

Manzil: Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Ariqusti mahallasi 67-uy. 

Oqqon – hayotimdagi eng dahshatli narsa

“Bolam bu kasalga chalinganini eshitganimda qattiq qo‘rqib ketdim. Oqqon hayotimdagi eng dahshatli narsa, deb o‘ylayman. Kecha-yu kunduz ko‘zimdan yosh arimay qoldi. Bolam boshqa bolalarga o‘xshab maktabga borgisi keladi. O‘rtoqlarini ko‘rganda ular qatorida bo‘lgisi kelib yig‘laydi. Uni ko‘rib ezilib ketaman. Katta o‘g‘lim Surxondaryoda buvisi bilan qolgan. Uyam bizni sog‘inadi”, — deya kuyinadi Boburning onasi Navro‘za Ochilova.

Oila boshlig‘i kunlik yollanma ishlarni bajarib ro‘zg‘or tebratadi. Bu bilan esa bemor farzandining parvarishi va dorilarini yetkazib berish mushkul.

Bobur Muhammadiyevga oid ma’lumotlar:

HUMO: 9860 0801 5114 9699 onasi Navro‘za Ochilova nomida

VISA: 4602 9400 1663 5097 onasi Navro‘za Ochilova nomida

Manzil: Samarqand viloyati, Urgut tumani, G‘ishtmachit qishlog‘i 9-uy.

Bir o‘zimga 3 bemor…

Odinabonu 2013 yildan beri xastalik bilan kurashib keladi. Unga "Nasliy gemolitik anemiya B-talassemiya" tashxisi qo‘yilgan. Shu tufayli qizcha 5 yoshida og‘ir operatsiyani boshdan kechirdi – talog‘i olib tashlandi.

“Ijarama-ijara yashab yurganimizda otam vafot etib onam yolg‘iz qoldi. Shundan keyin onamnikida yashab kelyapmiz. Turmush o‘rtog‘im 2-guruh nogironi, onam esa 1-guruh nogironi. Bir o‘zim 3 bemorga qarashga majburman. Birini qo‘yib birini davolataman”, — deydi bemorning onasi Dildora.

“Kasalxonaga borgim kelmaydi. Qon olishni yomon ko‘raman, mazam qochadi: isitmalayman, sovqotaman. Onam yig‘laydi... Hech kim kasal bo‘lmasligini xohlayman”, — ko‘zyoshlarini to‘xtatolmay yig‘laydi qizaloq.

Odinabonu Abdulhamidovaga oid ma’lumotlar:

UzCard: 8600 0417 5774 5667 onasi Dildora Abdusamatova nomida

HUMO: 9860 0101 2775 4363 opasi Diyora Abdulhamidova nomida

Manzil: Sirdaryo viloyati, Xovos tumani, Xovosobod mahallasi 2-uy.

Xasta bolalari bilan ko‘zida yosh aylanayotgan onalar har qanday madaddan umidvor. Xoh moddiy yordam, xoh duolar bilan ularning mushkuli oson bo‘lishida ko‘makchilar oramizda juda ko‘p.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi — G‘iyos Safarov

Mavzuga oid