Foto: AQSh va Kanadada misli ko‘rilmagan qahraton
Amerikaning turli shtatlarida qor bo‘ronlari tufayli millionlab kishilar elektr energiyasisiz qoldi, minglab reyslar bekor qilindi. O‘nlab kishilar halok bo‘lgan.
Qattiq sovuq va kuchli yog‘ingarchilik olib kelgan kuchli qish bo‘ronlari 250 mln aholiga ega Qo‘shma Shtatlarning aksar aholisi (uchdan ikki qismi) istiqomat qiladigan katta hududlarini qamrab oldi.
NBC News xabariga ko‘ra, noqulay ob-havo sharoitlari tufayli AQShning turli shtatlarida 28 kishi halok bo‘lgan. Jumladan, Oklahoma, Kentukki, Missuri, Tennessi, Viskonsin, Kanzas, Nebraska, Ohayo, Nyu-York, Kolorado va Michigan shtatlarida o‘lim holatlari yuz bergan.
AQSh va Kanadani qamrab olgan «Elliott» bo‘roni 21 dekabr kuni boshlandi. AQSh Milliy meteorologiya xizmatining ma’lum qilishicha, bunday ekstremal hodisalar bir avlod hayotida bir bor yuzaga keladi. Shtorm Kanada bilan chegara yaqinidagi Buyuk ko‘llardan Meksika chegarasidagi Rio-Grande daryosi bo‘ylariga qadar tarqalgan. Harorat keskin tushib ketishi, qor bo‘ronlari, kuchli shamollar va muzlash tufayli ko‘plab yo‘l-transport hodisalari ro‘y bermoqda. Bundan tashqari, elektr uzatish tizimi jiddiy jabr ko‘rmoqda. 24 dekabr kuni AQShda qariyb 8 ming aviareys kechiktirilgan, yana 3 mingdan ortiq aviareyslar bekor qilingan.
AQSh shimoli-sharqidagi bir qator shtatlarda 200 mingga yaqin kishi elektr ta’minotidan uzilgan, PowerOutage.us servisi ma’lumotiga ko‘ra, shundan 100 ming kishi — Men shtatida. Pik vaqtda 1,6 million iste’molchi toksiz qolgan.
Nyu-York va AQShning shimoliy-sharqida yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi ikkita kommunal kompaniya mijozlarni navbatdagi o‘chirishlar yuzaga kelmasligi uchun elektr energiyasini tejashga chaqirgan. Texasda harorat keskin pasayishi tufayli rekord darajadagi talab fonida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun AQSh energetika vazirligi favqulodda vaziyat e’lon qilgan.
Qish bo‘ronlari tufayli AQShda gaz qazib olish kamaygan. 23 dekabr kuni qazib olish hajmi bir kun oldingiga nisbatan 10 foizga kam bo‘lgan — gaz tashish trubalari muzlab qolgan. Bloomberg xabariga ko‘ra, bu AQShda gaz qazib olish bo‘yicha bir kun ichidagi eng yirik pasayishdir.
AQSh Milliy meteorologiya xizmati prognoziga ko‘ra, 25 dekabr kuni ham qishki shtorm davom etadi, ammo uning kuchi biroz pasayishi kutilmoqda.
Kanadaning ham katta hududi qishki shtorm hukmi ostida qolgan.
Ontario va Kvebekda kuchli muzlashlar yuz minglab kishilar istiqomat qiluvchi uylarda elektr o‘chishiga olib kelgan.
Kanadaning katta hududi - Britaniya Kolumbiyasidan Nyufaundlendgacha - kuchli sovuq sharoitida qolgan. Aholi ob-havo yanada yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirilmoqda.
CBS reportyori Den Berritt Vankuverdagi vaziyatni shunday tasvirlaydi:
«Bizda qor yog‘moqda, bizda muzli yomg‘ir yog‘moqda, butun hudud bo‘ylab do‘l yog‘moqda. Aholi harakatlanishga juda qiynalmoqda, ko‘plab avtobus yo‘nalishlari xizmat ko‘rsatmayapti, ko‘priklar yopilgan, metro endi juda sekin ishlamoqda», degan muxbir va ko‘plab avtomobil egalari hali qishki shinalar o‘rnatmaganini qo‘shimcha qilgan.
Mavzuga oid
17:05
AQShda so‘nggi 4 yilda 749 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi
15:04
Davlat departamenti AQSh fuqarolarini Belarusni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
12:27
O‘zi ovqatlantirib, o‘zi tozalaydi: qushlar uchun aqlli qafas taqdim etildi
22:10 / 23.12.2024