Jahon | 09:52 / 26.12.2022
5601
3 daqiqa o‘qiladi

Nepalda isyonchilarning sobiq yetakchisi bosh vazir bo‘ldi

Prachanda nomi bilan tanilgan Pushpa Kamal Dahal parlament quyi palatasi a’zolarining yarmidan ko‘pi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. U 26 dekabr kuni qasamyod qilishi kutilmoqda.

Pushpa Kamal Dahal / Foto: Reuters

Sobiq kommunistik isyonchilar yetakchisi Pushpa Kamal Dahal Nepalning yangi bosh vaziri bo‘ldi. Bu haqda 25 dekabr, yakshanba kuni prezident Bidxya Devi Bxandarining idorasida ma’lum qilindi. Siyosatchi 26 dekabr kuni qasamyod qilishi kutilmoqda.

Dahal Prachanda nomi bilan tanilgan. 68 yoshli siyosatchi uchinchi marta Nepal hukumatini boshqaradi. U Vakillar palatasi – parlament quyi palatasining 275 nafar deputatidan 169 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Rasmiy ravishda, Dahal hali ishonch votumini olmagan.

Kommunistik isyonchilar sobiq yetakchisining bosh vazir etib tayinlanishi mamlakat uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Dahal boshchiligidagi Nepal Kommunistik partiyasi (maoistlar markazi) noyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida 275 o‘rindan atigi 32 tasini qo‘lga kiritib, uchinchi o‘rinni egalladi. Siyosatchini bir qancha boshqa partiyalar va mustaqil nomzodlar qo‘llab-quvvatlamoqda. Dpa agentligiga ko‘ra, bu hukumat tez-tez o‘zgarib turadigan mamlakatdagi siyosiy beqarorlikni kuchaytirishi mumkin, chunki yangi bosh vazir ko‘plab hamkorlarni birlashtirishi kerak bo‘ladi.

Dahal dehqon oilasida tug‘ilgan va siyosatga kirishdan oldin o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. U 1996-2006 yillarda, kommunistlar monarxiyaga barham berishga uringan Nepal fuqarolar urushi davrida yetakchilardan biri edi. Natijada 17 mingga yaqin odam halok bo‘ldi. Urush tugaganidan ikki yil o‘tgach, hind monarxiyasi ag‘darildi. 2008-2009 va 2016-2017 yillarda Dahal respublikada bosh vazir lavozimida ishlagan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Nepal dunyodagi eng kam rivojlangan davlatlardan biridir. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu mamlakatda 2021 yilda taxminan 1200 AQSh dollarini (1130 yevro) tashkil etgan.

Vakillar palatasining 275 nafar a’zosini saylagan Nepaldagi umumiy saylovlar u yerda strategik va iqtisodiy manfaatlarga ega bo‘lgan qo‘shni Xitoy va Hindistonda yaqindan kuzatildi. Xitoy «Yangi Ipak yo‘li» tashabbusi doirasida Nepalda loyihalarni amalga oshirishni va shu tariqa mamlakatni o‘zi bilan, xususan, Lxasdan Katmandugacha bo‘lgan yangi temiryo‘l aloqasi orqali yanada mustahkam bog‘lashni rejalashtirmoqda. Hindiston, o‘z navbatida, hind aholisi ko‘p bo‘lgan Nepalga an’anaviy tarzda siyosiy kuch sifatida qaraydi va o‘zaro chambarchas bog‘liqlikka intiladi.

Mavzuga oid